Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) BMTning Falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligining (FQBA, UNRWA) 9 nafar xodimi bilan hamkorlikni to‘xtatdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tergovi ularning HAMAS 7 oktyabr kuni Isroilga hujumiga aloqador bo‘lishi mumkinligini tasdiqladi, deb xabar berdi dpa axborot agentligi 5 avgust, dushanba kuni.
«To‘qqiz nafar shaxsga nisbatan ularning 7 oktyabrdagi teraktlarga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa qilish uchun yetarli dalillar bor», dedi BMT bosh kotibi matbuot kotibi o‘rinbosari Farhan Haq. Ularning ishtiroki aynan nimadan iborat ekani aniqlashtirilmagan.
Isroil tomonidan 7 oktyabrdagi hujumda ishtirok etganlikda ayblangan UNRWA xodimlaridan ikki nafari vafot etdi. Yana to‘qqiz nafar agentlik xodimiga nisbatan dalillar xulosa chiqarish uchun yetarli bo‘lmagan, bir holatda esa umuman dalil yo‘q, deb yozadi Reuters.
UNRWA xodimlari terrorizmga aloqadorlikda ayblanmoqda
Yanvar oyida Isroil razvedkasi UNRWA kamida 19 nafar xodimi 2023 yil oktyabrida HAMASning Isroilga hujumida ishtirok etganini bildirgan edi. Keyinroq Isroil UNRWA 450 dan ortiq xodimi G‘azodagi guruhlar harbiy xizmatchilari ekanini aytdi, deb yozadi Reuters.
UNRWA 1949 yilda tashkil etilgan va hozirda 30 000 dan ortiq xodim ishlaydi. Tashkilotning belgilangan vazifalari orasida maktablar, ijtimoiy obektlar, tibbiyot markazlarini boshqarish, shuningdek, G‘azo sektoridagi 5,9 million falastinlik qochqin o‘rtasida gumanitar yordam tarqatish bor.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 39 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.