AQShda milliy bog‘dagi yo‘l belgilariga bo‘yoq chaplagan germaniyalik turistlar javobgarlikka tortiladi

Jahon 20:08 / 10.08.2024 2284

Kaliforniyada germaniyalik uch nafar sayyoh Joshua-Tri milliy bog‘idagi mulkka zarar yetkazganlikda ayblanib, jarimaga tortilishi mumkin, deb xabar beradi BBC.

Bog‘ ma’muriyati ularni bo‘yoqli sharchalar bilan bog‘dagi yo‘l belgilari, hojatxona va chiqindi konteynerlarini o‘qqa tutganlikda ayblamoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yakshanba kungi ko‘rik vaqtida «konstruksiyalar va belgilardan peyntbol bo‘yoqlari izlari» aniqlangan.

Shundan so‘ng bog‘ to‘liq ko‘zdan kechirilgan, turistlar so‘roq qilingan va ular o‘z aybiga iqror bo‘lgan. AQSh Milliy bog‘lar xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bog‘dagi madaniy yodgorliklarga zarar yetkazganlik uchun maksimal 5000 dollar miqdorida jarima ko‘zda tutilgan. «Joshua-Tri milliy bog‘iga kichik miqdorda ham zarar yetkazish qonun buzilishi hisoblanadi», — bog‘ bosh reynjyeri vazifasini bajaruvchi Jyeff Filos.

«Bu dunyo bo‘ylab millionlab insonlar sayohat qiladigan tabiiy muhitni yomonlashtiradi», — deydi Filos. Uning qo‘shimcha qilishicha, bog‘ga «muntazam turli graffitilarni o‘chirish kabi vazifalar qo‘yiladi, bunga sarflangan resursni esa boshqa ustuvor maqsadlarga yo‘naltirish mumkin».

Milliy bog‘ xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, nazoratchilar turistlardan uchta cho‘zma, peyntbol uchun marker, bo‘yoqli sharlar va boshqa vositalarni ashyoviy dalil sifatida olib qo‘ygan. Aniqlanishicha, bog‘ning g‘arbiy kirish qismidagi kamida 11 ta yo‘l belgisiga sariq bo‘yoqli sharlar otilgan.

Milliy bog‘lar xizmatiga ko‘ra, Joshua-Triga har yili 3 milliondan ortiq turist u yerdagi «noodatiy» daraxtlar, hayvonot olami va manzaralarni tomosha qilish uchun tashrif buyuradi. Bog‘ maydoni 800 ming akrga yaqin — bu butun boshli Rod-Aylend shtatidan katta demak.

Ko‘proq yangiliklar: