Parij-2024. Assakalov bronza uchun bahsda jarohat olib faoliyatini yakunladi, Vardanyan ham turnirni medalsiz tugatdi

Sport 23:47 / 07.08.2024 4945

-97 kg vazn doirasidagi o‘tish bahsida Rustam Assakalov koreyalik Seong Jun Kimni mag‘lub etgach, bronza medali uchun bahsda kubalik Gabriel Kindelanga qarshi gilamga chiqdi.

40 yoshli atlet bahs boshidayoq jarohat olib, turnirdagi ishtirokini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. U musobaqani 5-o‘rinda yakunladi. Kubalik kurashchi esa bronzaga ega chiqdi.

Shu tariqa, Rustam Assakalov Olimpiadadagi so‘nggi chiqishidan keyin oyoq kiyimini gilamda qoldirib, sportchilik faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.

Rustam Assakalov O‘zbekiston jamoasi tarkibida jahon chempionatlarida 1 tadan oltin va kumush, Osiyo o‘yinlarida 1 tadan oltin, kumush va bronza, qit’a birinchiliklarida esa 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallariga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, Rio-2016, Tokio-2020 va Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakat sharafini himoya qilgan.

-77 kg vazn toifasidagi o‘zbekistonlik Aram Vardanyan bronza uchun o‘tish bahsda jazoirlik Abdulkarim Oukalinini mag‘lub etgach, medal uchun bellashuvda armanistonlik Malxas Amoyanga qarshi qiyin bahsni o‘tkazdi va bir ballik farq bilan (5:6) mag‘lub bo‘ldi.

Vardanyan uchun ham musobaqa medalsiz yakunlandi va u turnirni 5-o‘rinda yakunladi.

5 avgust kuni -60 kg vazn toifasida Islom Bahromov chorakfinalgacha yetib borgandi. Lekin u KXDR vakili Se Ung Riga mag‘lub bo‘ldi. O‘z navbatida, shimoliy koreyalik sportchi yarimfinalda Xitoy vakiliga yutqazdi va Islom Bahromov bronza medali uchun kurashish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi va turnirni 7-o‘rinda yakunladi.

Shu tariqa, o‘zbekistonlik yunon-rum kurashchilari Olimpiadani medallarsiz yakunladi.

Ko‘proq yangiliklar: