Braziliyada ATR-72 (PS-VPB) o‘rta masofaga mo‘ljallangan turbovintli yo‘lovchi samolyotining qulashiga qanotlarda muz hosil bo‘lishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda VOEPASS Linhas Aéreas operatsion direktori Marsel Mora ma’lum qildi. Uning 10 avgust kuni aytgan so‘zlarini AFP nashri keltirgan.
Mashina voqea sodir bo‘lishidan bir kun oldin rejalashtirilgan texnik ko‘rikdan o‘tkazildi, o‘shanda «texnik muammolar» aniqlanmadi, deya qo‘shimcha qildi u. Ob-havo sharoiti «parvoz uchun maqbul parametrlar doirasida» edi, dedi Mora. Biroq, bunday turdagi samolyot odatda muzlash ehtimoli yuqori bo‘lgan balandliklarda reyslarni amalga oshiradi, deya aniqlik kiritdi ekspert.
Samolyot 2010 yildan beri foydalanilgan va aviatsiya standartlariga javob bergan. Milliy fuqaro aviatsiyasi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, barcha to‘rt ekipaj a’zosi parvozlar uchun ruxsatnoma olgan.
CENIPA mutaxassislari bort yozuvlari ma’lumotlarini o‘rganyapti
Braziliyaning aviahalokatlarni tekshirish va oldini olish markazi (CENIPA) halokat sabablarini o‘rganishga kirishdi. Uning Braziliyadagi mutaxassislari samolyot vayronalaridan topilgan ikkita bort yozuvchi qurilma ma’lumotlarini tahlil qilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, samolyot radarlardan g‘oyib bo‘lgunga qadar ekipaj hech qanday favqulodda vaziyat haqida e’lon qilmagan.
San-Paulu shtati rasmiylari halokat joyidan 50 nafar jasad olib chiqib ketilgani, ikkining shaxsi barmoq izlari orqali aniqlangani haqida xabar berdi.
62 kishi halok bo‘lgan
Braziliya janubidagi Kaskavela (Parana shtati)dan mamlakat janubi-sharqidagi Guarulyus xalqaro aeroporti (San-Paulu shtati)ga 2283-reysni amalga oshirgan ATR-72 (PS-VPB) samolyoti 9 avgust kuni halokatga uchradi. Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, 62 kishi halok bo‘lgan - bortdagi barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari.
Ularning barchasi Braziliya fuqarolari, bir nafari Portugaliya fuqaroligiga ham ega bo‘lgan, deya xabar beradi ushbu mamlakat TIV.
Hodisa San-Pauludan 70 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan Vinedu shahrida sodir bo‘ldi. Samolyot turar joy hududi joylashgan tumanga qulagan, biroq AP agentligi guvohlarga tayanib, mahalliy aholi orasida qurbonlar yo‘qligini xabar bergan. Braziliyada uch kunlik motam e’lon qilindi.
Gap Nepalda Yeti Airlines aviakompaniyasiga tegishli, bortida 72 kishi bo‘lgan ATR-72 samolyoti halokatga uchragan 2023 yil yanvaridan beri eng jiddiy aviahodisa haqida ketyapti. Tekshiruv halokatga uchuvchi xatosi sabab bo‘lganligi aniqlangan.