HAMASning yangi rahbari, o‘ziga sherik tanlagan Kamala Harris va Rossiyadan yordam so‘ragan Eron - kun dayjesti

Jahon 14:41 / 07.08.2024 6229

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

HAMASning yangi rahbari

Ismoil Haniya Eronda o‘ldirilgach, Yahyo Sinvar HAMASning yangi rahbari etib saylandi. Sinvar HAMASning G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarga mas’ul bo‘lgan.

61 yoshli Yahyo Sinvar — HAMASning G‘azo sektoridagi yetakchilaridan, tashkilot harbiy qanoti va ichki xavfsizlik bo‘linmasi asoschilaridan biridir. Isroil tomonidan uch marotaba hibsga olingan — 1982, 1985 va 1988 yillarda. 2011 yilda u 1027 nafar falastinlik mahbuslar qatorida TsAHAL askari Gilad Shalitga almashilib, Isroil qamoqxonasidan ozod etilgan. 2015 yilda AQSh Sinvarni xalqaro terrorchilar ro‘yxatiga kiritgan.

Ismoil Haniya 31 iyul kuni Eronning yangi prezidenti Mas’ud Pizishkiyonning inauguratsiya marosimida ishtirok etish uchun Tehronga borganida o‘ldirilgan. Suiqasd AQSh hukumati ko‘magida Isroil tomonidan rejalashtirilgan va amalga oshirilgani taxmin qilinmoqda.

Ingliz surishtiruvchilarining aniqlashicha, Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi to‘laligicha Isroil maxsus xizmati Mossad operatsiyasi bo‘lgan. HAMAS liderini o‘ldirish uchun Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi agentlari yollangan va ular yordamida Haniya tunagan xonaga bomba qo‘yilgan.

Kamala Harris sherik tanladi

AQSh prezidentligiga demokratik partiyadan nomzod Kamala Harris prezidentlik kampaniyasidagi vitse-prezidentlik lavozimi uchun sherik tanladi.

Kamala Harris agar saylovda g‘alaba qozonsa Minnesota shtati gubernatori Tim Uols vitse-prezident lavozimini egallaydi.

Endi Tim Uols asosiy siyosiy janglar kechadigan muhim shtatlardagi yettita shahar bo‘ylab besh kunlik tur davomida Harrisga hamrohlik qiladi.

Vitse-prezidentlikka nomzod tanlanmasdan avval tahlilchilar bu odam azaldan demokratlar ham, respublikachilar ham yaqqol ustunlikka ega bo‘lmagan ikkilanuvchi shtatlarga mansub va oq tanli kishi bo‘lishini kutayotgandi.

Jo Bayden poygadan chiqqach, saylovchilarning alohida toifalari yana demokratlarga ishonch bilan qaray boshladi — masalan, 30 yoshgacha bo‘lganlar va lotin amerikaliklarning jamoalari. Ammo shu o‘rinda Harrisning zaif nuqtasi ko‘rinib qoldi — Baydenni faolroq qo‘llagan keksa yoshli saylovchilar.

Vitse-prezidentlikka nomzodlar bir qancha edi, ammo Harris Tim Uolsni — Minnesota gubernatorini tanladi. Bu shtat azaldan demokratlarga moyillik bildirib keladi va saylovlar natijasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi, ammo 60 yoshli Uols tanlangani ko‘plab saylovchilarni qoniqtirishi tayin.

Rossiyadan Eronga yordam

Eron Rossiyadan havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini so‘ragan va Moskva allaqachon Eronga radarlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun uskunalar yetkazib berishni boshlagani ta’kidlanmoqda.

The New York Times nashri biri Islom inqilobi muhofizlari korpusi vakili bo‘lgan eronlik ikki manbaga tayanib bu xabarni tarqatgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Moskva allaqachon Eronga radarlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun uskunalar yetkazib berishni boshlagan.

5 avgust kuni Rossiyaning sobiq mudofaa vaziri, ayni paytda Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu Tehronda mamlakatning yangi prezidenti Mas’ud Pizishkiyon va Eron Bosh shtabi rahbari general Muhammad Boqiriy bilan uchrashdi. «Biz Eron bilan mintaqaviy masalalar bo‘yicha to‘liq hamkorlikka tayyormiz», degan Shoygu.

The Jerusalem Post gazetasining yozishicha, AQSh yaqin 48 soat ichida Eronning Isroilga hujumini kutmoqda. Ba’zi boshqa manbalarga ko‘ra, Eron zarba berish uchun 12 yoki 13 avgustni tanlashi mumkin.

Ukraina urushidagi yo‘qotishlar

«Mediazona» va «Bi-bi-si» rus xizmati jurnalistlari Ukrainada halok bo‘lgan rossiyalik harbiylarning aniq ro‘yxatini yuritmoqda. Bunda ular qabrtoshlar, OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi nekrologlarga qarab hisob yuritishmoqda. Yo‘qotishlarning haqiqiy miqyosi, ehtimol, ancha katta.

Shunday qilib, 2022 yilning fevral oyida keng ko‘lamli hujum boshlanganidan beri Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan 61 ming 831 nafar rossiyalik harbiyning ismlari aniqlandi. Nashrlarda aytilishicha, 30 yoshdan 38 yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatchilar boshqalarga qaraganda ko‘proq vafot etadi.

Birgina 19 iyuldan buyon o‘lganlar ro‘yxatiga ikki mingdan ortiq kishi qo‘shilgan.

«So‘nggi oylarda yo‘qotishlarning o‘sishi yozib olishga ketayotgan vaqtimizdan ko‘ra ko‘proqdir», deb yozadi «Mediazona». Oqibatda jurnalistlar bir necha ming ismga duch kelishdi, deyiladi matnda. Ushbu nekrologlarni qayta ishlash Rossiya armiyasidagi tasdiqlangan qurbonlar sonini oshiradi.

Germaniya federal kansleri Olaf Shols may oyida Ukrainadagi urushda har oy 24 mingga yaqin rossiyalik askarlar halok bo‘lishini yoki og‘ir yaralanishini aytgandi.

Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiyaning Ukrainadagi urushdagi yo‘qotishlarini 450 ming kishi deb hisoblagan.

Avvalroq Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi Sergey Shoygu 2024 yilning yoz oylarining o‘zida Ukraina 110 ming askaridan ayrilganini ta’kidlagan edi.

Saakashvili afv qilinadimi?

2021 yildan buyon Gurjistonda qamoqxonada saqlanayotgan sobiq prezident Mixail Saakashvili mamlakatning amaldagi prezidenti Salome Zurabishvili tomonidan afv etilishi mumkin.

Bu borada Gurjiston parlamenti spikeri Shalva Papuashvili ma’lum qildi.

«Salome Zurabishvili Mixail Saakashvili tufayli lavozimda qoldi. Ular zarur deb topganda, Zurabishvili afv etish bo‘yicha hujjatni chiqaradi», — degan u.

U 2023 yil iyunda kamomad bo‘yicha ayblangan «Mtavari arxi» telekanali asoschisi va «Rustavi 2» telekompaniyasi sobiq bosh direktori Nikoloz Gvaramiya afv etilganini eslatib o‘tgan. Gvaramiya Saakashvili davrida adliya va ta’lim vaziri edi.

Gvaramiya Saakashvili 2021 yilda Ukrainadan Gurjistonga qaytganida advokatlik ham qilgan — o‘shanda Saakashvili bir nechta jinoiy ishlarda ayblanib hibsga olingan edi.

Papuashvilining ma’lum qilishicha, Zurabishvili uchun Saakashvilini ham afv etish «qiyinchilik tug‘dirmaydi». .

Saakashvili 2004 yildan 2013 yilga qadar mamlakatni boshqargan, keyin esa Gurjistondan chiqib ketgan. Unga nisbatan bir nechta jinoiy ish ochilgan, fuqarolikdan ham mahrum etilgandi.

Saakashvili Ukraina fuqaroligini olib, 2015-2016 yillarda Odessa administratsiyasida faoliyat yuritdi. 2017 yilda Ukrainaning o‘sha vaqtdagi prezidenti Petro Poroshenko uni fuqarolikdan mahrum etdi. Volodimir Zelenskiy 2019 yilda Saakashviliga yana fuqarolik berdi.

2021 yil kuzida Saakashvili saylovlar arafasida Gurjistonga qaytadi va fuqarolarni namoyishlarga chorlaydi. Shundan so‘ng u qo‘lga olinib, tergov izolyatoriga yuboriladi.

Hibsga olinganidan keyin u bir necha bor ochlik e’lon qildi, uning sog‘lig‘i yomonlashgani to‘g‘risida xabarlar berildi. 2023 yilda Tbilisi sudi Saakashvilini sog‘lig‘idagi muammolar tufayli ozod qilishni rad etgan edi.

Turkcha mehmonnavozlik basmi?

Turkiyadagi mehmonxona egalari “all inclusive” tizimidan voz kechish taklifini ilgari surdi.

Turkiya turizm sohasi vakillari yana bir bor mehmonxonalarning “barchasi kiritilgan” (all inclusive) formatidagi xizmatlarini bekor qilish taklifini ilgari surdi, deb xabar beradi Hurriyet nashri.

“Bu orqali erishilgan natijalarni inkor etib bo‘lmaydi. Ammo shuncha yildan keyin boshimizdan o‘tkazayotgan yangi jarayonda uni qayta ko‘rib chiqish kerak”, — deydi 1990 yillarda ushbu tizim asoschilaridan biri bo‘lgan tadbirkor Zafar Olqoya.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mehmonxona egalari turistlarga taqdim etilayotgan oziq-ovqat sifatini yaxshilash siyosatini qayta ko‘rib chiqishi zarur.

“Yuqori darajadagi xizmatlar va oziq-ovqat mahsulotlari talab etiladigan turistlar, tabiiyki, unga mos pulni to‘lashga tayyor. Bunda uzoq/yaqin turizm borasidagi geografiyamizda ushbu turistlarni qamrab olish masalasi muhim”, — deya ta’kidlaydi ekcpert.

Turkiyada bundan oldin ham “barchasi kiritilgan” tizimini bekor qilish taklifi bildirilgan edi. 2023 yilning yanvarida turoperator Erol Guldol Turkiye Turizm gazetasiga bergan intervyusida Turkiya “barchasi kiritilgan” tizimidan voz kechib, “boy nemis turistlari kelishi uchun” yarimpansion tizimiga o‘tishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Joriy yil yakunlari bo‘yicha Turkiya 60 mln turistni qabul qilib, turizm sohasidan 60 mlrd dollar daromad ko‘rishni rejalashtirgan.

Ko‘proq yangiliklar: