Isroil qamoqxonalaridagi qiynoqlar, niyatidan qaytayotgan Eron va Rossiyadan deportatsiya bo‘yicha yangi qonun - kun dayjesti

Jahon 13:57 / 09.08.2024 5462

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Qatar, Misr va AQSh Isroilni HAMAS bilan G‘azo bo‘lgasida o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga chaqirishdi.

«Biz tomonlarni 15 avgust kuni Doha yoki Qatarda muzokaralarni zudlik bilan qayta boshlash, qolib ketgan barcha bo‘shliqlarni bartaraf etish, kelishuvni biror kechikishlarsiz bajarishni boshlashga chaqirdi”, —deyiladi qo‘shma bayonotda.

Isroil qamoqxonalari falastinliklar uchun “qiynoq lageri”ga aylangani ma’lum qilinmoqda.

Falastinlik arablarga nisbatan jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik, och qoldirish, uyqudan mosuvo etish kabi qiynoqlar qo‘llanmoqda.

Bu haqda Isroil tomonidan okkupatsiya va anneksiya qilingan hududlarda inson huquqlari buzilishi to‘g‘risida axborot to‘plovchi «Betselem» tashkiloti saytida ma’lum qilinmoqda.

Hisobot “Do‘zaxga marhamat” deb nomlanadi va bir necha tillarda e’lon qilingan.

O‘z tadqiqoti davomida “Betselem” Isroil qamoqxonalarida jazoni o‘tagan 55 nafar falastinlikning guvohliklarini yig‘ib chiqqan. Ularning o‘ttiz nafari O‘rdun daryosining G‘arbiy sohili va Sharqiy Quddusda yashaydi, 21 nafari G‘azo bo‘lgasi turg‘uni va to‘rt nafari millati arab bo‘lgan Isroil fuqarolaridir.

Eron niyatidan qaytdimi?

Arab davlatlari Eronni xotirjamlikka chaqirdi. Bir nechta arab davlatlari HAMAS siyosiy yetakchisi Ismoil Haniyaning Tehronda o‘ldirilishiga javob berish niyatidan qaytishga chaqirishgan. Bu mamlakatlar Yaqin Sharqda katta urush kelib chiqishidan xavotirda.

Tehronga diplomatik bosim o‘tkazishda Vashington bilan yaqin aloqalarda bo‘lib turgan Iordaniya, Misr, Saudiya Arabistoni va Qatar qo‘shilgan, deb yozadi Washington Post gazetasi.

Saudiya Arabistoni 7 avgust kuni Islom hamkorligi tashkilotining shoshilinch yig‘ilishini chaqirgan. Qirollik tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Volid al-Harayjiy Ismoil Haniyaning o‘ldirilishini Eron suverenitetining qo‘pol ravishda buzilishi deb atagan. Bu mazkur qotillik yuzasidan Ar-Riyodning chiqargan eng dadil bayonoti bo‘ldi.

“Biz mojaroga aralashgan barcha tomonlarni uni avj olishdan qaytarish va G‘azodagi urushni zudlik bilan tugatishga chaqirdik”, — degan siyosatchi.

Mintaqa yirik urush xavfiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda Eron o‘ch olish niyatidan qaytganga o‘xshaydi, deb yozadi Washington Post gazetasi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra Amerika diplomatiyasi eskalatsiyani avj oldirmaslikka Eron rahbariyatini ko‘ndira olgan.

Shuningdek, Eronga Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu tashrif buyurib, Putinning Isroilga zarba berishdan qaytish kerakligi to‘g‘risidagi nomasini yetkazgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Eronning yangi saylangan prezidenti Mas’ud Pizishkiyon bilan gaplashib, Tehronning Isroilga hujum qilish niyatidan qaytargan.

Ukrainaning Kurskka hujumi

Ukraina Rossiyaning Kursk oblastiga qilingan hujumdan maqsad nima ekanini ma’lum qildi. Mamlakat rasmiysi so‘zlariga ko‘ra, Ukraina bu bilan ehtimoliy muzokaralardagi pozitsiyasini mustahkamlamoqchi.

Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiyaning Kursk viloyatiga hujumidan maqsad Kiyevning muzokaralardagi pozitsiyasini mustahkamlashdir, dedi Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak.

«Ular qo‘rquvdan boshqa narsaga munosabat bildiryaptimi? Yo‘q, nihoyat buni anglab olish kerak. Rossiya har qanday murosani zaiflik va muzokaralar stoliga o‘tirishga rozilik, deb biladi. Ular muzokara stoliga o‘tirganida faqat urush ularning ssenariysi bo‘yicha ketmayotganini tushunsagina biror narsani undirish, erishish mumkin», degan Podolyak.

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, harbiy operatsiyalarning Rossiya hududiga chuqurroq kirib borishi rossiyaliklarni «qo‘rqitadi» va ularning Putinga munosabatini yomonlashtiradi.

Rossiyaning Kursk viloyatiga ommaviy hujumlar 6 avgust kuni ertalab boshlangan edi.

7 avgust kuni Mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylar Kursk viloyatida «Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalarini yo‘q qilish operatsiyasi»ni davom ettirayotganini ma’lum qildi. 8 avgust kuni Ukraina armiyasining oldinga siljishiga yo‘l qo‘yilmadi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi.

Kursk oblasti rahbari o‘rinbosari Andrey Belostotskiy 8 avgust kuni Kursk viloyatidagi hujumlar oqibatida 4 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Kursk oblastining chegara hududlaridan uch mingga yaqin tinch aholi evakuatsiya qilindi, ularning yarmi vaqtinchalik joylashtirish markazlarida.

Bangladeshda yangi hukumat rahbari

Parijdan qaytgan iqtisodchi Muhammad Yunus Bangladesh muvaqqat hukumati rahbari sifatida qasamyod qildi. 2006 yilda u kambag‘allarga mikrokredit berish sohasidagi izlanishlari uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.

8 avgust, payshanba kuni kechqurun prezident saroyida 84 yoshli Yunusning qasamyod qilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda u «mamlakat Konstitutsiyasini himoya qilishga hamda o‘zining yangi vazifalarini chin dildan bajarishga» va’da berdi hamda fuqarolarni «butun mamlakat bo‘ylab» zo‘ravonlikni to‘xtatishga chaqirdi.

Keyinchalik jurnalistlar bilan suhbatda Yunus mamlakat «yangi g‘alaba kunini» kutganini va «ikkinchi mustaqillikka erishganini» aytdi.

Muhammad Yunusni tayinlash to‘g‘risidagi qaror Bangladesh prezidenti Shahabuddin Chuppu va Yunus nomzodini ilgari surgan «Talabalar diskriminatsiyaga qarshi» norozilik harakati yetakchilari o‘rtasidagi uchrashuvda qabul qilindi. Muvaqqat hukumatning yakuniy tarkibi mamlakat siyosiy partiyalari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng aniqlanadi, deya avvalroq xabar bergan edi davlat rahbari matbuot xizmati.

5 avgust kuni Bangladeshda 2009 yildan beri bosh vazir lavozimida ishlab kelgan 76 yoshli Shayx Hasina norozilik namoyishlari ostida mamlakatni tark etgan edi. Uning iste’fosi kamida 455 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan bir necha haftalik namoyishlar ortidan yuz berdi.

Rossiyadan deportatsiya qilish

Rossiyada qabul qilingan yangi qonunga ko‘ra, politsiya sud qarorisiz chet elliklarni deportatsiya qilish huquqiga ega bo‘ldi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ichki ishlar vazirligiga chet el fuqarolarini ayrim huquqbuzarliklar uchun sud qarorisiz mamlakatdan chiqarib yuborish huquqini berish haqidagi qonunni imzoladi.

Qabul qilingan qonunga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari chet el fuqarolarini ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganligi uchun Rossiyadan deportatsiya qilish to‘g‘risida mustaqil ravishda qaror qabul qilishi mumkin.

Chet elliklar quyidagi huquqbuzarliklar uchun shu tariqa jazolanishi mumkin:

- giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi, tashish, iste’mol qilish va targ‘ib qilish;

- noan’anaviy jinsiy aloqalar va pedofiliyani targ‘ib qilish;

- vijdon va din erkinligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan holda missionerlik faoliyati;

- jamoat joylarida spirtli ichimliklarni iste’mol qilish;

- stadionlarda o‘zini tutish qoidalarini buzish.

Qonundagi o‘zgarishlar 180 kundan keyin kuchga kiradi.

Rossiyada kuryyerlar yetishmovchiligi

Rossiyada migrantlarning ommaviy deportatsiyasi tufayli kuryyerlar tanqisligi yuzaga keldi. 2024 yil oxiriga borib kuryyerlar yetishmovchiligi 300 mingga yetishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

«Kommersant» nashrining yozishicha, aprel-iyun oylari natijalariga ko‘ra, birinchi chorakka nisbatan qisqarish 3,2 foizni tashkil etdi. Nafaqat kuryyerlar, balki buyurtmachilarning yetishmasligi ham bu pasayishning sababi sifatida ko‘rsatilmoqda. Natijada kompaniyalar yetkazib berish sohasini toraytirib, bepul xizmatlarni bekor qilmoqda.

2024 yil mart oyida butun Rossiya bo‘ylab kuryyerlar yetishmovchiligi 140 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil oxiriga borib bu ko‘rsatkich 300 mingga yetishi mumkin, deb yozdi nashr Restomania yetkazib berish xizmatiga tayanib.

Qayd qilinishicha, 2024 yilning ikkinchi choragida Wildberries va Ozon tarmoqlarida oziq-ovqat buyurtmalari hajmi birinchi chorakka nisbatan mos ravishda 22,4 foizga va 7,9 foizga kamaygan. Tarmoqlar buni mavsumiy pasayish bilan tushuntirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil dastlabki 6 oyida Rossiyadan 40 ming nafar migrant chiqarib yuborilgan. O‘tgan yil davomida Rossiyadan 44 ming migrant chiqarib yuborilgan edi.

Meta Turkiyada vakolatxona ochadi

Turkiya parlamentining raqamli OAVlar bo‘yicha komissiyasi rahbari Hussayn Yayman Turkiya rahbariyati Meta kompaniyasi bilan ikkita uchrashuv o‘tkazganini ma’lum qilgan.

Muzokaralar chog‘ida Turkiya tomoni Meta vakillarini eshitgan va kompaniyaning Turkiyada vakolatxonasini ochish talabini qo‘yishgan. Xabar qilinishicha, Meta kompaniyasi vakillari bu talablarga ijobiy reaksiya bildirgan va deputatlarning savollariga samimiy javob bergan.

Eslatib o‘tamiz, 2 avgust kuni Turkiya Meta kompaniyasiga tegishli Instagram ijtimoiy tarmog‘ini bloklab qo‘ygan edi. Vaziyatdan xabardor manbalarning aytishicha, bunga sabab Tehronda o‘ldirilgan HAMASning siyosiy rahbari Ismoil Haniya bilan bog‘liq kontentlarning o‘chirilgani bo‘lgan.

Keyinroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ijtimoiy tarmoq mamlakat hukumati talablarini bajarsa blok olib tashlanishini aytgan.

Hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi mazkur ijtimoiy tarmoq AQSh va Buyuk Britaniyaning qoidalariga rioya qilgani kabi Turkiya talablarini ham bajarishi shartligini ta’kidlagan.

Ko‘proq yangiliklar: