Tojikistonda sobiq prezident vazifasini bajaruvchi va tashqi ishlar vaziriga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jahon 21:25 / 09.08.2024 5513

Tojikiston bosh prokurori Yusuf Rahmon respublikada yuqori lavozimlarni egallagan to‘rt nafar siyosatchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini tasdiqladi. Tergov 1991 va 1992 yillarda Tojikistonda sobiq prezident vazifasini bajaruvchi Akbarsho Iskandarov, sobiq tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy, Demokratik partiya raisi o‘rinbosari Ahmadshoh Komilzoda va Tojikiston Sotsial-demokratik partiyasi rahbari o‘rinbosari Shokirjon Hakimovga nisbatan olib borilyapti.

Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, ular 14 iyun kuni hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish ishi bo‘yicha hibsga olingan Tojikiston Demokratik partiyasining sobiq raisi Saidjafar Usmonzoda bilan «yaqin aloqada» bo‘lgan.

«Davlatni, millat va prezidentni sotgan inson kim bo‘lishi, qaysi lavozimda ishlashi yoki qaysi lavozimni egallaganidan qat’i nazar qonun oldida javob beradi», — deydi Rahmon.

Shu bilan birga, bosh prokuror tergov sirini va ishning maxfiyligini ta’kidlagan holda tergovga oid batafsil ma’lumotlarni oshkor qilishdan bosh tortgan. Rahmon, shuningdek, jurnalistlarning gumonlanuvchilar qayerda saqlanayotgani borasidagi savolini ham javobsiz qoldirgan.

«Xovar» davlat agentligi 14 iyul kuni Demokratik partiyasining sobiq raisi Saidjafar Usmonzoda hibsga olinganini ma’lum qilgandi. Bosh prokuratura uni Tojikistonda taqiqlangan «Tojikiston milliy ittifoqi» — muxolifat partiyalarni birlashtirgan va xorijda faoliyat yurituvchi tashkilot bilan til biriktirganlikda ayblamoqda.

Prokurorga ko‘ra, Usmonzoda 2021 yilning sentabrida «Milliy ittifoq» yetakchilaridan biri Sharofiddin Gadoyev bilan muzokaralar o‘tkazgan va u o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun moliyaviy yordam va’da qilgan. Ta’kidlanishicha, Gadoyev Usmonzodaga «mamlakatda nufuzli odamlarni og‘dirib olish va mitinglar uyushtirish» uchun 10 million dollar va’da qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: