AQSh Maduroning iste’fosi evaziga uni amnistiya qilishi mumkin – OAV

Jahon 19:13 / 11.08.2024 4513

AQSh maxfiy muzokaralar davomida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning bosh yordamchilariga 2025 yil yanvarida vakolat muddati tugagunga qadar iste’foga chiqishi evaziga amnistiya taklif qildi. Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Gap Venesuela prezidentiga nisbatan Qo‘shma Shtatlarni kokain bilan to‘ldirishga qaratilgan fitnaga aloqadorlik ayblovi olib tashlanishi haqida ketmoqda. AQSh Adliya vazirligi Maduro va Venesuela hukumatining boshqa amaldorlariga nisbatan ayblovni 2020 yilda e’lon qilgan.

Manbalarga ko‘ra, Vashington Maduro va boshqa amaldorlarni jinoiy javobgarlikka tortilmasligi va ekstraditsiyasini talab qilmasligini ta’minlashga tayyor. 2020 yilda AQSh hukumati Maduroni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 15 million dollar mukofot taklif qilgan edi.

AQSh amnistiyani taklif qilmoqda, chunki Maduro iyulda o‘tgan prezidentlik saylovida mag‘lub bo‘lganiga ishonchli dalillar borligiga ishonadi, deb xulosa qildi WSJ suhbatdoshlari.

AQSh avvalroq ham Maduroga muddatidan oldin iste’foga chiqishi evaziga amnistiya taklif qilgan edi. Keyin bu faktni Davlat departamentining Venesuela bo‘yicha maxsus vakili Elliot Abrams tasdiqladi. «Biz sizni ta’qib qilishni xohlamaymiz. Biz sizni hokimiyatdan ketishingizni istaymiz», dedi u Venesuela prezidentiga murojaat qilib.

Venesuelada prezidentlik saylovi 28 iyul kuni bo‘lib o‘tdi va yakuniy natijalari hali e’lon qilinmagan. 2 avgust kuni Venesuela Milliy saylov kengashi (MSK) yangilangan ma’lumotlarni e’lon qildi, unga ko‘ra, 96,87 foiz ovozlar sanab chiqilganidan so‘ng, Maduro 51,95 foiz ovoz olgan. Uning asosiy raqobatchisi, «Demokratik unitar platforma»dan nomzod Edmundo Gonsales Urrutia 43,18 foiz olgan. Venesuela rasmiylari hakerlik hujumi tufayli saylov natijalari bo‘yicha 100 foiz ma’lumot uzatishning iloji yo‘qligini aytdi. Agar saylov natijalari tasdiqlansa, Maduro uchinchi muddatga, 2031 yilgacha hokimiyatda qoladi.

AQSh Venesueladagi saylov natijalari xalq irodasini aks ettirmasligidan xavotir bildirdi va natijalar sanab o‘tilgandan keyin mamlakatga qarshi sanksiyalar qo‘llanishini istisno etmadi. Boshqa davlatlar, jumladan bir qancha Lotin Amerikasi davlatlari ham saylov natijalarini tan olmadi.

Ko‘proq yangiliklar: