AQSh Milliy xavfsizlik xizmati strategik aloqalar koordinatori Jon Kirbining aytishicha, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar 15 avgust, payshanba kuni Doha yoki Qohirada bo‘lib o‘tadi.
Tele-konferensiya orqali uyushtirilgan matbuot brifingida Oq uy maslahatchisi G‘azoda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish jarayoni bilan bog‘liq so‘nggi vaziyatni baholadi.
Kirbi AQSh, Misr va Qatarning qo‘shma bayonotidan so‘ng tomonlar harakatga kelganini va imkon qadar tezroq uchrashish istagini bildirganini aytdi.
Shu nuqtayi nazardan, u tomonlar 15 avgust, payshanba kuni Qatar poytaxti Doha yoki Misr poytaxti Qohirada uchrashishga kelishib olganligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil muzokaralarga delegatsiya yuborishini e’lon qilgan, Qatar esa «Hamas delegatsiyaning kelishini ta’minlashga» va’da bergan.
«Umid qilamizki, bu foydali natijalar beradi. Payshanba kuni tomonlarning muzokara stolidagi rejalarini hech narsa buzishini istamaymiz», deb aytgan Kirbi. U uchrashuvda AQSh ham ishtirok etishini bildirib, tez orada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish zarurligini ta’kidladi.
Juma kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda Qo‘shma Shtatlar, Misr va Qatar Isroil va Hamasni 15 avgust kuni Qohira yoki Dohada G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va asirlar almashinuvi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi. Qo‘shma bayonot mintaqadagi ko‘plab davlatlar, jumladan Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.