Niger Kiyevni «terrorchi guruhlarni» qo‘llab-quvvatlashda ayblab, Ukraina bilan diplomatik munosabatlarni «zudlik bilan» uzganini e’lon qildi. Bu haqda 6 avgust, seshanba kuni AFP xabar berdi. Niger harbiy xuntasi Ukrainaning «tajovuzkorligini» muhokama qilish uchun BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qilishni rejalashtirmoqda, dedi hukumat matbuot kotibi polkovnik Amadu Abdraman.
Avvalroq, 5 avgust kuni Mali hukmron xuntasi Ukrainani tuareg isyonchilari hujumiga aloqadorlikda gumon qilib, Kiyev bilan diplomatik munosabatlarni uzgan edi. Iyul oyining oxirida ular Mali hukumati qo‘shinlari va ular tomonida jang qilayotgan «Vagner»ning rus yollanma askarlarini mag‘lub etishdi.
Avgust oyi boshida Senegal tashqi ishlar vazirligi Malidagi isyonchilarni qo‘llab-quvvatlagani uchun Ukraina elchisini chaqirtirdi. Senegal elchining bayonotlarini «terrorizmni oqlash» deb hisobladi.
Mali armiyasi va «vagnerchilar»ga isyonchilar hujumi
Iyul oyi oxirida tuareg isyonchilari mamlakat shimolida «Vagner»ning 84 nafar rossiyalik jangchisi va Mali hukumati armiyasining 47 askarini o‘ldirgani haqida xabar bergan edi.
Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi («GUR») vakili Andrey Yusov Ukrainaning Malidagi tuareg operatsiyasiga aloqadorligiga ishora qildi. «Isyonchilar rossiyalik harbiy jinoyatchilarga qarshi muvaffaqiyatli harbiy operatsiya o‘tkazish imkonini bergan o‘zlariga kerakli ma’lumotlarni oldilar», dedi u 29 iyul kuni bo‘lib o‘tgan telemarafonda boshqa tafsilotlarni keltirmagan holda.