Buyuk Britaniyada ultrao‘ng guruhlar tomonidan tashkillashtirilgan namoyishlarda va talonchiliklarda ishtirok etgan 100 dan ortiq kishi hibsga olindi, deb xabar bermoqda BBC.
Hafta davomida London, Bristol, Belfast, Sautport, Hall, Liverpul, Manchester, Stok-on-Trent va Blekpul kabi shaharlarda tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, deya yozadi The Guardian. Namoyishchilar migrantlar va politsiyachilar bilan to‘qnashuvlarga kirishgan, politsiya uchastkalari, do‘konlar va masjidlarni vayron qilgan, turli davlat muassasalariga o‘t qo‘ygan. Qator shaharlarda millatchilarning chiqishlariga qarshi aksilfashistik namoyishlar uyushtirilgan.
Ilk to‘lqinlar Sautport shahrida yuzaga kelgandi, bu yerda 29 iyul kuni pichoq bilan qurollangan jinoyatchi Hope of Hart bolalar raqs klubiga bostirib kirib, olti yoshdan to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan uch nafar qizaloqni o‘ldirgandi. Gumonlanuvchi qo‘lga olingan. U qo‘shni shahar Benksdan kelgan 17 yoshli o‘smir bo‘lib chiqdi.
Sautportdagi dafn marosimiga islom diniga qarshi Angliya mudofaa ligasi (English Defence League) guruhi tarafdorlari orasidagi millatchilar ham kelishdi — ular marosimdan mahalliy masjidga hujum qilishga bahona sifatida foydalanishdi. Shahardagi tartibsizliklar vaqtida kamida 39 nafar politsiyachi jarohatlandi.
The Telegraph gazetasi xabar berishicha, mehnat muhojirlariga qarshi pogromlarni Channel3 Now sayti orqali tarqatilgan dezinformatsiyalar to‘lqini keltirib chiqargan. Amerika yangiliklar agentligi sifatida niqoblangan mazkur resursda Sautportdagi hujumni «17 yoshli musulmon, qochqin Ali Al-Shakati» amalga oshirgani haqida yolg‘on xabar tarqatilgan.
Aslida gumonlanuvchi Aksel Rudakuban bo‘lib, u 2006 yilda Kardiffda, Ruandadan kelganlar oilasida tug‘ilgan va butun umri davomida Buyuk Britaniyada yashagan.
Channel3 Now nashridagi eslatma X ijtimoiy tarmog‘ida muntazam ravishda fitna nazariyalari tarqatish bilan shug‘ullanuvchi bloger Berni Spoffortning postidan ikki daqiqa o‘tib joylashtirilgan. Bloger o‘z tvitida Al-Shakati nomini tilga olgan, ammo keyinroq hech bir izohsiz o‘z tvitini o‘chirib yuborgandi. Channel3 Now saytining atigi uch ming folloveri bor akkauntiga joylashtirilgan tvit esa ijtimoiy tarmoqda 27 million marta ko‘rilgan.
O‘ylab topilgan jinoyatchi haqidagi xabar boshqa nashrlarda qayta joylashtirildi hamda ingliz ultrao‘ngchilari yetakchisi Tommi Robinson, bloger Endryu Teyt, tadbirkor Dunkan Bannatayn kabi fikr yetakchilari tomonidan keng tarqatildi. Bu kampaniya esa tartibsizliklar qo‘zg‘atishda muhim rol o‘ynadi, deya qayd etadi nashr.
Hozirda Channel3 Now o‘zini haqiqiy va soxta yangiliklar agregatori sifatida taqdim etadi. Shu bilan birga, The Telegraph nashri aniqlashicha, ushbu resursning yutub-kanali 2012 yilda ochilgan — unda Ijyevskdagi avtopoyga ishqibozlari haqidagi rus tilidagi videohisobotlar joylashtirilgan. 2019 yilda kanal nomi va profil o‘zgartirilgan — unda Pokiston haqida ingliz tilidagi roliklar joylashtirila boshlagan. Channel3 Now domeni Litvada ro‘yxatga olingan va Pokistonning ikki fuqarosiga tegishli hisoblanadi.
Sautportdagi tartibsizliklar, 30 iyul
London, 31 iyul
Hartlpul, 31 iyul
Sanderlend, 2 avgust
Manchester, 3 avgust
Lids, 3 avgust
Liverpul, 3 avgust
Xall, 3 avgust
Bristol, 3 avgust
Belfast, 4 avgust