Belarus qurolli kuchlari mexanizatsiyalashgan brigadalaridan birining tanklari Ukraina bilan chegaraga joylashtirilmoqda, deb xabar qildi Belarus Mudofaa vazirligi matbuot xizmati 11 avgust, yakshanba kuni. «Mexanizatsiyalashgan birlashmalardan birining bo‘linmalari o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga tayyor, harbiy xizmatchilar temiryo‘l transportiga harbiy texnika yuklamoqda va belgilangan hududlarga birlashgan holda yurishni boshladi», — deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida. Belarus Mudofaa vazirligi, shuningdek, temiryo‘l platformalarida tanklar suratlari va yuklash uskunalari videosini e’lon qildi.
Bir kun avval Belarus mudofaa vaziri Viktor Xrenin Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya Kursk viloyatida uyushtirgan hujumi fonida Ukraina bilan chegaradosh hududlarda qo‘shinlar guruhlanishi kuchaytirilganini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, Gomel va Mozir viloyatlariga maxsus operatsiyalar kuchlari, quruqlik va raketa qo‘shinlarining harbiy bo‘linmalari, shuningdek, «Polonez» reaktiv tizimlari va «Iskander» komplekslari yuboriladi. «Radiotexnik qo‘shinlar va aviatsiya kuchlari ham shakllantirildi», dedi Xrenin jurnalistlarga.
Ukraina chegara xizmati Belarusda texnika harakatini kuzatmayapti
Ukraina Davlat chegara xizmati Belarus bilan chegaradosh hududlarda texnika harakati hozircha kuzatilmaganini bildirdi. «Ayni paytda biz chegaramiz yaqinida na jihozlar, na xodimlar harakatini qayd etmayapmiz, ehtimol, bu axborot ta’sirining bir qismi sifatida Belarus Ukraina bilan chegarada tegishli foto va video-materiallarni olishga majbur bo‘ladi», - dedi Davlat chegara xizmati rasmiy vakili Andrey Demchenko telemarafonda.