O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroilning G‘azodagi maktablarga aviazarbasi oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlar orasida voyaga yetmaganlar ham bor.
Isroil harbiy-havo kuchlarining G‘azo shahri sharqidagi Tuffa hududida «Az-Zahro» va «Abdulfattoh Hamud» maktablariga bergan zarbasi oqibatida kamida 15 kishi, jumladan, bolalar halok bo‘ldi.
Ushbu maktablar o‘z turar joylaridan majburiy ko‘chirilgan falastinliklar uchun boshpana vazifasini o‘tagan. Lekin Isroil armiyasi mazkur binolar HAMAS harakati tomonidan «xavfsiz boshpana» sifatida foydalanilganini iddao qilgan.
Shuningdek, isroillik harbiylarning G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahrida uyni o‘qqa tutishi oqibatida besh nafar falastinlik halok bo‘lgan, yana ikki nafari yaralangan. Xon Yunusning sharqidagi Al-Qarara hududida falastinlik Ahmad oilasining uyi o‘qqa tutildi.
Isroil armiyasi Xon-Yunusga quruqlikdagi hujumini qayta boshlagani ma’lum qilinmoqda.
E’tiborlisi, quruqlikdan hujum qilish haqidagi qaror AQSh, Misr va Qatarning 15 avgust kuni Qohira yoki Dohada G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash chaqirig‘idan keyin qabul qilingan.
Isroil harbiylari minglab majburan ko‘chirilgan falastinliklar boshpana topgan Xon Yunus sharqidagi hududlar aholisini evakuatsiya qilishni buyurdi.
Minglab ko‘chirilgan ayollar, bolalar va qariyalar vayron bo‘lgan binolar xarobalari orasidan ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lishdi va o‘zlari bilan faqat eng zarur narsalarni olib ketishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda falokatli humanitar vaziyat aks etgan kadrlar keng tarqalmoqda.
Rossiyaning uch oblastida ATO rejimi
Rossiyaning uch viloyatida aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi.
Rossiya Federatsiyasi Milliy aksilterror qo‘mitasining 9 avgustdagi qarori bilan Belgorod, Bryansk va Kursk oblastlarida «vaziyatni beqarorlashtirishga misli ko‘rilmagan urinish» tufayli aholining huquq va erkinliklari jiddiy cheklanmoqda.
Kursk oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnovning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar keyingi «sabotaj va terrorchilik tahdidlari»dan xavotirda.
Rejim jismoniy shaxslarning hujjatlarini tekshirish va hujjatlar yo‘q bo‘lgan taqdirda ularni ichki ishlar organlariga yuborishni o‘z ichiga oladi. Aholiga ma’lum hududlar va obektlarga kirish taqiqlanishi mumkin. Rasmiylar elektron yozishmalarni o‘qish va telefon suhbatlarini tinglash huquqiga ega.
Ushbu chora fuqarolarni «vaqtinchalik ko‘chirish»ni, shuningdek, transport vositalari va piyodalar harakatini cheklashni nazarda tutadi. Xavfsizlik xizmatiga uy-joy va yer uchastkalariga to‘siqsiz kirish huquqi beriladi.
ATO uchun harbiylar, Milliy gvardiya, fuqarolik mudofaasi va federal idoralardan iborat maxsus kuchlar guruhi yaratilishi mumkin. Rossiyada uni kim boshqarishi mumkinligi hozircha aniqlashtirilmadi. Rejim harbiy texnika, qurol va maxsus texnikadan foydalanishga rasman ruxsat beradi.
Urushni o‘rganish bo‘yicha Amerika institutining 8 avgust kuni xabar berishicha, Ukraina Qurolli kuchlari Ukrainaning Sumi viloyati bilan chegarasidan Rossiya hududiga 35 kilometr ichkariga ilgarilab ketgan.
Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan "Rybar" Telegram-kanali Ukraina qurolli kuchlari Sudjaning g‘arbiy chekka hududlarini nazorat ostida ushlab turganini ma’lum qildi.
Belarus rejimi Rossiyaning sherigi
Belarus rejimi Rossiyaning Ukrainaga qarshi noqonuniy tajovuzkor urushida sherikdir. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 2020 yil avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkazilganiga to‘rt yil to‘lishi arafasida bergan bayonotida aytib o‘tgan.
Bayonotda aytilishicha, Moskvaning siyosiy, harbiy va moddiy-texnik yordamidan tashqari, Aleksandr Lukashenko rejimi «ukrainalik bolalarni Ukrainaning Rossiya tomonidan vaqtincha egallab olingan hududlaridan noqonuniy deportatsiya qilishga yordam bergan».
Bundan tashqari, 2021 yildan beri Minsk YeIning tashqi chegaralarida migratsiya bosimini tashkil qilmoqda, deya ta’kidlanadi hujjatda.
Rasmiylar, shuningdek, «o‘z xalqiga qarshi keng ko‘lamli zo‘ravonlik va qo‘rqitish kampaniyasini» davom ettirmoqda, dedi Borrel. Belarus qamoqxonalarida 1400 ga yaqin siyosiy mahbus bor va bu 2020 yildan beri siyosiy sabablarga ko‘ra jazoni ijro etish tizimidan o‘tganlarning kichik bir qismi.
Borrelga ko‘ra, Lukashenko «Belarus fuqarolik jamiyati, huquq faollari, erkin ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar, siyosiy muxoliflar, mustaqil kasaba uyushmalari, milliy ozchiliklar vakillariga va pirovardida, mamlakat ichida ham, xorijda ham o‘z fikrini bildiruvchi barcha oddiy fuqarolarga qarshi to‘liq repressiyalarni amalga oshirmoqda».
Kamida olti siyosiy mahbus hibsda vafot etdi, ko‘plari bir yildan ortiq vaqt davomida tashqi dunyo bilan aloqa qilmadilar. Ayrimlarning ahvoli hayoti uchun xavfli va shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladi, deya qo‘shimcha qildi Bryussel.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turkning hisobotiga ko‘ra, Belarusda ta’qiblar insoniyatga qarshi jinoyat sifatida baholanishi uchun yetarli asoslar mavjud, deb ta’kidladi YeI.
«Biz barcha siyosiy mahbuslar va nohaq qo‘lga olinganlarni zudlik bilan va so‘zsiz ozod qilishga chaqiramiz», deb ta’kidladi Borrel.
Migrantlarning ishlashiga taqiq
Rossiyaning yana bir hududida migrantlarga taksida ishlash taqiqlandi.
Krasnoyarsk o‘lkasida gubernator farmoni bilan migrantlar mehnatiga bir qancha cheklovlar kiritildi. Qayd qilinishicha, migrantlar ishlashi taqiqlanadigan sohalar yanada ko‘payishi mumkin.
Jumladan, migrantlarga taksida yo‘lovchilarni tashish, ixtisoslashgan do‘konlarda alkogolli ichimliklar, shu jumladan pivoning chakana savdosi, ixtisoslashgan do‘konlarda tamaki mahsulotlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanish taqiqlandi.
«Ish beruvchilar chet ellik ishchilarni chetlatishga ulgurishi uchun» farmon 2025 yil 1 martdan kuchga kiradi.
Rossiyaning bir qator mintaqalarida: Tomsk, Samara, Lipetsk va Kursk viloyatlarida mehnat migrantlarining muayyan sohalarda ishlashini taqiqlovchi farmoyishlar allaqachon kuchga kirgan. Ko‘pincha gap taksi haqida ketadi.
Iyul oyi oxirida Rossiya Davlat Dumasiga chet el fuqarolariga maktab va maktabgacha ta’lim, tibbiyot va farmatsevtika, yo‘lovchi tashish sohalarida ishlashni, shuningdek, «ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanishni taqiqlashni» taklif qiluvchi qonun kiritilgan edi.
Shu bilan birga, Rossiyada patent asosida ishlayotgan migrantlarning daromadini 30 foizgacha soliqqa tortish ham taklif qilinmoqda.
Braziliyadagi aviahalokat
Braziliyada yo‘lovchi samolyoti halokatga uchradi. Voepass Linhas Aéreas aviakompaniyasiga tegishli samolyotning tekis shtoporga tushib qolib qulashi natijasida samolyot bortida bo‘lgan 62 kishining barchasi halok bo‘lgani ta’kidlanmoqda.
Voqea San-Paulu shtatida ro‘y bergan. Kuchli shamol va yomg‘irli ob-havo sharoitida ichki reysni amalga oshirayotgan turboparrakli ATR 72 samolyoti qulab tushib yonib ketgan.
Samolyot aholi yashash punktiga qulab tushgan. Uning bortida 58 yo‘lovchi va to‘rt nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.
BNO News ularning barchasi halok bo‘lgani haqida xabar berdi.
Nigeriyada yuqimli kasallik avj olmoqda
Nigeriyada Lassa bezgagi qurbonlari soni 163 kishiga yetdi. Nigeriya Kasalliklarni nazorat qilish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘limga olib keladigan kasallik Nigeriyaning 34 shtati, jumladan, poytaxt Abujada ham tarqalgan.
Nigeriya hukumati kasallikni davolash uchun 3 ta dori aniqlanganini bildirdi.
O‘tgan yili Nigeriyada 1227 ta holatda Lassa bezgagi aniqlangan, ulardan 219 tasi o‘lim bilan yakunlangan.
Lassa bezgagi birinchi marta Nigeriyada 1969 yilda mamlakat shimoli-sharqidagi Borno shtatida aniqlangan. Bu yuqimli kasallik tufayli Nigeriya hukumati o‘tgan yilning fevral oyida favqulodda holat e’lon qilgan edi.
Lassa bezgagi kalamush va sichqonlardan yuqadi. Ushbu xavfli kasallik odamdan odamga yuqishi va o‘limga olib kelishi mumkin.
Mamlakat hukumati aholini ehtiyot choralarini ko‘rishga, gigiyena qoidalariga rioya qilishga va kemiruvchilarga yaqinlashmaslikka chaqirdi.