“Test tuziladigan adabiyotlar ro‘yxatini e’lon qilish agentlikning vazifasi emas” - BMBA

O‘zbekiston 11:59 / 09.08.2024 3524

8 avgust kuni AOKAda Bilimlarni baholash agentligi ommaviy axborot vositalari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda nega abituriyentlarga test tuziladigan adabiyotlar ro‘yxati to‘liq e’lon qilinmasligi muhokamaning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Agentlik boshqarma boshlig‘i Zafarbek Olimov test tuziladigan adabiyotlar ro‘yxatini e’lon qilish agentlikning funksional vazifasiga kirmasligini aytdi. Uning fikricha, buni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi amalga oshirishi kerak.

Biz adabiyotlar ro‘yxatini e’lon qilyapmiz. Bu sansalorlik emas. Aslini olganda biz abituriyentlar uchun harakat qilyapmiz. Garchi bu bizning vazifamiz bo‘lmasa-da, abituriyentlarga yengillik bo‘lishi uchun buni e’lon qilyapmiz”, – dedi u.

Olimovning izohiga aniqlik kiritish uchun Kun.uz muxbiri Bilimlarni baholash agentligi test tuzuvchi va oluvchi tashkilot bo‘la turib, nega qaysi kitoblardan test tuzishini aytmoqchi emasligini so‘radi.

Olimov o‘z gapi muxbir tomonidan xato talqin qilinayotganini ta’kidlab, fikrini quyidagicha tushuntirdi.

Hozir biz dasturni asos qilib ko‘rsatyapmiz, chegara bor. Aytaylik, siz o‘quv dasturini olib qarasangiz, shu dasturda mavzular belgilangan. Shu mavzularni o‘quvchi maktab darsligidan o‘qiydimi yoki akademik litseylar talabalari uchun tayyorlangan darslikdan o‘qiydimi farqi yo‘q. Lekin maktab ta’limini olgan bola uchun oliy ta’lim savollari shakllantirilmaydi hech qachon.

Keyin yana bir narsani inobatga olishingiz kerak, bitta narsani gapirayotganda bir detalni uzib olib turib, unga baho berish kerak emas. O‘sha jarayonni yaxlit tahlil qilinglar. Chunki savollar butun yil davomida shakllantiriladi. Biz yanvar, mart, aprel va may oyining birinchi o‘n besh kunligida aprobatsiya o‘tkazamiz. Va shu joyda ilmiy tahlil olib boriladi. Ilmiy tahlilga ko‘ra test topshirig‘i talabiga mos kelmagan testlar bazadan chiqarib yuboriladi. Bu esa o‘z-o‘zidan hech kimga ko‘rsatmasdan, aytmasdan tanlab olinyapti degani emas”, – dedi Olimov.

Muxbir Olimov aytayotgan chegara qayerda tugashi, o‘quv dasturiga ko‘p ma’lumot kiritilgani, abituriyent uning hammasini yodlab qololmasligi, nega shu paytgacha bu aniq qilib belgilab qo‘yilmagani haqida so‘radi.

Mas’ul bu chegara o‘quv dasturida belgilangani, o‘quv dasturida boblar, bo‘limlar mavjudligini aytdi. “Mazmunning o‘zi o‘quv dasturi bilan chegaralanib turibdi. Siz bir narsani tushunishingiz kerak, biz abituriyentning holatiga qarab tayyorlanmaymiz. Biz davlat ta’lim standartlari tomonidan qo‘yilgan me’yor bo‘yicha ish yuritamiz. Agar biz abituriyentning bilimiga moslashadigan bo‘lsak, uning saviyasi past bo‘lib qolsa, bizning testlarimizning saviyasi ham past bo‘lib qoladi”, – dedi Olimov.

U qo‘shimcha ravishda maktabdagi o‘quv dasturlari o‘zi xilma-xil bo‘lib ketgani, bu esa savollarni shakllantirishni qiyinlashtirganini ham qo‘shimcha qildi. “Yaqinda to‘rtinchi dastur kirib keldi. Ertaga o‘sha dasturlarda o‘qigan bitiruvchi keladi. Bittasi, zamonaviy dasturni bitirgan bo‘lsa, boshqasi fin, yana biri Cambridge dasturini o‘qigan bo‘lsa, nazoratchi qanday qilib ajratib savol varaqasini tarqatadi. Maktabgacha ta’lim vazirligi mana bu dasturdan olasan deb berdimi, biz ijrochi tashkilot sifatida undan tashqariga chiqolmaymiz. Lekin vazirlik shuni o‘ylashi kerak. Ertaga hamma bitiruvchi bitta oliy ta’limga boradi, savol tuzish qanaqa bo‘ladi, deb o‘ylashi kerak”, – dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: