Britaniyada tartibsizliklar tufayli yana 150 kishi ushlandi

Jahon 11:07 / 05.08.2024 5991

Britaniyada o‘ng radikal guruhlarning norozilik namoyishlari tartibsizliklarga aylanib, 3 avgustdan buyon qirollik bo‘ylab 150 dan ortiq kishi ushlandi, deya ma’lum qildi 4 avgust, yakshanba kuni politsiya. Boshqa joylar qatorida Liverpul, Manchester, Midlsbro, Bristol va Belfastda zo‘ravonlik avj olgan. Britaniyadagi tartibsizliklar qatorasiga beshinchi kun davom etmoqda.

Qochqinlar yotoqxonalariga hujumlar va politsiya bilan to‘qnashuvlar

Xususan, Roteremda niqobli namoyishchilar avval boshpana izlovchilar joylashgan mehmonxona oynalarini sindirishdi. Politsiya bilan to‘qnashuvlar natijasida o‘n nafar huquq-tartibot xodimi jarohatlangan. Birmingem yaqinidagi Tamuertda ham boshpana izlovchilar uchun yotoqxona sifatida foydalanilgan mehmonxonaga hujum uyushtirilgan.

Midlsbrodagi namoyishlarda yuzlab odamlar ishtirok etdi, ulardan ba’zilari g‘isht, konserva va gul idishlar bilan politsiyaga hujum qildi. London janubi-g‘arbidagi Oldershotda bir necha o‘nlab odamlar ishtirokida boshpana izlovchilarga qarshi tinch namoyish bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda AFP.

Bir kun avval Xall, Liverpul, Bristol, Manchester, Stok-on-Trent, Blekpul va Belfastda yirik tartibsizliklar sodir bo‘ldi. Ularning ishtirokchilari do‘konlarni vayron qilgan va politsiya xodimlariga hujum uyushtirgan. 

Bosh vazir qonuniy oqibatlar bilan tahdid qildi

Bosh vazir Kir Starmer «o‘ng radikal bezorilik»ni qoraladi va ishtirokchilarga qonuniy oqibatlar bilan tahdid qildi. U politsiyaga «nafrat uyg‘otmoqchi bo‘lgan ekstremistlar»ga qarshi kurashda «hukumatning to‘liq yordami» haqida va’da berdi.  

Boshlangan tartibsizliklar so‘nggi o‘n yil ichida mamlakatda eng ommaviysi deb atalyapti. Ularga migrant oilasidan bo‘lgan 17 yoshli o‘smir tomonidan sodir etilgan jinoyat sabab bo‘ldi. 29 iyul kuni u Sautport kurort shahrida 6 yoshdan 11 yoshgacha bolalar uchun mo‘ljallangan Hart Space Studious raqs studiyasida pichoq bilan hujum qilgan. Hujum oqibatida uch qiz hayotdan ko‘z yumdi. Yana sakkiz nafar bola pichoqlangan, ulardan besh nafarining ahvoli og‘ir. Bolalarga yordam berishga shoshilgan ikki yoshi katta shaxs ham og‘ir jarohatlar bilan shifoxonada. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olindi va unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Uch bolaning o‘ldirilishidan keyin norozilik namoyishlari

30 iyul kuni Sautportda o‘ng ekstremistik namoyishlar zo‘ravonlikka aylandi. O‘shanda 39 politsiyachi yaralandi. Namoyishchilar rasmiylarni jinoyatchining asl kelib chiqishini yashirishda ayblashdi. Politsiya bu ma’lumotni yolg‘on deb atadi va gumonlanuvchi Aksel Rudakubana Britaniyada tug‘ilgani va Sautportga qo‘shni Benks shaharchasida yashaganini ta’kidladi. Uning ota-onasi Ruandadan.

Bir kun o‘tib, London markazida britaniyalik millatchilarning norozilik namoyishi chog‘ida 100 dan ortiq odam ushlandi. Uning ishtirokchilari mamlakatga noqonuniy migrantlarning kirib kelishini to‘xtatishni talab qilishdi. Britaniya OAV xabar berishicha, namoyishchilar Dauning-stritdagi bosh vazir qarorgohi yonidagi panjara ustidan shisha va fayyerlar uloqtirgan.

Politsiya fikricha, tartibsizliklarning faol o‘zagi tarafdorlari futbol bezorilari bilan aloqador millatchi va islomofob «Angliya mudofaa ligasi» uyushmasi tarafdorlaridir.

Ko‘proq yangiliklar: