Yaponiya 5 ta yo‘nalishda o‘zbekistonlik talabalarga grant ajratadi

Jamiyat 18:00 / 07.08.2024 4772

Yaponiyaning “Nippon Foundation” jamg‘armasi O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun bir necha mln dollar grant ajratadi. Bu haqda yaponiyalik hamkorlar ishtirokida 7-8 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy seminarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti rektorining birinchi o‘rinbosari Akram Umarov ma’lum qildi.

“Markaziy Osiyoda ko‘plab davlatlarning manfaati to‘qnashadi. Fikrimcha, Yaponiya ham o‘zi uchun qiziq bo‘lgan yo‘nalishlarni tahlil qilgan va yumshoq kuch sifatida ta’lim sohasini tanlagan. Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida 9–12 avgust kunlari Markaziy Osiyoning qator davlatlariga tashrif bilan kelayotgani ham mintaqaning Tokio tashqi siyosatida muhimligini anglatadi”, deydi Umarov.

“Nippon Foundation” jamg‘armasi grant ajratishdan avval O‘zbekiston ta’lim tizimini o‘rganish maqsadida JIDU qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tadqiqot o‘tkazgan.

Tadqiqotda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari qamrab olingan. 1270 nafardan ortiq respondent – ​​talabalar, oliy o‘quv yurtlari rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari ishtirokida sotsiologik so‘rov va chuqurlashtirilgan intervyular o‘tkazilgan.

Tadqiqot natijalaridan kelib chiqib, ta’lim grantini IT, muhandislik, tibbiyot, farmatsevtika va tarjimonlik sohalariga ajratishga qaror qilingan. Kelajakda O‘zbekiston bozorida bu sohalarga talab yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

IXTI Yapon dasturlari loyihasi direktori Mehriniso Abdurasulovaning ma’lum qilishicha, o‘zbek talabalari ushbu sohalar bo‘yicha Yaponiyaning top oliygohlarida bepul ta’lim olishadi. Loyiha 2025 yil mart oyidan boshlanishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: