Bugun, 5 avgust kuni O‘FA majlislar zalida O‘zbekiston U-23 jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Jurnalistlar bilan savol-javob davomida murabbiy «Olimpik» loyihasi, olimpiyachilarning Parij-2024dagi ilk ishtiroki, omadsizlik sabablari, legionerlar tanlovi, Ispaniya hamda Misrga qarshi o‘yinlar haqida fikrlarini bildirdi. Tadbir yakunida esa «Olimpik» va olimpiya jamoasidan iste’foga chiqqanini ma’lum qildi.
Pro ligadan Olimpiadagacha bo‘lgan 3,5 yillik davr haqida
Temur Kapadze matbuot anjumani boshida Olimpiadagacha bo‘lgan 3,5 yil ichida bosib o‘tilgan yo‘l haqida gapirdi.
— Olimpiadagacha bo‘lgan 3,5 yil ichida uzoq yo‘lni bosib o‘tdik. Rahbariyat oldimizga Parij-2024 olimpiadasiga chiqishdek katta va yuqori maqsadni qo‘ygandi. O‘tgan yillar davomida ko‘plab yoshlarga futbolda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qildik, «Olimpik»dan milliy jamoalarga chaqiruvlar olishdi.
Jamoamiz ilk mavsumdanoq nimalarga qodirligini ko‘rsata oldi. Pro ligadan Superligaga yo‘l olish uddalandi va jamoa shu davrga qadar barqaror o‘yin ko‘rsatib kelmoqda. Umuman olganda, 4 ta yirik musobaqada ishtirok etdik. Muxlislarimiz ishonchini oqlashga harakat qildik. Xudoga shukr, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Eng asosiy vazifa — Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik. Qolgan turnirlarda ham munosib ishtirok eta oldik, deb o‘ylayman.
Shu paytgacha bizni qo‘llab-quvvatlagan rahbariyatga, muxlislarimizga va barchangizga rahmat aytaman. Futbolimizni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida bor imkoniyatimizni ishga soldik. Endi bu tarix.
«Legionerlar kelganida – biz kutgan darajada emasdi»
Kapadze Osiyo kubogi U23dan keyin Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish uchun juda vaqt kam qolgani va legionerlarning holati haqida gapirdi.
— Olimpiadaga keladigan bo‘lsak, Osiyo kubogidan keyin oldimizda ko‘p vaqt qolmagandi. Avvalo Olimpiadaga yo‘l olishdagi yuk bilan biz 3,5 yil harakat qildik, buning quvonchi albatta bor edi. Jamoamiz bilan turli intervyular, tadbirlar, xursandchiliklar, charchoq alomatlari. Ko‘p legionerlarimizda chempionatlar tugagandi, kimlardadir charchoq sezildi, ba’zilar jamoa almashtirdi.
Balki oldimizda ko‘proq vaqt bo‘lganda boshqacha bo‘larmidi... Aytaylik, Olimpiada hech bo‘lmasa, 5 oydan keyinroq bo‘lganida natijamiz boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Chunki o‘zimiz ham xursandchiliklardan biroz bosilardik.
Tayyorgarlikka kelsak, aytganimdek, vaqtimiz ko‘p emasdi. Tarkib shakllantirishda o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘ldi. Dukentda ham legionerlarsiz tayyorgarlik ko‘rishga to‘g‘ri keldi. Bu borada kamchiliklar ko‘p bo‘ldi.
Yoshi katta futbolchilarimizning iqtidori, kuchini hammamiz yaxshi bilamiz. Futbolchilar bundan ko‘prog‘iga qodir edi. Ularga minnatdorchilik bildiraman. Ular uchun ham, biz uchun ham foydali bo‘ldi. Bu — jamoaviy o‘yin. Eng asosiysi — biz barcha uchrashuvda g‘alaba qozonsak bo‘lardi, qayerdadir omad yetishmadi.
Tanlov borasida Eldor, Ostonni aniqlab olgandik. O‘rta pozitsiyani kuchaytirish uchun Akmal Mozgovoyni nomzod sifatida ko‘rgandik, ammo Alibek Davronovning jarohati jiddiy ekani sababli himoyachi Husniddin Aliqulov variantiga to‘xtaldik. Bu legionerlar safimizga qo‘shilganida biz istagan, kutgan darajadagi sport formasida emasdi. Shunga qaramay, qisqa fursatda ularni avvalgi sport formasiga qaytarishga urindik.
Aeroportdan boshlangan tashkiliy muammolar haqida
Temur Kapadze O‘zbekiston olimpiya jamoasining Fransiyaga yetib borganidan keyin duch kelgan muammolari haqida ham «yorildi».
— O‘zi hammasi Parij aeroportiga qo‘nishimiz bilan boshlandi. Futbolchilarimizning ikkita bagaji yo‘qoldi va shu bilan bir haftadan keyin topildi. Undan keyin aeroportdan shahardagi manzilimizga yetib borguncha adashib ketdik, avtobusda 40 daqiqa qolib ketdik. Haydovchilarga aniq ko‘rsatmalar berilmaganidan bo‘lsa kerak.
Delegatsiyaning olimpiya shaharchasiga joylashib olishida ham muammolar bo‘ldi. U yerga hammamizni ham kiritishmadi. Ispaniya, Isroil va Mali jamoalari bilan bitta joyda edik. Ularda sharoitlar bor, bizda esa aksariyatimizda issiq paytda ham konditsioner ishlamadi, mezbonlar to‘g‘rilaymiz degani bilan, to‘g‘rilab berishmadi. Keyin esa suv muammosi chiqdi, suv kerak edi, topolmadik. Birinchi kundan shunaqa tashkiliy muammolar bilan ovora bo‘lib yurdik.
Keyingi kundan esa oddiy mashg‘ulotga borishda avtobuslar bo‘yicha muammolar bo‘ldi. Ovqat masalasini-ku, gapirmayman. Ishqilib, har kuni shunaqa mojarolarga o‘ralashib qoldik.
Ispaniya va Misrga qarshi o‘yinlar, qiyinchiliklar va taqvim haqida
Temur Kapadze O‘zbekiston olimpiya jamoasining debyut bahsda Ispaniyaga qarshi munosib o‘yin o‘tkazgani va Misrdan uchralgan mag‘lubiyat hamda omadsizlik sabablariga to‘xtaldi.
— Turnirda eng avvalo bizga omad yetishmadi. Omad kulib boqqanda biz hali ham musobaqada qatnashayotgan bo‘lardik. 1-turdan oldin Ispaniyaning oxirgi o‘yinlarini tahlil qildik. Albatta, o‘ziga yarasha kamchiliklarimiz ham bo‘ldi. O‘yinga qo‘ygan strategiyamiz yaxshi ishladi, ayniqsa, birinchi bo‘limda. Lekin ikkinchi bo‘limda Ispaniyaga imkoniyat berdik.
Ularga qarshi to‘g‘ri pressing qilib, imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Bu o‘yindan keyin jamoa bilan raqiblarning va o‘zimizning o‘yinimizni tahlil qildik. Biz o‘sha kuni raqibdan kuchsiz emasdik, eng kamida durang qayd etishimiz mumkin edi. Umuman olganda, bundan ko‘prog‘ini kutgandik, biroq bizga omad yetishmadi. Eng muhimi katta tajribaga ega bo‘ldik.
Bu bahsdan keyin tiklanish o‘rniga biz boshqa shaharga safar qildik va vaqtimiz yo‘lda o‘tdi. Misr bilan o‘yingacha tashkiliy muammolar sabab ko‘p narsaga ulgurmadik. Misr esa Nantda sharoitlari zo‘r, besh yulduzli mehmonxonaga joylashgan, tiklanish uchun yaxshi sharoit, ovqatlanish masalasida muammosi yo‘q. Ular biz o‘rgangan sharoitda edi. Biz esa Olimpiadaga birinchi bor borganimiz uchun Olimpiya shaharchasida juda ko‘p muammolarga duch keldik. U yerda futbolni o‘ylamay, boshqa muammolar bilan chalg‘ib keldik. Har uch kunda o‘yin, tiklanish kerak bo‘lgan paytda yo‘lda bo‘lardik.
Birinchi o‘yinda ko‘p kuch yo‘qotgandik. Misr esa qarshi hujumlarda bizga muammo tug‘dirdi. Ular zich himoyalanishdi, lekin yetarlicha imkoniyatlarimiz bo‘ldi. Taqvim? Dastlabki o‘yin ko‘p narsaga oydinlik kiritadi. Birinchi o‘yinda yutsangiz, keyingilarida bosim bo‘lmaydi. Biroq taqvim bizga bog‘liq bo‘lmagan holat edi. Raqiblarimiz ham o‘ziga yarsha kuchli. Bu musobaqada kuchsiz jamoa yo‘q edi. Ustiga-ustak Ibrohimxalil Yo‘ldoshev farzandining betobligi uchun ortga qaytishga majbur bo‘ldi. U bu muammosini ertaroq aytganida, balki biz imkon qadar yordam berib, uni tarkibda qoldirgan bo‘lardik.
Albatta, bundan ko‘prog‘ini amalga oshira olardik. O‘yinlarda yetarlicha vaziyat yaratdik. Qayerdadir bosim xalaqit berdi.
«Ta’tilga chiqaman» — Kapadze «Olimpik» va olimpiya jamoasidan iste’foga chiqdi
Temur Kapadze matbuot anjumani yakunida «Olimpik» va olimpiya jamoasidan iste’foga chiqishi va yil oxirigacha ta’tilga chiqishini aytdi.
— Ta’tilga chiqmoqchiman. 3,5 yildan beri dam olish nima ekanini bilmadim. Bu vaqt davomida olimpiya jamoasi bilan 4 ta katta musobaqada ishtirok etdik. «Olimpik» bilan ham Superligada barqaror ishtirok etib keldik. Umuman olganda, deyarli bo‘sh vaqtim bo‘lmadi. Lekin bundan nolimayman. Asosiy vazifani bajardik. Olimpiadada ishtirok etdik. Loyihadagi missiyam tugadi. Endi yil oxirigacha dam olmoqchiman.
«Olimpik»ning kelajagi nima bo‘lishini bilmayman. Buni rahbariyat hal qiladi. Hozircha yordamchi murabbiylar boshqarishadi. O‘zimga kelsak, ta’tildan so‘ng nima qilishimni o‘ylab ko‘raman.