AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning samolyoti texnik nosozlik tufayli Montana shtatining Bozmen shahriga qo‘na olmadi, deb xabar berdi CBS News.
Qayd qilinishicha, Bozmenda respublikachilar mitingini o‘tkazish rejalashtirilgan edi, biroq samolyot manzildan 150 mil uzoqlikda joylashgan Billingsga qo‘ndi.
Billings aeroporti samolyot muvaffaqiyatli qo‘nganini ma’lum qildi. So‘ngra sobiq prezident boshqa samolyotda Bozmenga yo‘l oldi. Nosozlikning tabiati haqida ma’lumot oshkor etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pensilvaniya shtati Batler shahrida bo‘lib o‘tgan mitingda Trampga suiqasd uyushtirilgan, oqibatda u o‘ng qulog‘idan yaralangan edi.