Saida Mirziyoyeva: Diyora, biz sen bilan faxrlanamiz, barakalla!

O‘zbekiston 22:26 / 05.08.2024 8019

5 avgust kuni Ostona shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston bilimdonlari o‘rtasida “Zakovat” Osiyo kubogi bo‘lib o‘tdi. Bahslardan oldin O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqdi.

U o‘z so‘zida Parijda davom etayotgan Olimpiada o‘yinlarida o‘zbekistonliklar va qozog‘istonliklar bir-birlarini qo‘llab-quvvatlayotganini e’tirof etdi.

“So‘nggi kunlarda qozog‘istonliklar o‘zbek sportchilarining g‘alabasiga qanchalik xursand bo‘layotganini, bizning muxlislarimiz esa sizning chempionlaringizni olqishlayotganini internetda bir ko‘ring. Olimpiadadagi birinchi oltin medallarni qozog‘istonlik Yeldas Smetov va o‘zbekistonlik Diyora Keldiyorova qo‘lga kiritdilar.

Ruxsatingiz bilan shu sahnadan turib, yana bir marta ta’kidlamoqchiman: Diyora, biz sen bilan faxrlanamiz, barakalla!

Umid qilamanki, Diyora mamlakatimizning minglab qizlariga ibrat bo‘ladi”, – dedi prezident yordamchisi.

Saida Mirziyoyeva ayollar huquqlari mavzusi ham O‘zbekiston, ham Qozog‘istonda aktual ekanini ta’kidladi.

“Ayollar huquqlari... Ilgari bu borada gapirish uyat hisoblangan. Biz maishiy va iqtisodiy zo‘ravonlik, shilqimlik haqida sukut saqlaganmiz. Ayollar o‘zini himoya qilish imkoniga ega emasdi. Jamiyat hamma vaziyatda ularni ayblagan. “Uyat!” – bitta javob shu edi. Bugun O‘zbekistonda ham, Qozog‘istonda ham maishiy zo‘ravonlikka qarshi qonunlar qabul qilingan va bu bizning umumiy yutug‘imizdir”, – dedi u.

Mirziyoyevaga ko‘ra, hali ko‘plab muammolar borki, ularni yolg‘iz hal qilib bo‘lmaydi.

“Qurib borayotgan bitta umumiy dengizimiz, barchamiz uchun umumiy bir havo, bitta Sirdaryo... Oldimizda mintaqaviy xavfsizlikni kuchaytirish, milliy tillarimizni rivojlantirish, milliy o‘zlikni asrab qolish, yolg‘on xabarlar – dezinformatsiyaga qarshi kurash kabi vazifalar turibdi”, – dedi O‘zbekiston prezidentining yordamchisi.

Ko‘proq yangiliklar: