Saylov arafasidagi Hamas, hujumni kutayotgan Isroil va Rossiyada bloklangan YouTube - kun dayjesti

Jahon 13:20 / 05.08.2024 5633

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azoda bolalar o‘rtasida teri kasalliklari shiddat bilan tarqala boshlamoqda. Bunga sabab, insonlar yashashga majbur bo‘layotgan aksilsanitariya sharoitlaridir.

Ekslavning to‘lib-toshgan shifoxonalari ulkan yuklamaga to‘qnash kelgan. Bundan tashqari, Isroilning qamali sabab G‘azoda dori-darmon va gigiyena vositalarining o‘tkir yetishmovchiligi vujudga kelgan.

Bu orada Isroil Dayr ul-Balahdagi qochqinlarning chodirlardan tikilgan lageriga zarba berdi. Zarba Al-Aqso shahidlari shifoxonasining hovlisida tikilgan majburan ko‘chirilgan falastinliklarning lageriga to‘g‘ri kelgan. Tarqatilayotgan tasvirlarda olov chulg‘ab olgan chodirlarni ko‘rish mumkin.

Mahalliy jurnalistlarning xabar berishicha, ushbu zarba natijasida 3 kishi halok bo‘lgan, 18 kishi yaralangan.

Isroil G‘azo sektoridagi ikkita maktabga ham hujum uyushtirgan. Kamida 25 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.

Falastinda 7 oktyabrdan buyon to‘xtash bilmayotgan Isroil hujumlari natijasida halok bo‘lganlar soni 39 ming 583 nafarga yetgan. 91 ming 392 kishi yarador bo‘lgan.

So‘nggi bir sutka ichida 33 kishi o‘ldirilgan va 118 kishi yaralangan.

303 kundan buyon davom etayotgan zulmda o‘ldirilganlarning 16 mingdan ortig‘i yosh bolalar. Yana 21 mingdan ortiq bolalar bedarak yo‘qolgan hisoblanadi.

7 oktyabrdan buyon G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar soni 165 nafarga yetgan.

Hamas saylov arafasida

Hamas G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni vaqtincha to‘xtatdi, deb xabar beradi Saudiya Arabistonining Asharq ul-Awsat gazetasi.

Qayd qilinishicha, bu qaror Tehronda o‘ldirilgan Hamasning siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya o‘rniga yangi voris tayinlangunga qadar kuchda qoladi.

Hamas Haniya o‘ldirilganidan so‘ng yangi siyosiy rahbar saylash uchun maslahatlashuvlarning keng jarayonini boshlaganini ma’lum qilgan. Siyosiy byuroning yangi rahbari nomi Hamas Maslahat kengashining yig‘ilishidan so‘ng e’lon qilinadi.

Voris uchun potensial nomzodlar sifatida Hamasning G‘azodagi rahbari Yahyo as-Sinvar, uning o‘rinbosari Xalil al-Hayya, Hamasning xorijdagi siyosiy byurosi rahbari Xolid Mash’al, harakatning G‘arbiy Sohildagi yetakchisi Zohir Jabboriyn, shuningdek, Hamasning sobiq rahbari Muso Abu Marzuq nomlari tilga olinmoqda.

Manbalarning xabar berishicha, Hamasning keyingi yetakchisini tanlashda “arab va islomiy davlatlar bilan munosabatlar” ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Biroq guruh xavfsizlik vajidan kelib chiqib siyosiy byuroning yangi rahbari nomini oshkor qilmasligi ham mumkin. Chunki agressiv Isroil harakatning barcha rahbariyatini jismonan yo‘q qilishga harakat qilmoqda.

Jumladan, kuni kecha G‘azodagi iqtisodiyot vaziri Abdulfattoh az-Zariy uning Dayr ul-Balahdagi uyiga zarba berilishi oqibatida halok bo‘lgan. Zarba natijasida uning onasi ham qurbon bo‘lgan.

Eronning Isroilga zarbasi

Amerika va Isroil mulozimlari Eron 5 avgust, dushanba kuni Isroil hududi bo‘ylab zarba berishi mumkinligini kutishmoqda.

Axios portalining yozishicha, Yaqin Sharqqa AQSh qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligining rahbari Maykl Kurilla yetib kelgan.

Generalning mintaqaga tashrifi Isroilning Eron va “Hizbulloh” bilan munosabatlari qizg‘in holatga kelmasdan avval rejalashtirilgan edi. Biroq endi u o‘z tashrifidan Isroilni 13 aprel kungi Eron hujumidan saqlanishda yordam bergan xalqaro va mintaqaviy koalitsiyani yana bir bor safarbar qilish uchun foydalanishi kutilmoqda.

Axios portalining eslatishicha, Eron va “Hizbulloh” yetakchilari Livandagi shialar harakati bosh harbiy qo‘mondoni Fuad Shukur va HAMAS siyosiy yetakchisi Ismoil Haniyaning o‘limi uchun qasd olishga qasam ichgan. Eron va Falastin harakati bu harakatlar uchun javobgarlikni Isroil zimmasiga yuklashgan, biroq Isroil hukumati qotilliklarga aloqadorligini tan ham olmagan, inkor ham etmagan.

O‘z navbatida, AQSh Eronning Isroilga ehtimolli hujumi doirasida o‘zining Yaqin Sharqdagi kuchlari sonini oshirishda davom etmoqda, mintaqaga yanada ko‘proq harbiy kemalar va qiruvchi samolyotlarni jo‘natmoqda.

Amerikalik mulozimlarning kutilmalariga ko‘ra, Eronning javob harakatlari 13 aprelda Isroilga qilingan hujum ssenariysi bo‘yicha bo‘lib o‘tadi. Biroq bu safargisi yanada miqyosliroq bo‘lishi mumkin, bunda Livandagi “Hizbulloh” harakatining ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Ukrainadagi F-16 samolyotlari

Ukrainaga va’da qilingan 79 ta F-16 qiruvchi uchoqlarning dastlabki o‘ntasi iyul oyining so‘nggi kunida Rossiyadan mudofaalanish uchun yetkazildi. 2024 yil oxirigacha Ukraina bu samolyotlardan yana 10 tasini olishi kerak, qolganlari 2025 yil davomida keladi.

Uchuvchilarning ingliz tilini bilmasligi va ular o‘rganib qolgan sovet davridagi Mig-29 va Su-27 samolyotlariga nisbatan murakkabligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, deb yozadi The Economist nashri. Yana bir muhim kechikish omili — F-16’ni joylashtirish uchun infratuzilmani yaratishga ketgan vaqt.

The Economist nashriga ko‘ra, Ukrainada zamonaviy qiruvchilarning sekin va bosqichma-bosqich to‘planishi tufayli F-16 urush keyingi borishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi uchun biroz vaqt o‘tishi mumkin. Ularni Ukraina havo mudofaa tizimlariga integratsiya qilish va operatsion tajriba orttirish ham vaqt talab etadi.

«Biroq F-16 kelishi NATO standartlariga muvofiq havo kuchlarining rivojlanishi boshlanishini anglatadi, bu Ukrainani yaxshi rivojlangan F-16 ta’minot zanjiri bilan bog‘laydi», deb xulosa qiladi nashr.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining so‘nggi hisobotida aytilishicha, mahalliy havo ustunligini qo‘lga kiritish va quruqlikdagi qarshi hujumni qo‘llab-quvvatlash uchun Ukrainaga har birida 18 ta qiruvchi uchoqlar bo‘lgan 12 yoki undan ortiq eskadrilya kerak.

Rossiyaga sanksiyalar ta’siri

Bloomberg nashri hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning Urals nefti eksportida 2022 yil dekabridan beri eng past daraja qayd etilgan.

Iyul oyida Primorsk, Ust-Luga va Novorossiysk portlaridan neft eksporti kuniga deyarli 1,8 million barrelgacha kamaydi. Bir oy avval bu ko‘rsatkich 2,2 million barrelni tashkil qilgan.

O‘tgan oyda global neft yetkazib berish kuniga qariyb 586 ming barrelga qisqardi, deb ta’kidlaydi Bloomberg. Iyul oyida neft eksporti nafaqat Rossiyada, balki Braziliya, Venesuela va Qatarda ham kamaygan. Biroq Saudiya va AQShning eksport hajmi oshgan.

G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari 50 dan ortiq rus tankerlarini «ishdan chiqardi», ular yordamida avvalroq mamlakat dunyo bo‘ylab neft eksport qilgan, deb xabar berdi Bloomberg.

Kemalar bo‘sh turib qolishi faktining o‘zi G‘arbda Rossiya neftini tashishga xalaqit beradigan vosita borligini isbotlaydi, deya xulosa qiladi nashr. Shunday qilib, 2023 yil oktyabr oyidan beri sanksiyalarga duchor bo‘lgan 53 ta kemaning deyarli barchasi yangi yuk ortolmagan.

Rossiyada bloklangan YouTube

Rossiyada YouTube foydalanuvchilarining bir qismi yuqori sifatli videolarni ko‘rishda muammoga duch kelmoqda. Muammo Google Chrome, Opera, Mozilla Firefox, Yandex Browser kabi mashhur brauzerlar orqali kiritilganida kuzatilmoqda.

Rossiyada YouTube bilan bog‘liq muammolar iyul oxiridan beri kuzatilmoqda. «Rostelekom» buni 2022 yili Ukrainada urush boshlanganidan beri yangilanmay kelinayotgan Google uskunalaridagi nosozliklar bilan bog‘ladi. O‘z navbatida Google korporatsiyasi bu biror-bir texnik muammo yoki ular tomondan amalga oshirilayotgan harakat natijasi emasligini ma’lum qildi.

Videoxosting tezligi tushib ketganiga qaramay, Rossiyada YouTube’ning qamrovi qisqarmagan va 82,5 millionni tashkil etgan.

Avvalroq Rossiyada YouTube videoxostingi muqobili sifatida ishlab chiqilgan «Platforma» mamlakatda Google servislari bloklanishi boshlangach ishlamay qolgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

«Platforma» Rossiyada 2024 yilning iyunida YouTube’ning o‘rnini bosuvchi videoxosting sifatida ishga tushirilgan. Rteam kompaniyasi dasturchilari yangi videoservisning interfeysi va funksionalligini maksimal darajada YouTube’ga o‘xshash qilib yaratgan.

Rossiyada YouTube’ga kirish tezligi 70 foizgacha pasayib ketgan. Bunday cheklovlar faqat desktop versiyalarga taalluqli ekani va hozircha mobil qurilmalarga ta’sir ko‘rsatmasligi aytilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: