«Asosiysi - Trampni yengish va demokratiyani qutqarish». Bayden prezidentlik poygasidan chiqishini izohladi

Jahon 22:21 / 11.08.2024 7797

Jo Bayden prezidentlik poygasidan chiqish to‘g‘risidagi qaroridan keyingi ilk intervyusida aytishicha, Demokratik partiya o‘zining asosiy vazifasini bajarishiga xalal bermaslik uchun saylovdan nomzodini olishga qaror qilgan. Uning fikricha, bu vazifa — Donald Trampni yengish va AQShda demokratiyani saqlab qolish edi.

Prezident Bayden bilan intervyu yakshanba kuni Amerikaning CBS telekompaniyasi ertalabki dasturi efirida namoyish etildi.

«So‘rovlar ko‘rsatdiki, biz tengma-teng ketayotgandik, kurash oxirgi pallagacha davom etgan bo‘lardi, — degan Bayden. — Ammo, Vakillar palatasi va Senatdagi ko‘plab demokrat hamkasblarim poygada ularga zarar yetkazishim haqida o‘yladilar. O‘zim ham poygada qolishim uning mavzusiga aylanishidan xavotirda edim. Bu [Kongress kampaniyasiga soya soladigan] masala bo‘lardi. Siz mendan „nima uchun Nensi Pelosi shunday dedi“, „nima uchun unday bo‘ldi“ deb so‘rab, intervyu olgan bo‘lardingiz. Va men bu odamlarni chalg‘itadi deb qaror qildim. Bu birinchisi».

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi mulohaza shunda ediki, u birinchi muddatining boshidayoq «o‘tish davri prezidenti» bo‘lish va estafetani keyingi avlod vakili bo‘lgan kimgadir topshiraman deb o‘ylagan.

«Men uchun eng muhim vazifa oldingidek — va men hazillashmayapman — demokratiyani saqlab qolish, — deya davom etgan Bayden. — Shunday qilib, prezident bo‘lish katta sharaf bo‘lsa ham, men mamlakat oldida burchim borligiga ishonaman — qilish mumkin bo‘lgan eng muhim ishni qilish, bu muhim ish esa — biz Trampni mag‘lub etishimiz shart, shart, shart!»

Jo Bayden 24 iyul kuni, prezidentlik poygasidan chiqish haqda e’lon qilgan millatga murojaati vaqtida ham demokratiyani qutqarish zarurati haqida gapirgandi.

Noyabr oyida 82 yoshda bo‘ladigan Jo Bayden CBS uchun intervyusida «qanchalik qari ekanini ham ayta olmasligi»ni bildirgan, shu bilan birga, o‘z holatini mutlaqo normal deb baholashini ta’kidlagan.

Iyun oyida Trampga qarshi kechgan debat (shundan keyin Demokratik partiyaning ko‘plab yetakchi arboblari Baydenni saylovda ishtirok etish fikridan qaytara boshlagandi) borasida prezident u o‘shanda shunchaki qattiq toliqqani va qolaversa kasal bo‘lib qolgani haqidagi gapini takrorlagan.

Bayden CBS jurnalistiga Respublikachi partiyaning nomzodi aytayotgan gaplar Tramp g‘alaba qozongan taqdirda AQShda demokratiya taqdiridan jiddiy xavotir olishga majbur qilishini ta’kidlagan.

U Tramp 2021 yil 6 yanvarida Kapitoliyni shturm qilganlarning barchasini qamoqxonalardan chiqarib yubormoqchi ekanini eslatgan.

«U ularni afv etmoqchi. Bu haqda o‘ylab ko‘ring. Avval Ku-kluks-klan a’zolari o‘zlarini tanitmaslik uchun kapyushon kiyib yurishgan. Tramp prezidentligi davrida ular soyadan chiqishdi, kapyushonlarini yechishdi, chunki ular Oq uyda ittifoqchisi borligini bilardi. Va u ham ularning tarafini oldi», — degan Bayden.

Amaldagi prezident agar noyabrda Tramp yutqazadigan bo‘lsa, hokimiyat o‘tkazilishi tinch va osoyishda o‘tishi bilan yakunlanishiga ishonchi komil emas. Tramp barcha dalillarga qaramay, hozirgacha oldingi saylovlarda yutqazganini tan olmay keladi.

«U nimani gapirayotganini yaxshi biladi. Biz buni jiddiy qabul qilmaymiz, u esa jiddiy gapirmoqda. Uning bu chiqishlarining barchasi „agar biz yutqazsak, qon to‘kilishi bo‘ladi“ qabilida», — deydi Bayden.

Baydenning fikricha, Tramp va uning ittifoqchilari, davlat va jamiyat institutlarini mensimaydi, holbuki aynan ular demokratiya asoslaridir.

„Qon to‘kilishi“ haqidagi so‘zlari uchun Donald Tramp bunda o‘zi mag‘lubiyatga uchraydigan taqdirda AQSh iqtisodiyotida yuzaga keladigan vayrongarchilikni nazarda tutganini aytgan.

Ko‘proq yangiliklar: