Toshkent shahrida 25 ta yerusti piyodalar o‘tish yo‘li qurilishi reja qilinmoqda. Ulardan 20 tasini qurish uchun 107,2 mlrd so‘m mablag‘ talab etilishi ta’kidlanyapti. Toshkent shahar xalq deputatlar kengashining qarori bilan dastlabki qurilish ishlari uchun 53,6 mlrd so‘m ajratildi. Xo‘sh, poytaxtga bunday o‘tkazgichlar kerakmi? Kun.uz shu masalada aholi va shaharsozlar fikrini o‘rgandi.
Toshkent shahridagi yerusti piyodalar o‘tish yo‘llari haqida dastlab Kun.uz kundalik foydalanuvchilar — piyodalarning fikrini o‘rgandi. Piyodalarning bir qismi yerusti o‘tish yo‘llari xavfsiz harakatlanish uchun samarali ekanligini ma’qullagan bo‘lsa, yana bir qismi ko‘priklarning ayrimlarida lift va eskalatorlar ishlamayotganligi, bu yosh bolali, nogiron, yoshi katta, qo‘lida o‘g‘ir yuk bilan harakatlanayotgan yo‘lovchilarga noqulayliklar keltirib chiqarayotganini aytdi.
Shundan so‘ng Kun.uz muxbiri shahar ichida yerusti piyodalar o‘tish yo‘llarini qurish kerakmi yoki yo‘q, mazkur masalada jahon tajribasi qanday degan savollar bilan shaharsozlar — Iskandar Soliyev hamda Temur Ahmedovga yuzlandi.
“Shahar ichida bunday ko‘priklar kerak emas”
Shaharsoz Iskandar Soliyev Toshkent kabi shaharlar ichida nafaqat baland yerusti, balki yerosti piyodalar o‘tish yo‘llari qurish kerak emasligini ta’kidladi.
“Shahar ichida yerosti va yerusti piyodalar o‘tish yo‘llarining umuman keragi yo‘q. O‘z nomi bilan “shahar” deyilgandan keyin bunday lokatsiyalarda, albatta, piyodalar qatnovi ko‘p bo‘ladi. Aksar holatlarda aynan shunday nuqtalarda yerosti yo‘llari yoki piyodalar uchun mo‘ljallangan ko‘priklar quriladi aslida. Negaki mazkur toifadagi yo‘llar piyodalar umumiy masofasini uzoqlashtirib yuboradi. Oddiy yer yuzidan yo‘lni kesib o‘tganda 20 metr yurilsa, yerosti yoki yerusti yo‘lida masofa 100 metrdan ko‘proqqa cho‘zilishi mumkin.
Bundan tashqari, shahardagi to‘siqsiz muhitning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Ushbu omil yo‘lda nogironlik aravachasi yoki bolalar aravachasi bilan piyoda harakatlanayotgan shaxslarga katta noqulayliklarni keltirib chiqaradi”, – deydi shaharshunos Iskandar Soliyev.
“Avtomobillar uchun shahar quryapmiz”
Shaharsoz Temur Ahmedov esa Toshkent yo‘llarida ustunlik piyodalarga emas, balki avtomobillarga berilayotganini, bu xatoligini, Yevropa davlatlari va AQSh kabi davlatlar tajribalariga suyanish kerakligini aytdi.
“Biz hozir avtomobillar uchun shahar quryapmiz. Yerusti o‘tish yo‘llari piyodalar uchun emas, ular mashinalarga ko‘proq qulaylik yaratadi. Yevropa, AQSh kabi mamlakatlar bu borada aniq sinovlarni o‘tkazgan, nimaga biz ularning tajribasidan foydalanib, to‘g‘ri xulosa chiqarmasligimiz kerak? asrning oxirgi yillaridan, ya’ni deyarli 25 yildan buyon xalqaro tajribada shahar infrastrukturasi dizaynida piyodalar uchun tepa yoki past emas, to‘g‘ri yo‘nalish bo‘ylab yo‘llar qurilishiga o‘tilgan. To‘g‘ri yo‘nalishda to‘siqsiz harakatlanish piyodalar uchun eng qulay va samarador ekanligi isbotlangan.
Piyodalar ko‘priklari balandligiga e’tibor bersangiz, ular deyarli bir binoning 3 qavati bilan teng. Tabiiyki, odamlar uchun balandlikka chiqib-tushish noqulay, sababi u yerdagi lift va eskalatorlar doimiy tarzda ishlamaydi. Bunday holatda odamlar nima qiladi? Yo‘lning belgilanmagan joyidan o‘tadi va turli avtohalokatlarga sababchi bo‘ladi. Shaharsozlik qoidasiga ko‘ra, yo‘llar birinchi navbatda, piyodalar qulayligi va xavfsizligini inobatga olib qurilishi kerak. Bilingki, yerusti o‘tish yo‘llarini barpo etish orqali aholining bir qismini qoidalarni buzishga undagan bo‘lamiz”, – deydi Temur Ahmedov.
Mutaxassislar yerusti o‘tish yo‘llari piyodalar xavfsizligini ta’minlashda eng optimal yechim emasligini, buning uchun shaharda avtotransportlar soni va tezligini kamaytirish, chorrahalarda aqlli svetoforlarni o‘rnatish talab etilishini qayd etdi.
Mavjud yerusti piyodalar o‘tish yo‘llaridagi muammolar
2023 yil 20 dekabr sanasida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narboyeva Toshkent shahridagi yerusti piyodalar o‘tish joylarida ishlamayotgan lift va eskalatorlarni tanqid qilgandi. O‘shanda lift va eskalatorlarni o‘rnatish loyihada belgilanganiga qaramay, ular ishlamayotgani yoki umuman yo‘qligi tilga olingan. Xususan, Muqimiy va Abdulla Qodiriy ko‘chalaridagi liftlar ishlamayotganligi, Muqimiy va Lutfiy ko‘chalari kesishmasidagi ikkita ko‘prikda hamda Shota Rustaveli ko‘chasidagi ko‘prikda lift va eskalatorlar yo‘qligini ta’kidlagandi Senat raisi. Shundan so‘ng Konchilik, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasidan Toshkent hokimligi bilan birgalikda ushbu masalani nazoratga olish so‘ralgan.
Oradan 6 oydan ko‘proq vaqt o‘tdi, biroq bu muammo hali to‘liq bartaraf etilmadi. Faktchek.uz nashri o‘tkazgan o‘rganishlarga ko‘ra, Muqimiy va Bunyodkor shohko‘chasi kesishmasida joylashgan “Novza” metro bekati yaqinidagi yerusti piyodalar o‘tish joylarida eskalatorlar paydo bo‘lmadi, Bunyodkor shohko‘chasi bo‘ylab joylashgan yerusti yo‘l o‘tkazgichidagi lift hamon ishlamayapti.
Cho‘ponota va Bunyodkor shohko‘chasi kesishmasidagi “Mirzo Ulug‘bek” metro bekati yaqinida joylashgan yerusti o‘tish joyiga eskalatorlar o‘rnatilgan, biroq ular yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmayapti, u yerdagi liftlar ishlab turibdi xolos.
Ko‘prik qurish bir nechta svetofor o‘rnatish, asfaltga zebra o‘tish joyini chizishdan ko‘ra ancha qimmatroq. Shaharga yangi yerusti piyodalar o‘tish yo‘li kerakmidi o‘zi? Eskilaridagi masalalar to‘liq bartaraf etilmay, nima uchun yangilarini barpo qilish boshlanyapti? Loyiha nima sababdan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmadi? Yangi ko‘priklar poytaxtning aynan qaysi nuqtalarida quriladi va qanday ko‘rinishda bo‘ladi? Shu kabi savollar bilan Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati vakili Bilan bog‘landik. U bu boradagi savollarimizni ochiq qoldirdi va loyihani amalga oshirish bo‘yicha qaror chiqargan Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi matbuot kotibi bilan bog‘lanishimizni aytdi. Biroq ular bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
Diyora Nabijonova suhbatlashdi
Monta ustasi Sherzod Egamberdiyev