Ko‘kdala tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori X.I. (ayol) 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U firibgarlik va pora berishda ayblangan.
Kun.uz o‘rgangan sud hukmida keltirilishicha, 2022 yil 2 iyun kunidan Ko‘kdala tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori lavozimida ishlab kelgan 42 yoshli X.I. o‘zganing pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. U ushbu maqsadda Qarshi tumanidagi 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlovchi shaxs ishonchiga kirib, ta’lim sohasida yuqori lavozimda ishlovchi tanishi orqali uni Yakkabog‘ tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yish haqida yolg‘on va’dalar bergan.
X.I. buning evaziga 55 ming AQSh dollari berishini talab qilgan. Shuningdek, direktor o‘rinbosariga “Best Publication” ilmiy tadqiqotlar hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash markazining “Eng yaxshi xizmatlari uchun” esdalik nishoni olib berish evaziga uning 4 mln so‘m pulini qo‘lga kiritgan.
U 2024 yil 11 fevral kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Sayyor” kafesida direktor o‘rinbosaridan “RayONO” mudirligi uchun kelishilgan 55 ming dollardan 30 ming dollarini qo‘lga kiritgan vaqtida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan.
X.I. o‘ziga qo‘yilgan ayblovga iqrorlik bildirmasdan, suddan o‘ziga nisbatan oqlov hukm chiqarishni so‘ragan. Ammo uning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari bilan o‘z isbotini topgan.
Sud hukmi bilan X.I. Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 1 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 6 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. X.I.ga qo‘llangan garov tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u sud zalida qamoqqa olingan.
Navoiy shahridagi Bahor mahallasi raisi I.Z. (erkak) esa tanishidan uni hokimlikdagi tanishi orqali shahardagi maktablardan biriga o‘qituvchilikka ishga kirgizib qo‘yish uchun 1000 dollar so‘ragan. Rais kelishilgan puldan 5,6 mln so‘mini olgan vaqtida tezkor tadbirda qo‘lga olingan.
I.Z. sudda aybiga iqror bo‘lib, pul sog‘ligi yomonlashgani uchun dori-darmon olishga kerak bo‘lganini, uni shu maqsadda olganini bildirgan hamda qilmishidan pushaymonligini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
Sud hukmi bilan I.Z. Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil 1 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Mahalla raisiga soat 22:00 dan 6:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘z yashash uyidan chiqmaslik, restoranlar, kafelar, barlar, klublar, diskotekalarga bormaslik, alkogolli ichimliklar ichmaslik, Navoiy viloyat hududidan tashqariga chiqmaslik kabi qo‘shimcha cheklovlar yuklatilgan.