Germaniya 2040 yilgi Olimpiadaga mezbonlik qilish uchun ariza topshirishga tayyorlanmoqda

Jahon 07:59 / 03.08.2024 1254

Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer 2 avgust, juma kuni Parijda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Germaniyaning 2040 yilgi yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilishga ariza berish haqidagi dastlabki kelishuvni imzoladi. Germaniya Olimpiya sport ittifoqi (DOSB) hamda Germaniyaning musobaqalarni o‘tkazishdan manfaatdor bo‘lgan bir qancha mintaqa va shaharlari bilan shartnoma imzolandi.

«Hukumat bir ovozdan Germaniyaning Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilish istagini qo‘llab-quvvatlaydi, - dedi Fezer. - Biz Olimpiya o‘yinlari birdamlik, iqtisodiyotimiz va sportimiz uchun taqdim etadigan katta imkoniyatlardan foydalanmoqchimiz». Germaniya Ichki ishlar vazirligi rahbari 2040 yilda Germaniya birlashganining 50 yilligi nishonlanishini, shuning uchun bu yil uchun ariza topshirish «kuchli ramz» va «demokratiya belgisi» bo‘lishini ta’kidladi. 

Germaniya hukumati 2040 yilgi Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlariga ariza tayyorlash uchun 6,95 million yevro ajratmoqchi ekanligini ma’lum qildi. 

Ma’lumki, Berlin, Hamburg, Leypsig, Myunxen va Reyn-Rur mintaqasi Olimpiada o‘yinlariga mezbonlik qilish uchun tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan. Germaniyaning yuqori martabali sport amaldorlari ariza ikki shahar yoki mintaqadan topshirilishi mumkinligini ta’kidladi. 

26 iyul kuni ochilgan Parij-2024 Olimpiadasidan keyin Los-Anjyeles 2028 yilgi yozgi o‘yinlarning navbatdagi mezboni bo‘ladi. 2032 yilda Olimpiada Avstraliyaning Brisben shahrida o‘tkaziladi. 

Ko‘proq yangiliklar: