Avstraliya politsiyasi mashhur Bluey bolalar teleshousi asosida yaratilgan, cheklangan tirajdagi salkam 400 ming dollarlik tangalarni o‘g‘irlashda gumonlangan shaxsga ayblov e’lon qildi.
Politsiyaning ma’lum qilishicha, o‘tgan oyda G‘arbiy Sidneydagi ushbu erkak ishlagan ombordan 64 ming dona bir dollarlik Bluey tangalari o‘g‘irlangani to‘g‘risida murojaat kelib tushgan. Keyingi oydan umumiy foydalanishga chiqarilishi kutilgan tangalar nominal qiymatidan 10 barobar qimmat narxda sotiladi.
7 avgust kuni 47 yoshli Stiven Jon Nilson Sidneydagi uyida qo‘lga olingan. U bosqinchilik va g‘ayriqonuniy kirish bilan bog‘liq uchta band bo‘yicha ayblanmoqda. Parramatta sudi uning garov evaziga ozod qilinishiga ruxsat bermadi.
Politsiyaning ta’kidlashicha, tangalar ayblanuvchi ishlagan ombordagi yuk mashinasi ichidan o‘g‘irlanganidan bir necha soat o‘tib, internet orqali sotib yuborilgan. O‘g‘rilik sodir etilishidan oldin tangalar Brisbendagi omborga o‘tkazilishi kerak edi. Og‘irligi 500 kilogrammga yaqin bo‘lgan tangalarning yo‘qolgani oradan bir necha kun o‘tib ma’lum bo‘lgan.
Politsiyaga ko‘ra, ular 1000 donaga yaqin tangani topishga muvaffaq bo‘lgan, qolganlari esa umumiy foydalanishga chiqib ketgan.
Tangalarga Bluey multfilmidagi kabi Dollarbucks belgilari tushirilgan. Xillar itlari oilasi haqidagi mashhur shou Ludo animatsion shousi tomonidan yaratilgan bo‘lib, u Buyuk Britaniya, AQSh va Xitoy kabi dunyoning 60 dan ortiq mamlakatiga translatsiya qilinadi.