Rossiyada davlat ishtirokidagi tashkilotlar ham «nomaqbul» deb topilishi mumkin

Jahon 14:51 / 09.08.2024 1306

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «nomaqbul» xorijiy tashkilotlar faoliyati to‘g‘risidagi 284.1-moddaga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonunni imzoladi. Bu haqda 8 avgust, payshanba kuni e’lon qilingan hujjatlarda aytilgan.

Qonun hujjatlari matnidan «nodavlat» so‘zi chiqarib tashlandi, shuning uchun xorijiy davlat ishtirokidagi tashkilotlar ham «nomaqbul» deb tan olinishi mumkin.

Bunday tashkilot faoliyatiga jalb qilinganlik uchun maksimal jazo - bir qator lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilingan holda to‘rt yilgacha. Moliyalashtirilgan taqdirda muddat besh yilgacha, faoliyatni tashkil qilishda - olti yilgacha.

«Qonun cho‘ziluvchan bo‘lib, sudsiz va obektiv mezonlarsiz mustaqil OAV, faollar uyushmalari va boshqa guruhlar ro‘yxatga kiritilib, ularni «xorijiy nohukumat tashkilotlari» deb atash mumkin bo‘ladi», deb yozdi huquqshunos Anastasiya Burakova o‘zining Telegram-kanalida.

Uning taxminiga ko‘ra, o‘zgarishlardan so‘ng Xalqaro jinoiy sud (XJS) yangi ro‘yxatda birinchilardan bo‘lishi mumkin.

«Biz Putin va boshqalarni hibsga olish uchun berilgan orderlar tufayli sudyalar va prokurorlarga nisbatan jinoiy ishlarni ko‘rdik. Menimcha, Bosh prokuratura g‘azablangan holda Yevropa kengashi va boshqa xalqaro tashkilotlarga qarshi xuddi shunday qaror qabul qilishi mumkin», dedi Burakova. Uning so‘zlariga ko‘ra, «nomaqbul» tashkilotlarga murojaat qilgan ekspertlar va advokatlar, shuningdek, bunday holatda ariza beruvchilar ta’qib xavfi ostida bo‘ladi.

2024 yil 25 iyun kuni Haagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov va sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoyguni hibsga olishga order berdi. Ular Ukrainaga qarshi urush paytida urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlarda gumon qilinmoqda.

2023 yil bahorida XJS, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani ukrainalik bolalarning Rossiya Federatsiyasiga deportatsiyasi munosabati bilan hibsga olishga order berdi Rossiya hukumati bu bolalar xavfsizligi uchun qilinganligini ta’kidlamoqda.

Rossiyadagi «nomaqbul» tashkilotlar

Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan keyin Rossiyada «nomaqbul» tashkilotlar soni keskin o‘sishni boshladi. Jurnalistlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilda Rossiya hukumati 23 tashkilotni «nomaqbul» tashkilot deb tan olgan, 2023 yilda – 58 ta.

Rossiya qonunchiligida 2015 yildan beri «nomaqbul» tashkilotlar maqomi qonuniy ravishda mavjud. Ularga Rossiya Federatsiyasi hududida ma’muriy va jinoiy javobgarlik tahdidi ostida faoliyat yuritish taqiqlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: