Leonid Slutskiy boshchiligidagi LDPR fraksiyasi Rossiyada patent asosida ishlayotgan chet el fuqarolari uchun daromad solig‘i stavkasini 30 foizgacha oshirishni taklif qiluvchi qonun loyihasini tayyorladi, deb xabar berdi «Izvestiya».
«Qonun loyihasi konsepsiyasi xorijiy fuqarolarga nisbatan soliq tizimining asosiy parametrlarini qayta ko‘rib chiqish va ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi keng ko‘lamli milliy muammolarni hal qilish uchun Rossiya budjet tizimining daromadlarini ko‘paytirish zarurligiga qaratilgan», deyiladi xabarda.
Unda ta’kidlanishicha, Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Rossiyada ishlash uchun ruxsatnoma olgan xorijiy fuqarolar soni 2,1 million kishini tashkil etgan, ulardan 2 milliondan ortig‘i mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun patentga ega bo‘lgan. 2023 yilda ham bu ko‘rsatkich shu raqamlarga deyarli yaqin bo‘lgan.
«Rossiya Soliq kodeksida soliq rezidenti bo‘lmagan jismoniy shaxslar tomonidan olingan barcha daromadlar uchun 30 foiz soliq stavkasi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, patent asosida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadigan chet el fuqarolarining daromadlari ushbu me’yorning talablariga bog‘liq emas. Belgilangan daromadga nisbatan soliq stavkasi progressiv soliq shkalasiga muvofiq belgilanadi», deyiladi qonun loyihasida. Mualliflar bu qoidaga tuzatish kiritishni taklif qilmoqda.
«So‘nggi yillarda ko‘proq xorijliklar Rossiyaga ishlash uchun kelishga harakat qilmoqda. Bugungi kunda migrantlarning deyarli uchdan ikki qismi patent bo‘yicha yollanma ishchi bo‘lib ishlaydi va ular topgan pullarini oilasiga jo‘natadi. Ammo biz chet ellik mutaxassislarning daromadi Rossiya budjeti uchun ishlashi kerak, deb hisoblaymiz», dedi Leonid Slutskiy, qonun loyihasini ishlab chiqish sababini tushuntirar ekan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu budjetni qo‘shimcha daromadlar bilan to‘ldirish imkonini beradi, bu daromadlar shahar va qishloqlarni rivojlantirish, jumladan, bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Davlat Dumasi deputatlari avval ham bir necha bor chet ellik mehnat migrantlari uchun shaxsiy daromad solig‘i miqdorini oshirishni taklif qilishgan. 2023 yil avgustida «Spravedlivaya Rossiya» partiyasidan bir guruh deputatlar Davlat Dumasiga migrantlar uchun patent narxini 4 barobar oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritdi. Keyinroq LDPR fraksiyasi deputati Yaroslav Nilov ham migrantlar uchun majburiy to‘lovlarni oshirishni taklif qildi.