Belarus rejimi Rossiyaning Ukrainaga qarshi noqonuniy tajovuzkor urushida sherikdir. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning 2020 yil avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkazilganiga to‘rt yil to‘lishi arafasida, 8 avgust, payshanba kuni Yevropa tashqi harakatlar xizmati tomonidan berilgan bayonotida aytiladi.
Bayonotda aytilishicha, Moskvaning siyosiy, harbiy va moddiy-texnik yordamidan tashqari, Aleksandr Lukashenko rejimi «ukrainalik bolalarni Ukrainaning Rossiya tomonidan vaqtincha egallab olingan hududlaridan noqonuniy deportatsiya qilishga yordam bergan». Bundan tashqari, 2021 yildan beri Minsk YeIning tashqi chegaralarida migratsiya bosimini tashkil qilmoqda, deya ta’kidlanadi hujjatda.
Belarus qamoqxonalarida - 1400 ga yaqin siyosiy mahbus
Rasmiylar, shuningdek, «o‘z xalqiga qarshi keng ko‘lamli zo‘ravonlik va qo‘rqitish kampaniyasini» davom ettirmoqda, dedi Borrel. Belarus qamoqxonalarida 1400 ga yaqin siyosiy mahbus bor va bu 2020 yildan beri siyosiy sabablarga ko‘ra jazoni ijro etish tizimidan o‘tganlarning kichik bir qismi.
Lukashenko «Belarus fuqarolik jamiyati, huquq faollari, erkin ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar, siyosiy muxoliflar, mustaqil kasaba uyushmalari, milliy ozchiliklar vakillariga va pirovardida, mamlakat ichida ham, xorijda ham o‘z fikrini bildiruvchi barcha oddiy fuqarolarga qarshi to‘liq repressiyalarni amalga oshirmoqda».
Kamida olti siyosiy mahbus hibsda vafot etdi, ko‘plari bir yildan ortiq vaqt davomida tashqi dunyo bilan aloqa qilmadilar. Ayrimlarning ahvoli hayoti uchun xavfli va shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladi, deya qo‘shimcha qildi Bryussel. «Mahbuslar va qo‘lga olinganlarga nisbatan bunday munosabat xalqaro huquq va Belarus majburiyatlarini buzish hisoblanadi», deyiladi ma’lumotda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turkning hisobotiga ko‘ra, Belarusda ta’qiblar insoniyatga qarshi jinoyat sifatida baholanishi uchun yetarli asoslar mavjud, deb ta’kidladi YeI.
«Biz barcha siyosiy mahbuslar va nohaq qo‘lga olinganlarni zudlik bilan va so‘zsiz ozod qilishga chaqiramiz», deb ta’kidladi Borrel.
Belarus demokratlashtirilsa, YeI islohotlar uchun 3 mlrd yevrogacha mablag‘ ajratadi
Yevropa Ittifoqi «Belarus jasur xalqini, Belarus demokratik harakati va fuqarolik jamiyatini tinch Yevropaning bir qismi sifatida erkin, demokratik, suveren va mustaqil Belarusga intilishida qo‘llab-quvvatlaydi», deyiladi bayonotda.
Belarusda demokratik o‘zgarishlar boshlanishi bilan Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotni barqarorlashtirish va institutlarni isloh qilishda, shu jumladan, Iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashning kompleks rejasi doirasida 3 milliard yevrogacha bo‘lgan miqdorda yordam beradi.
Sanksiyalar rejimi 260 dan ortiq kishiga nisbatan qo‘llanyapti
Bryussel saylovlardan so‘ng rejim va uning tarafdorlariga qarshi bir qancha sanksiyalar paketini qabul qildi. Shunday qilib, 5 avgust kuni Yevropa Ittifoqi kengashi Belarusda repressiya va inson huquqlari buzilishida ishtirok etgan 28 kishiga nisbatan cheklov choralarini tasdiqladi.
Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoning «uzoq yillik tarafdorlari guruhi» cheklov choralari ostida qoldi. Ular orasida BelTA davlat agentligi bosh direktori Irina Akulovich, Milliy assambleyadagi Yoshlar kengashi raisi Nikita Rachilovskiy va Lukashenko matbuot xizmatining sobiq rahbari Dmitriy Juk bor.
Hammasi bo‘lib, Yevropa Ittifoqining individual cheklov choralari 261 kishiga, shuningdek, Belarusdagi 37 tashkilot va muassasaga nisbatan qo‘llanadi.