Isroildagi minglab fuqarolar hukumatdan G‘azo sektorida tutqunlikda qolayotgan asirlarni zudlik bilan ozod etishni talab qilib yana ommaviy norozilik namoyishiga chiqdi. Namoyishlar Eron hujumi xavfi yuzaga kelgan Yaqin Sharqdagi keskin vaziyatga qaramay davom etmoqda.
Odamlarning katta qismi Tel-Aviv sharqidagi hukumat binolari joylashgan hududda to‘plangan. Har shanba kuni Kaplan ko‘chasidagi Mudofaa vazirligi binosi qarshisida o‘tayotgan miting bu safar xavfsizlik nuqtai nazaridan bekor qilindi. Ammo hukumatga qarshi bir necha guruhlar baribir o‘z tarafdorlarini ko‘chalarga chiqishga chaqirgan.
Namoyishchilar «Asirlar bo‘yicha bitimning buzilishiga yo‘l qo‘ymaymiz!» shiori ostida ko‘chalarga chiqqan bo‘lib, ularning qo‘llarida G‘azo sektorida 300 kundan ziyod asirlikda qolayotgan isroilliklarning suratlari tushirilgan plakatlarni ko‘rish mumkin. Namoyishchilar falastinliklarning asirlarni ozod etish borasidagi talablarini qabul qilinishi so‘rash bilan birga, yana bir bor Binyamin Netanyaxu hukumatining iste’fo berishi va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qilmoqda.
Mintaqadagi vaziyatning keskinlashuvi
Yaqin Sharqdagi vaziyat oxirgi kunlarda Tehronda HAMAS siyosiy yetakchisi Ismoil Haniya hamda «Hizbulloh»ning Livandagi shialar harakati bosh harbiy qo‘mondoni Fuad Shukur o‘ldirilganidan keyin keskinlashdi.
HAMAS va «Hizbulloh» mazkur hujumlarda Isroilni ayblab, bu javobsiz qolmasligini ma’lum qildi. Isroil Haniyaning o‘limini javobsiz qoldirdi, biroq Shukur 12 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan Golan tepaliklaridagi Majdal-Shams qishlog‘i o‘qqa tutilganiga javoban yo‘q qilinganini bildirdi. «Hizbulloh» ushbu voqeaga aloqadorligini rad etmoqda.
G‘azo sektoridagi asirlar
Isroil tomonining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorida 115 kishi tutqunda qolmoqda. Ular HAMAS harbiy qanotining 2023 yil 7 oktabr kuni Isroilga uyushtirgan hujumi vaqtida asirga olingan.
31 may kuni AQSh prezidenti Jo Bayden G‘azoda bosqichma-bosqich tinchlikni ta’minlash bo‘yicha yangi bitim shartlarini e’lon qilgandi. Unda olti hafta davomida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik asirlarni Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan yuzlab falastinlik mahbuslarga almashish ko‘zda tutilgan edi.