O‘zbekistonda xalqaro tayanch inklyuziv professional ta’lim markazi tashkil etiladi

O‘zbekiston 13:54 / 09.08.2024 1104

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining imkoniyati cheklangan yoshlarga inklyuziv sharoitda boshqa tengdoshlari bilan birgalikda professional ta’lim berish maqsadida agentlik muassisligida davlat ta’lim muassasasi shaklidagi International inclusive hub xalqaro tayanch inklyuziv professional ta’lim markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.

Quyidagilar markazning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirish, imkoniyati cheklangan yoshlarni ta’lim olish va kasbga o‘rgatish hamda ularni jamiyatga integratsiya qilish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish;
ilg‘or xorijiy tajriba asosida imkoniyati cheklangan yoshlarni boshqa tengdoshlari bilan birgalikda xalqaro standartlar asosida boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlarida o‘qitish;
inklyuziv sharoitda imkoniyati cheklangan yoshlarning boshqa tengdoshlari bilan birgalikda o‘z iste’dodlarini keng namoyon qilishlari uchun to‘garaklar faoliyatini tashkil etish;
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim hamda professional ta’lim muassasalari uchun inklyuziv o‘quv dasturlari va uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish hamda ularni ta’lim jarayoniga tatbiq etishga ko‘maklashish;
alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarida tashkil etilgan o‘quvchilarni kasbga o‘qitish kurslariga uslubiy yordam ko‘rsatish.
Bunda Markazga ushbu bandda nazarda tutilgan asosiy vazifalarni bajarish doirasida ishlab chiqilgan tovar va xizmatlarni budjet tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida sotish va xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi.

Belgilanishicha:

a) Markaz faoliyati bo‘yicha:
ta’lim jarayoniga hamda to‘garaklarga 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar jalb etiladi. Bunda ta’lim oluvchilarning kamida 30 foizini imkoniyati cheklangan shaxslar tashkil etadi;
markazda guruhlarni to‘ldirish kamida 12 nafar o‘quvchilar doirasida belgilanadi. Bunda, zarur hollarda buyurtmachilarning takliflari asosida kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish xarajatlarining qoplanishidan kelib chiqib, guruhdagi o‘quvchilar soni 12 nafardan kam bo‘lishi mumkin;
markazning shtat birliklari sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarini maqbullashtirish munosabati bilan bo‘shayotgan shtatlar hisobidan shakllantiriladi;
o‘quv jarayoniga professor-o‘qituvchilar hamda soha bo‘yicha mutaxassislar mehnatiga soatbay haq to‘lagan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida jalb etiladi;
markaz pedagog kadrlar, mutaxassislarning o‘quv va ish yuklamasini agentlik, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishgan holda belgilaydi;
markaz tomonidan professional ta’lim dasturlarini tamomlagan yoshlarga davlat namunasidagi diplom hamda to‘garak bitiruvchilariga sertifikat beriladi;

b) Markaz xodimlari bo‘yicha:
markaz rahbari va pedagog kadrlari va boshqa xodimlariga mehnatiga haq to‘lash professional ta’lim tizimidagi mehnatiga haq to‘lash miqdorlari va shartlari asosida amalga oshiriladi;
dars mashg‘ulotlarini o‘tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to‘lash dars beruvchining ilmiy darajasi va unvoni, malaka toifasidan kelib chiqib, belgilangan tartibda hisoblanadi;
markazda ta’lim-tarbiya jarayoni bilan bevosita shug‘ullanuvchi rahbar xodimlar, pedagogik xodimlar, psixologlar, ijtimoiy xodimlar, mutaxassislar, ishlab chiqarish ta’limi ustalari, mehnat ta’limi instruktorlari va yordamchi tarbiyachilarning lavozim maoshlariga 100 foiz miqdorida, qolgan barcha xodimlarning lavozim maoshlariga 50 foiz miqdorda budjet mablag‘lari hisobidan ustamalar to‘lanadi;
markazning barcha xodimlariga budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha har oylik 200 foizgacha oylik mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi miqdorida ustama haqi to‘lanishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: