Kanadada 40 yoshli muhandis Uilyam Xuey Vankuverdan Meksikaning Tixuana shahriga faqat jamoat transporti va poyezdlar orqali yetib borish maqsadida yo‘lga chiqdi.
Xueyning aytishicha, safar bo‘yicha uning bir nechta qoidasi bo‘lgan xolos: Greyhound avtobuslari va Amtrak poyezdlaridan foydalanish taqiqlangan, avtobus bekatlari orasida yuriladigan piyoda masofa minimumga tushirilgan.
«Safarning biror bosqichida bir avtobus bekatidan ikkinchisiga qadar 15 daqiqadan ortiq yurmadim», — deydi BBC’ga bergan intervyusida. «Turli xizmatlarning, ayniqsa, qishloq joylarda o‘zaro bog‘liqligini kuzatish shunchaki ajoyib», — deya qo‘shimcha qiladi u.
Ta’kidlanishicha, bu Xueyning ilk noodatiy safari emas. 2013 yilda u Vankuverdan janubiy yo‘nalishda imkon qadar uzoqqa borishga harakat qilgan, biroq Oregon shtatining Seylem shahriga qadar yetib borgan. «Men uzoqroqqa borishni xohlagan edim, ammo Oregondan Kaliforniya markazigacha tranzit qatnovi deyarli yo‘q edi», — deydi muhandis.
Ammo joriy yil boshida u Kaliforniya shimolidagi Yurika shahrini San-Fransiskodan ikki soatlik uzoqlikda joylashgan Yukayya bilan bog‘lovchi yangi to‘rt soatli avtobus yo‘nalishi ishga tushirilganidan xabar topadi. U mazkur marshrutni «yetishmayotgan bo‘g‘in» deb atab, vanihoyat Meksikaga safarini amalga oshirish imkoniyati tug‘ilganini bildirdi.
Xueyning so‘zlariga ko‘ra, birinchi safardan beri ancha narsa o‘zgargan, hozirda aksariyat jamoat transportlari Wi-Fi bilan jihozlangan va kredit kartalari orqali to‘lovlarni qabul qiladi. Biroq ayrimlari hamon yo‘l haqi uchun naqd pul so‘ramoqda. Shu bilan birga, u Sietl yoki San-Fransisko kabi yirik shaharlar bilan qishloq joylardagi jamoat transportlari orasidagi farqqa e’tibor qaratgan. Xuey xalqaro chegarani piyoda kesib o‘tishga majbur bo‘lgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Kanada chegarachilari erkak o‘z maqsadini aytganida, unga shubha bilan qarashgan. Shunday qilib, Xuey o‘z safari davomida foydalangan avtobuslar uchun 200 dollarga yaqin pul sarflagan. Vankuverning transport idorasi TransLink kompaniyasida ishlaydigan Xueyning aytishicha, uning jamoat transportiga bo‘lgan ishtiyoqi avtobuslar va poyezdlarning o‘z vaqtida manzillariga yetib borishiga imkon beruvchi tranzit tizimlari ortidagi «logistik jumboq»qa bo‘lgan qiziqishidan kelib chiqqan.