Falastin BMT Xavfsizlik kengashidan Isroilning shiddatli hujumiga uchragan G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilishga chaqirdi.
Bu haqda Falastinning WAFA axborot agentligi xabar berdi.
Falastinning BMTdagi doimiy vakili Riyod Mansur tegishli bayonot bilan chiqdi.
«Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi va Bosh assambleyasi, shuningdek, tinchlik tarafdori bo‘lgan barcha davlatlar Falastin xalqi va butun mintaqa, shuningdek, xalqaro miqyosda katta xavf tug‘dirayotgan Isroil terrori, o‘lim va vayronagarchiliklarini to‘xtatish uchun zudlik bilan chora ko‘rishlari kerak», deyiladi murojaatda.
Isroilning G‘azo sektorida 7 oktyabrdan beri davom etayotgan tajovuzi qurbonlari soni 39 790 kishiga yetdi. Falastin eksklavining yana 92 ming aholisi jarohat oldi. Halok bo‘lganlar orasida 16 314 nafar bola va 10 980 nafar ayol bor.
Halok bo‘lganlarning jasadlari hamon binolar vayronalari ostida va yo‘l chetlarida qolmoqda. Tez yordam va fuqarolik mudofaa guruhlari Isroil kuchlarining to‘siqlari tufayli ularga yetib bora olmayapti, deya qo‘shimcha qildi idora.