Turkiyada rasmiylar talablarini qondirishga va’da bergan Instagram ijtimoiy tarmog‘i ishiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlandi.
Ijtimoiy tarmoqning blokdan chiqarilishi haqida 10 avgust kuni transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir O‘rolo‘g‘li ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Instagram hukumat talablarini qondirishga va foydalanuvchilarga nisbatan qo‘yiladigan senzura borasida birgalikda ishlashga va’da bergan.
«Biz boshidanoq ijtimoiy media platformalari respublika qonunlarini hurmat qilishini xohlagan edik», deb qo‘shimcha qildi O‘rolo‘g‘li.
Dunyo bo‘ylab resurslar faoliyatini nazorat qiluvchi Netblocks loyihasi turk provayderlari tomonidan Instagram bosqichma-bosqich tiklanayotganini qayd etdi.
Turkiya 57 million Instagram foydalanuvchisiga ega va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Hindiston, AQSh, Braziliya va Indoneziyadan keyin dunyoda beshinchi o‘rinda turadi.
Turkiyada Instagram 2 avgust kuni bloklandi. Mahalliy OAV taxminiga ko‘ra, bu qarorga HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya o‘limiga bildirilgan ta’ziyalarning o‘chirilishi sabab bo‘lgan. Bir kun avval Turkiya prezidenti ma’muriyatining aloqa bo‘limi rahbari Fahrettin Altun Instagram platformasining bunday harakatlarini qoralab, ularni senzuraga urinish deb atagan edi.