Ukrainadagi telegram-kanallarda Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblasti chegarasidagi janglar vaqtida asir olgan rossiyalik harbiylar videosi joylashtirildi. Yozuvda — o‘zini RF harbiy xizmatchilari sifatida tanishtirgan uch kishi so‘roq qilinishi aks etgan. Asirga olinganlar orasida — Belgorod oblasti Rovensk rayonidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan 22 yoshli Danil Kolesnikov va Komi Respublikasi Inta shahridan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan 21 yoshli Maksim Xyamyalyaynen bor.
«Ostorojno, novosti» va «Vajniye istorii» jurnalistlari harbiylarning shaxsini tasdiqlagan. Ular askarlarning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarini topishgan va ularning qarindoshlari bilan gaplashishgan. Ularning ikkisi ham 6 avgust kuni janglar boshlangan Kursk oblasti Sudjanskiy rayonidagi pozitsiyalarni egallab turgan 488-polkida xizmat qilishini aytishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ular bilan birga serjant ham asir tushgan. Tanish belgilariga ega bo‘lmagan uchinchi o‘zini 44 yoshli Aleksey Ostroborodov deb tanishtirgan. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, u 17-chegara qo‘riqlash batalyonida xizmat qiladi.
Harbiylar videoda chegara qo‘shinlarining pozitsiyalarida muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar turgani, ularning vazifasi «yorib o‘tishga yo‘l qo‘ymaslik» bo‘lganini aytishgan. Harbiylar tasdiqlashicha, ular to‘rt kun davomida pozitsiyalari o‘qqa tutilayotgani to‘g‘risida xabar berishgan, ammo qo‘mondonlik ularning xabarlarini e’tiborsiz qoldirgan va ularni «o‘z holiga tashlab qo‘ygan». «Bizni unutishdi — o‘lsang o‘laver deyishdi», — degan asirlardan biri qo‘mondonlikka munosabati to‘g‘risidagi savolga javoban. Ularning uchalasi ham ukrain harbiylari «chegaradan o‘tayotganida» asir tushishganini aytishgan.
Rossiyalik harbiylardan aynan qanchasi asirga tushgan bo‘lishi mumkinligi noma’lum. Ukrainadagi «Krimskiy veter» telegram-kanali kamida olti asir kuzatuv ostida olib ketilayotgani videosini e’lon qilgan. Dron orqali olingan bu yozuv qachon va qayerda tasvirga olingani aniq emas. Kim kimni asir olganini ham aniq aytish qiyin. «Krimskiy veter» postiga ko‘ra, videoda ukrain harbiylari rossiyalik harbiy asirlarni olib ketmoqda. Bu rolikdagi asirlarning so‘roq qilinishi videosi hozircha paydo bo‘lmadi.
Rossiyadagi Z-pabliklardan biri «Dva mayora» telegram-kanali ham rossiyalik askarlar asir tushganini tasdiqlagan. «Dushman bizning asirlarimiz ishtirokidagi kadrlarni tarqatmoqda. Yigitlar tirik, bu esa ular ertami kechmi olib chiqilishini anglatadi. Urush. Bunaqasi bo‘lib turadi», — deyilgan telegram-kanalda Kolesnikov va Xyamyalyaynen so‘roq qilinishi videosidan skrinshot ham keltirilgan postda.
Z-pabliklar va Kursk oblastidagi telegram-kanallar 6 avgust tongida Rossiya-Ukraina chegarasining bir qancha uchastkalarida harbiy to‘qnashuvlar boshlangani haqida xabar bergandi. Keyinroq FXX va Rossiya mudofaa vazirligi ukrain harbiylari Kursk oblastida rossiyalik chegarachilarning pozitsiyalariga hujum qilib, chegara hududidagi aholi yashash manzillarini o‘qqa tutayotgani haqida ma’lum qildi. Kursk oblasti rasmiylariga ko‘ra, kun davomida regiondagi aholi yashash manzillariga zarbalar oqibatida jami uch kishi halok bo‘lib, yana 18 kishi yaralangan.
RF harbiy idorasiga ko‘ra, hujumda Ukraina qurolli kuchlarining 300 nafar atrofidagi harbiysi va 30 ta zirhli texnikasi ishtirok etgan. Rossiya tomondan chegaraga zaxira kuchlar yuborilgan. Kun oxiriga kelib RF mudofaa vazirligi ukrain harbiylari «jiddiy yo‘qotishga uchrab» chekingani haqida ma’lumot berdi, ammo keyinroq bu xabardan ukrainlar chekingani haqidagi gap yo‘q bo‘lib qoldi.
Ukraina qurolli kuchlari janglar yuzasidan hech qanday izoh bermagan. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi dezinformatsiyaga qarshi kurashish markazi rahbari, leytenant Andrey Kovalenko rossiyalik harbiylarning chegaradagi vaziyat nazorat ostida ekani haqidagi bayonotini yolg‘on deb atadi. «Rossiya chegarani nazorat qilayotgani yo‘q», — degan u.