Tijoriy aviatsiya bor kuchi bilan iqlim o‘zgarishiga ta’sirini kamaytirishga urinmoqda va ayni vaqtda u 2025 yilga qadar atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar miqdorini nolga tushirish imkoniyatga ega emas. Ekogolik aviatsiya yonilg‘isi yetarlicha tez ishlab chiqarilmaydi va aftidan, reaktiv dvigatellar va turbovintli samolyotlar uchun muqobil variant kam.
Maummolardan biri shundaki, samolyotlarni elektrlashtirish oson emas va mazkur yo‘nalishda elektr energiyasida parvoz qiluvchi yo‘lovchi samolyotlari reallikka aylangunga qadar akkumulyator batareyalar texnologiyasi rivojlanishi kerak, degan qarashlar mavjud.
Ammo Niderlandiyaning Elysian startapi 90 nafar yo‘lovchini 500 mil (805 kilometr)ga tashishga qodir elektr energiyasida parvoz qiluvchi samolyotni yaratish rejasini taqdim etib, yuqoridagi farazlarga qarshi bormoqda. Kompaniya yaqin o‘n yillikda shu kabi samolyotlarda tijoriy parvozlarni boshlashni reja qilgan.
«To‘g‘ri tanlovni amalga oshira olsangiz, akkumulyatorlarga ega elektr samolyotlar orqali aksariyat tadqiqotlar tasdiqlaganidan ko‘ra uzoqroqqa ucha olasiz», — deydi kompaniyaning loyihalashtirish va injiniring bo‘yicha direktori Reynard de Vris.
Noodatiy dizayn
E9X nomini olgan samolyot faqat qog‘ozda mavjud — Elysian to‘liq o‘lchamli modelni ikki-uch yilda, prototipni esa 2030 yilga qadar yig‘ishni rejalashtirmoqda. Ammo uning asosiy konstruktiv o‘ziga xosligi hozirdan ma’lum va birmuncha hayratlanarli. «Elektr samolyotlar bugungi kun samolyotlariga o‘xshash bo‘ladi deb o‘ylash kerak emas», — deydi Vris. Uning qo‘shimcha qilishicha, elektr samolyotlar yengil mintaqaviy turbovintli samolyotlarning elektrlashtirilgan versiyalari bo‘lishi kerak degan xato qarash mavjud.
Vrisning aytishicha, bu parvoz davomiyligini cheklab, 60 mildan oshirmaydi. «Qilishingiz kerak bo‘lgan birinchi ish uni noldan, oq qog‘ozdan boshlab loyihalashtirishdir. Natijada siz vazn nisbati bo‘yicha, masalan, 1960 yillarning eski reaktiv samolyotlariga o‘xshash uchoqqa ega bo‘lasiz», — deydi u.
E9X sakkizta vintli dvigatelga ega bo‘ladi va qanotlari kengligi 42 metrga yetadi — bu Boeing 737 yoki Airbus 320 nikidan ham katta demak. Shuningdek, havo kemasi yupqa fyuzelyaj bilan jihozlanadi, bu orqali uning aerodinamik texnik tavsiflari yaxshilanadi.
Ushbu ixtiro Niderlandiyadagi eng yirik texnika universiteti Delft texnologiyalar universiteti bilan hamkorlik natijasi bo‘lib, uning tamoyillari De Vris va Rob Vollesvinkel muallifligida yozilgan «Akkumulyator-elektr aviatsiyaga yangicha qarash» nomli ilmiy maqolada tushuntirib berilgan.
Asosiy tamoyillardan biriga ko‘ra, batareyalar fyuzelyajga emas, qanotlarga joylashtiriladi.
45 daqiqada tayyor bo‘ladi
Konstruksiyaning ma’lum boshqa elementlari orasida shassini samolyot korpusiga emas, qanotlariga joylashtirish o‘rin olgan. De Vrisga ko‘ra, mazkur samolyotning iqlimga salbiy ta’siri zamonaviy tor fyuzelyajli samolyotlar bilan taqqoslaganda 75-90 foizga kam bo‘ladi, bunda hatto akkumuyator va elektr energiyaning ishlab chiqarilishi ham hisobga olingan.
E9X hozirgi aeroportlarning infratuzilmasidan kelib chiqib, biror modernizatsiya yoki o‘zgartirishni nazarda tutuvchi ortiqcha xarajatlarsiz yaratiladi. Ammo akkumulyatorlarni quvvatlantirish zarurati tufayli ish vaqti cho‘zilishi mumkin. «Maqsadimiz — quvvatlantirish uchun maksimum 45 daqiqa, bu ayrim aviakompaniyalar, ayniqsa, kamchiqim operatorlar o‘rgangan vaqtdan biroz ko‘proq. Biroq bu eng yuqori chegara — o‘rtacha vaqt yarim soat atrofida bo‘ladi», — deydi de Vris.