2010 yildan beri Kataloniyani birinchi marta bu hudud Ispaniyadan ajralib chiqishiga qarshi bo‘lgan siyosatchi boshqaradi. Kataloniya parlamenti Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning ishonchli vakili bo‘lgan sotsialist Salvador Ilyani viloyat ma’muriyati rahbari lavozimiga tasdiqladi, deb yozadi AFP 8 avgust, payshanba kuni.
Ilya may oyida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy saylovlarda nisbiy ko‘pchilikni qo‘lga kiritgan sotsialistlar va Kataloniya mustaqilligini qo‘llab-quvvatlovchi, lekin «Kataloniya uchun birgalikda»ga qaraganda ancha mo‘’tadilroq pozitsiyani egallagan «Kataloniya so‘l respublikachilari» (KSR) ovozlari bilan saylangan. 58 yoshli siyosatchi uchun 68 deputat ovoz berdi, 67 nafari qarshi chiqdi. Bir necha kun oldin Madriddagi markaziy hukumat Ilyani qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘ldi, u o‘z navbatida katalon tili maqomini mustahkamlashga va moliyaviy imtiyozlar taqdim etishga va’da berdi.
Politsiya Puchdemonni qo‘lga ololmadi
«Kataloniya uchun birgalikda» partiyasi viloyat ma’muriyatining yangi rahbari saylovini keyinga qoldirishni so‘rab, muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Payshanba kuni ertalab mintaqaning sobiq rahbari va ayirmachilar yetakchisi Karles Puchdemon yetti yillik surgundan so‘ng to‘satdan Barselonaga qaytdi. U yana g‘oyib bo‘lishidan oldin parlament oldida bir necha ming tarafdorlari bilan gaplashdi.
Puchdemont avvalroq parlament yig‘ilishida ishtirok etish niyati borligini aytgan edi, shuning uchun politsiya dastlab uni binoga kiritmaslik uchun bor kuchini sarfladi. U g‘oyib bo‘lgach, politsiya shahardan chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘ydi va avtomobillarni ommaviy tekshiruvdan o‘tkazdi, biroq Puchdemontni qo‘lga ololmadi. Buning o‘rniga siyosatchining qochishiga yordam berganlikda gumon qilingan ikki politsiyachi ushlangan.
May oyida Ispaniya parlamenti 2017 yilda Kataloniyadan ajralib chiqishga muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng ispan adliya tizimi tomonidan ta’qibga uchragan kataloniyalik separatistlarga nisbatan amnistiya to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgan edi. Iyul oyi boshida Ispaniya Oliy sudi 2017 yilda ushbu avtonom viloyat mustaqilligi bo‘yicha referendum o‘tkazishda aybdor deb topilgan Puchdemonga nisbatan amnistiyani tasdiqlashdan bosh tortgan. Sud qaroriga ko‘ra, u va Kataloniyadagi ayirmachilik harakatining boshqa ba’zi yetakchilari davlat pullaridan foydalanib, noqonuniy referendum o‘tkazib, boyib ketishgan. Shu munosabat bilan amnistiya to‘g‘risidagi qonun ularga nisbatan qo‘llanmaydi.