Kosmik chiqindilarni kuzatish bilan shug‘ullanuvchi ayrim tashkilotlarning ma’lum qilishicha, Xitoyning Long March 6A raketasi past Yer orbitasida parchalanib, yuzlab bo‘laklardan iborat kosmik chiqindini hosil qilgan.
Raketa 6 avgust kuni Tayyuan kosmodromidan 18 ta G60 sun’iy yo‘ldoshlarini orbitaga olib chiqish uchun uchirilgan — bu Spacecom kompaniyasining «Ming yelkan» sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari guruhiga kiruvchi birinchi parvoz edi. Ushbu loyihaga ko‘ra jami 1296 ta sun’iy yo‘ldosh orbitaga uchiriladi. SpaceX kompaniyasining Starlink sun’iy yo‘ldoshlariga raqobatchi sifatida qaralayotgan Spacecom doirasida 14 mingga yaqin sun’iy yo‘ldosh uchirilishi mumkin.
Shanghai Spacecom Satellite Technology sodir bo‘lgan voqea yuzasidan CNN’ning so‘roviga javob qaytarmagan. AQSh kosmik qo‘mondonligi, Mudofaa vazirligi bo‘linmasi raketaning parchalanib ketganiga oid faktni tasdiqlagan.
«USSPACECOM hech qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdidlarni aniqlamadi va kosmik sohaning xavfsizligi hamda barqarorligini ta’minlash uchun muntazam rejali baholashni davom ettirmoqda», — deydi AQSh Kosmik qo‘mondonligi vakili.
AQSh Kosmik qo‘mondonligi raketa qoldiqlarini kuzatishni va ma’lumotlarni NASA’ga taqdim etishni davom etmoqda. «Ushbu holat natijasida bevosida Xalqaro kosmik stansiyaga xavf kuzatilmayapti», — deydi NASA xodimi Rob Margetta.
Slingshot ma’lumotlariga ko‘ra, raketa Yerdan 810 kilometr balandlikda parchalanib ketgan, «uning qoldiqlari esa past Yer orbitasida xavf tug‘dirishi mumkin». Xalqaro kosmik stansiyasi Yerdan 408 kilometr balandlikda aylanadi.
Buffalo universiteti Muhandislik va amaliy fanlar maktabi professori Jon L.Krassidisning ta’kidlashicha, parchalanish sodir bo‘lgan balandlikdan kelib chiqiladigan bo‘lsa, raketa qoldiqlari bir necha yil davomida o‘z joyida qolib ketadi.
LeoLabs marketing va kommunikatsiya direktori o‘rinbosari Viktoriya Xitga ko‘ra, bu past Yer orbitasida raketa korpusining parchalanib ketishiga bog‘liq ikkinchi holat. Qayd etilishicha, 2022 yil 12 noyabrda Long March 6A raketalaridan birining korpusi past Yer orbitasida portlab ketgan. Natijada 500 bo‘lakdan ortiq kosmik chiqindi paydo bo‘lgan.