Parijdan mamlakatga qaytgan iqtisodchi, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng Bangladeshda muvaqqat hukumat rahbari bo‘ldi. 8 avgust, payshanba kuni kechqurun prezident saroyida 84 yoshli Yunusning qasamyod qilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda u «mamlakat Konstitutsiyasini himoya qilishga hamda o‘zining yangi vazifalarini chin dildan bajarishga» va’da berdi hamda fuqarolarni «butun mamlakat bo‘ylab» zo‘ravonlikni to‘xtatishga chaqirdi.
Keyinchalik jurnalistlar bilan suhbatda Yunus mamlakat «yangi g‘alaba kunini» kutganini va «ikkinchi mustaqillikka erishganini» aytdi.
Muhammad Yunusni tayinlash to‘g‘risidagi qaror Bangladesh prezidenti Shahabuddin Chuppu va Yunus nomzodini ilgari surgan «Talabalar diskriminatsiyaga qarshi» norozilik harakati yetakchilari o‘rtasidagi uchrashuvda qabul qilindi. Muvaqqat hukumatning yakuniy tarkibi mamlakat siyosiy partiyalari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng aniqlanadi, deya avvalroq xabar bergan edi davlat rahbari matbuot xizmati.
6 avgust kuni Chuppu muvaqqat hukumat tuzish uchun parlament tarqatib yuborilishini e’lon qildi. Bir kun avval Bangladeshda 2009 yildan beri bosh vazir lavozimida ishlab kelgan 76 yoshli Shayx Hasina norozilik namoyishlari ostida mamlakatni tark etgan edi. Uning iste’fosi kamida 455 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan bir necha haftalik namoyishlar ortidan yuz berdi. Ulardan kamida 109 nafari 5 avgust kungi tartibsizliklar qurboni bo‘lgan.
Yunus kambag‘allarga mo‘ljallangan mikrokreditlar uchun Nobel mukofoti olgan
Muhammad Yunus 2006 yilda «Mikrokreditlar orqali iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning pastdan yuqoriga» tushunchasini kiritgani uchun tinchlik uchun Nobel mukofotini olgan. Yunus tomonidan asos solingan Grameen Bank kichik biznesini rivojlantirish istagida bo‘lgan millionlab kambag‘allarga mikrokreditlar ajratdi va shu orqali ularning qashshoqlikdan qutulishiga yordam berdi.
Yunusning so‘zlariga ko‘ra, u dastlab namoyishchilarning muvaqqat hukumatga rahbarlik qilish taklifini rad etgan. «Men ularga ishim ko‘pligini aytdim. Lekin talabalar qat’iy mendan so‘rashdi. Agar talabalar ko‘p narsani qurbon qila olsalar, mamlakat aholisi ko‘p narsani qurbon qila olsa, men ham javobgarman. Keyin talabalarga aytdim: mas’uliyatni o‘z zimmamga olishim mumkin», dedi Yunus.