3 avgust kuni Los-Anjyelesda afsonaviy Terens Kroufordga qarshi ringga chiqib, munosib jang o‘tkazgan va ochkolar bo‘yicha mag‘lubiyatga uchragan Isroil Madrimov Toshkentga qaytib keldi. 29 yoshli charmqo‘lqop ustasi tantanali tarzda kutib olindi. Shuningdek, unga kvartira sovg‘a qilindi.
Kutib olish marosimida Madrimov jurnalistlarning bir qator savollariga javob berdi: «Juda yaxshi jang o‘tkazdik. Xorijlik mutaxassislarning ko‘pchiligi nokaut bo‘lishimni prognoz qilishgandi. Lekin bizda reja bor edi va shu bo‘yicha 12 raund yaxshi ishladik. Raqib o‘ziga chorlab, xatodan foydalanadigan bokschi edi. Shuning uchun masofani saqlashga harakat qildim va buni uddaladim, deb o‘ylayman.
Bahsli mag‘lubiyat? Juda bo‘lsa, durang edi. Menimcha, g‘alaba qozongandim. Promouterim Eddi Hirn aytganidek, chempiondan kamarni olib qo‘yish uchun undan yaqqol ustun bo‘lish kerak.
Revansh? Kutamiz. Jamoamiz yana katta janglar ustida ishlashyapti. Krouford bo‘lmasa ham, boshqa bokschi bilan kamar uchun bellashamiz».
Shundan so‘ng Isroilning onasi o‘z his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashdi: «Onaning ahvolini bilasiz. Bolasiga bitta zarba tegsa, onaning yuragiga mingtasi tushadi. Isroil va boshqa sportchilarmizning jangini har doim kuzatib boraman.
O‘g‘limning bu safargi jangi ancha hayajonli bo‘ldi. Chunki raqibi ham nomdor sportchi edi.
Isroilning suratlari, roliklari Amerikaning ko‘p joylarida aylandi. Ularning ayrimlari ham bizga muxlislik qilishdi. U yerlarda ringga chiqishning o‘zi ham katta jasorat, deb o‘ylayman.
Murabbiylari To‘lqin Qilichev, Rahmatillo Ro‘zioxunov va unga birinchi bo‘lib boks sir-asrorlarini o‘rgatgan Quvondiq Jabborov hamda Bahrom Kuryazevga rahmat aytaman.
Qolaversa, uni qo‘llab-quvvatlagan barchaga tashakkur. Shuningdek, Isroilning o‘ziga ham jasorati uchun rahmat», — deydi Isroil Madrimovning onasi Ziyoda Hajiyeva.
Madrimovni kutib olishga chiqqanlar qatorida aktyor va blogerlar ham bor edi. Alisher Uzoqov o‘tgan jang haqida o‘z fikrlarini bildirdi: «Bu jangni anchadan buyon kutayotgandim. O‘zbek boksi tarixidagi eng katta jang bo‘lib o‘tdi, deb o‘ylayman.
Terens qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi. Bu mag‘lubiyat Madrimovni yanada kuchli qiladi. Revansh kutib qolamiz. Keyingi safar Krouford 12-raundgacha bormaydi, deb o‘ylayman».
Vayner Bobur Mansurov ham Isroil revansh jangida g‘alaba qozonishiga ishonadi: «Bellashuvni uxlamay kuzatdik. Boshida hayajon bo‘ldi. Lekin Isroil akam raqibni urib, hayajonimizni yo‘qotdi. Ochkolar bo‘yicha ham oldinda edik. Bahsli jang bo‘lib qoldi.
Isroil akam revanshda albatta g‘alaba qozonadi. Doim ularni qo‘llab-quvvatlab turamiz».
Muxbir — Hasan Yusupov
Tasvirchi — Ziyoddin Mammatjonov
Montaj ustasi — Sherzod Egamberdiyev