Bayden prezidentlik muddati tugaguniga qadar G‘azoda sulhga erishmoqchi

Jahon 14:52 / 12.08.2024 1594

AQSh prezidenti Jo Bayden blokadadagi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga prezidentlik muddati tugaguniga qadar erishilishi mumkinligini aytdi

«Ha, bu hali ham amalga oshishi mumkin», - dedi Bayden CBS telekanaliga bergan intervyusida jurnalistning muddati tugashidan oldin G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish mumkinmi, degan savoliga javob berar ekan. 

Amerika rahbari fikricha, «uning BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan rejasi hali ham dolzarb ahamiyatga ega». 

Baydenning aytishicha, jamoasi «vaziyat mintaqaviy urushga aylanib ketmasligi» uchun harakat qilmoqda. 

Bayden 31 may kuni uch bosqichli o‘t ochishni to‘xtatish rejasini e’lon qildi va u Isroil taklifi ekanini ta’kidladi. Reja doimiy otashkesim, Isroilning butun G‘azodan chiqib ketishi, garovga olingan va ushlanganlar ozod etilishi, ko‘chirilgan falastinliklar G‘azoga qaytishi, insonparvarlik yordamlari uzluksiz va yetarli darajada yetkazilishi, G‘azoni qayta qurish kabilardan iborat edi. 

Keyinchalik Netanyahu asirlarni almashish bo‘yicha muzokaralar yuzasidan yangi shartlarni ilgari surdi. Bu shartlar orasida «janubdan shimolga qurollangan falastinliklarning qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik va Isroil armiyasini G‘azo sektori va Misr o‘rtasidagi chegaradagi Filadelfiya koridorida saqlash» kiradi. 

8 avgust kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda AQSh, Misr va Qatar Isroil va Hamasni 15 avgust kuni Qohira yoki Dohada G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va asirlar almashinuvi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi.

Ko‘proq yangiliklar: