SSP: O‘zbekistonlik o‘qituvchilar Germaniyada malaka oshirishni boshlashdi

Jamiyat 18:58 / 07.08.2024 2345

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida o‘zbekistonlik nemis tili o‘qituvchilari Germaniyada malaka oshirishga jo‘nab ketdi.

Nemis tili o‘qituvchilari malakasini oshirish loyihasi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar hamkorligi – “DUWK” byurosi hamda Germaniyaning Saksoniya-Anxalt federal o‘lkasi va “Askania Future GmbH” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan yo‘lga qo‘yilgan mazkur loyiha doirasida 168 nafar o‘zbekistonlik mutaxassislar xalqaro standartlar darajasida qayta tayyorlash va kasbiy malakalarini Germaniyada oshirishlari, respublikamizning barcha hududlarida nemis tiliga o‘qitish kurslarini tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi huzurida mamlakatimizda xorijiy tillarni rivojlantirish, yoshlarning tilga bo‘lgan qiziqishlarini orttirish, xususan nemis tilini keng targ‘ib qilish maqsadida “Kasbiy ta’lim va xorijiy tillarni rivojlantirish” nodavlat ta’lim muassasasi tashkil etilgan. Bugungi kunda ushbu muassasada 100 dan ortiq o‘quvchilar nemis tilini o‘rganyapti.

Mazkur nodavlat ta’lim muassasasi va nemis hamkorlari tomonidan respublika bo‘ylab saralab olingan nemis tili mutaxassislaridan 28 nafari loyihaning ilk qaldirg‘ochlari sifatida Germaniyaga jo‘nab ketdilar. 8 haftadan iborat o‘quvlar davomida o‘zbekistonlik o‘qituvchilar nemis tilidan bilimlarini oshirish barobarida xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng zamonaviy metod va pedagogik texnologiyalarni o‘rganadilar.

“Men o‘ylaymanki, bu safarimizdan keyin o‘qituvchilarimiz bilim salohiyati yanada yuqori bo‘lib qaytadi. Safardan qaytganimizdan keyin respublikaning barcha viloyatlarida maxsus nemis tili kurslari tashkil etiladi. Bu kurslarda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarimiz o‘qitiladi. Bugunga qadar yoshlarimiz Germaniyada biror kasb-hunar yoki boshqa kurslarda o‘qish uchun o‘zlari sarmoya kiritishgan. Bunga esa hammada ham imkoniyat yo‘q. Bunga yechim topish maqsadida respublikaning barcha hududlaridan saralab olingan o‘qituvchilar Germaniyada o‘qib kelishadi va viloyatlarda ochilgan kurslarda yoshlarni o‘qitadi”, deydi nemis tili o‘qituvchisi Hulkar Alimqulova.

Ular ayni paytda Germaniyada malaka oshirish kurslarini boshlashgani haqida ma’lumot berishdi. Loyihaning ikkinchi bosqichida oliy ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan 28 nafar nemis tili o‘qituvchilari joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida Germaniyaga malaka oshirish uchun yuboriladi.

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: