Iroq tashqi ishlar vaziri Fuad Husayn sentabr oyida AQShga safar qiladi. Uning tashrifi davomida Iroq hududidan IShID terrorchilik guruhiga qarshi kiritilgan xalqaro koalitsiya qo‘shinlari olib chiqilishi boshlangani rasman e’lon qilinadi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib Tasnim xabar berdi.
«Iroq Tashqi ishlar vazirligi rahbari va AQSh davlat kotibi matbuot anjumani o‘tkazib, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning Iroqdagi missiyasi yakunlangani haqidagi bayonotni o‘qib berishadi», deyiladi agentlik xabarida.
Manbalarga ko‘ra, Iroq Kurdistoni bundan mustasno, xalqaro kuchlarni mamlakatdan olib chiqish 2025 yil sentabr oyida boshlanadi. Harbiylar Iroq Kurdistonini, kutilganidek, qo‘shinlar olib chiqilishi boshlanganidan atigi bir yil o‘tib – 2026 yil sentabrida tark etadi.
Iyul oyi oxirida The National nashri manbalarga tayanib, Qo‘shma Shtatlar koalitsiya tarkibida xizmat qilgan harbiy xizmatchilarning bir qismini Iroqdan olib chiqib ketishga rozi bo‘lganini xabar qildi.
Biroq, yaqinda Iroq g‘arbidagi «Ayn al-Asad» aviabazasiga raketa hujumi uyushtirildi. Hujum Yaqin Sharqda yuzaga kelgan keskinlik fonida yuz berdi. Hodisaning koalitsiya kuchlari bilan bog‘liq vaziyatga qanday ta’sir qilishi noaniq.