Kiyev: Malining diplomatik munosabatlarni uzish haqidagi qarori - shoshqaloqlik 

Jahon 07:53 / 06.08.2024 2048

Malidagi hukmron xunta vakili polkovnik Abdulay Mayganing Ukraina bilan diplomatik aloqalarni zudlik bilan uzish haqidagi qarori «shoshqaloqlik»dir. Bu haqda 5 avgust, dushanba kuni Ukraina tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Kiyev xalqaro hamjamiyat ko‘magida xalqaro huquqqa hurmatni tiklashga harakat qilmoqda, bu dunyoning barcha, xususan, Afrika davlatlarini suverenitetga hujumlardan himoya qilishga qaratilgan.

Ukraina rasmiylari Bamakoning Ukrainaning «xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlayotgani» haqidagi da’volarini rad etdi. 

Ukraina tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, Kiyev mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Ukrainaning «ko‘k dubulg‘alilar» kontingenti BMT shafeligida, xususan, 2019-2022 yillarda tashkilot Malidagi missiyalari doirasida bir qator tinchlikparvar operatsiyalarni amalga oshirishga katta hissa qo‘shdi, deya qo‘shimcha qildi ular. 

Ukraina javob tariqasidagi siyosiy va diplomatik choralar ko‘rishga tayyor

Bamako «Mali shimolidagi voqea faktlari va sharoitlarini chuqur o‘rganmasdan hamda Ukrainaning voqeaga aloqadorligini tasdiqlovchi hech qanday dalil keltirmasdan» Ukraina bilan diplomatik munosabatlarni uzishga qaror qildi, dedi TIV.

Shu bilan birga, Kreml tomonidan nazorat qilinadigan harbiy tuzilmalar, xususan, «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) yollanma askarlari terrorchilik usullarini qo‘llayotgani va ko‘plab harbiy jinoyatlar, tinch aholini o‘ldirish va asirlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishda bevosita ishtirok etayotgani e’tibordan chetda qoldi. 

Ukraina barcha zarur siyosiy va diplomatik javob choralarini ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Mali shimolida to‘qnashuvlar

Avvalroq Bamako Ukrainani Malidagi isyonchilarga yordam berishda ayblagan, ular hukumat tarafdorlari kolonnasi va «Vagner» XHKning yollanma askarlarini mag‘lub etgandi.

Avvalroq, 29 iyul kuni «Razgruzka Vagnera» Telegram-kanalida ta’kidlanishicha, Mali hukumat armiyasi (FAM) va XHK 13-hujum otryadining «vagnerchilari» 2024 yil 22 iyuldan 27 iyulgacha Tinzauaten qishlog‘i yaqinida «Azavad muvofiqlashtiruvchi harakati» va Rossiya Federatsiyasida taqiqlangan «Al-Qoida Sahelda» guruhi jangarilari bilan jang qilishdi. 

Mali shimolidagi isyonchilar 25 iyuldan 27 iyulgacha bo‘lgan davrda Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi 84 yollanma jangchisi, shuningdek, Mali hukumati armiyasining 47 askari yo‘q qilinganini bildirdi. Bu haqda 2 avgust kuni AFP xabar berdi. 

Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi («GUR») vakili Andrey Yusov Ukrainaning Malidagi tuareg operatsiyasiga aloqadorligiga ishora qildi. «Isyonchilar rossiyalik harbiy jinoyatchilarga qarshi muvaffaqiyatli harbiy operatsiya o‘tkazish imkonini bergan o‘zlariga kerakli ma’lumotlarni oldilar», dedi u 29 iyul kuni bo‘lib o‘tgan telemarafonda boshqa tafsilotlarni keltirmagan holda. 

Kiyev va Bamako diplomatik munosabatlarni 1992 yilda o‘rnatgan. Ammo tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi aloqalar deyarli amalga oshirilmagan, deya ma’lum qildi Ukraina TIV.

Ko‘proq yangiliklar: