Qashqadaryoda yo‘qolib qolgan ayolning jasadi shifoxonadagi lift shaxtasidan topildi

O‘zbekiston 12:47 / 09.08.2024 20630

3 avgust kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qashqadaryo filialiga qarashli eski temiryo‘l shifoxonasidagi lift shaxtasidan ayol jasadi topilgan. Bu haqda «Markaziy studiya» ko‘rsatuvida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, Qarshi tumanining Qoratepa mahallasida yashovchi ayol 3 avgust kuni ishga borgan va odatdagidek o‘z ish faoliyatini davom ettirgan. Tushga yaqin binodagi liftdan foydalanish maqsadida uning eshigini ochgan. Taxminlarga ko‘ra, ayol shu paytda lift nosozligi sababli shaxtaga tushib ketgan.

Oradan bir necha soat vaqt o‘tgach, shifokorlar orastabonning ko‘rinmay qolganini sezib, uning shu shifoxonada ishlaydigan singlisiga aytgan. Izlash ishlaridan natija bo‘lmagach, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan.

Oradan deyarli 20 soat vaqt o‘tib, 4 avgust kuni ayol jonsiz holda lift shaxtasidan topilgan. Hozirda liftdan foydalanish cheklab qo‘yilgan.

«Qachonki og‘ir bemorlarga yoki og‘ir biror narsani olib chiqishga muhtojlik bo‘lganida doimiy ravishda liftyorning o‘zi ishlatib yordam qilib kelgan. Uning ishlashi liftyorning nazoratida bo‘lgan», — deya ta’kidlagan shifokorlardan biri.

Qo‘shnilarining so‘zlariga ko‘ra, marhumaning 3 nafar farzandi bo‘lgan, turmush o‘rtog‘i ishlash uchun Rossiyaga ketgan.

Ayni paytda holat yuzasidan Qarshi shahar IIB tomonidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: