Andijonda profilaktika inspektori dalillarni soxtalashtirishda ayblanib, jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, Andijon shahar IIO FMB 3-son IIB profilaktika inspektori, 1990 yilda tug‘ilgan U.S. bir nechta holatda hokimiyat harakatsizligi va dalillarni soxtalashtirish jinoyatini sodir qilgan.
Xususan, u 2022-2023 yillarda 30 ga yaqin shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning turli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan ma’muriy huquqbuzarlikka oid hujjatlarni sudga yuborish yoki huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy jarima solish va undirish choralarini ko‘rmagan. Shuningdek, 20 dan ortiq holatda to‘plangan hujjatlar bo‘yicha aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rmasdan fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazib, jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan.
Bundan tashqari, U.S. fuqaro B.J tanishi P.M. urib, tan jarohati yetkazani holati bo‘yicha yuzaki tergovga qadar tekshiruv o‘tkazib, tayinlangan sud-tibbiy ekspertizasining xulosasi olinmasdan B.N. tan jarohati olmagani haqida hujjatlarga soxta yozuvlar kiritgan. Bu orqali holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Mazkur qaror shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda sud muhokamasiga yuborilgan.
U.S. jinoiy harakatlarini davom ettirib, fuqaro A.G‘. tanishi A.M.ni urib, tan jarohati yetkazgani holati bo‘yicha ham hujjatlarga soxta yozuvlar kiritgan va fuqaro A.G‘., 3-son IIB boshlig‘i Sh.Husanov o‘rniga imzolar qo‘yib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Mazkur qaror o‘rganilganda A.G‘.ga o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazilgani aniqlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Profilaktika inspektori sudda o‘z aybiga iqror bo‘lgan va qilmishidan pushaymonligini aytib, suddan o‘ziga nisbatan adolatli qaror chiqarishni so‘ragan.
Sud hukmi bilan U.S. Jinoyat kodeksining 208-moddasi (hokimiyat harakatsizligi), 230-1-moddasi 2-qismi “b” bandida (dalillarni soxtalashtirish shaxsni ushlab turishga, qamoqqa olishga, jinoiy javobgarlikka tortishga yoki jinoiy javobgarlikdan ozod etishga, hukm qilishga yoxud oqlashga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 2 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Avvalroq Namanganda pora bilan “o‘tirib chiqib”, oqlangan IIB xodimi yana qamalgani xabar qilingandi.