Dunyoga mashhur Ferrari – poygachi tashkil etgan kompaniya qanday rivojlangandi?

Jahon 13:01 / 03.08.2024 6560

Ferrari tarixi 1930-yillar oxiriga borib taqalsa-da, kompaniya o‘zining ilk avtomobilini Ikkinchi jahon urushidan keyin ishlab chiqargan.

Ferrari kompaniyasini poygachi Enso Ferrari tashkil etgan. Bu shaxs 1920-yillar boshlarida Italiyadagi Alfa-Romeo kompaniyasi avtomobillari bilan poygalarda qatnashardi. Bo‘sh vaqtlarida shu kompaniya avtomobillarini sotish bilan shug‘ullanardi.

1929 yilda moliyaviy qiyinchiliklar tufayli Alfa-Romeo kompaniyasi avtomobillar poygalarida ishtirok etishni to‘xtatadi. Shunda chorasiz qolgan Enso o‘zining poyga jamoasini tashkil etadi va unga “Skuderiya Ferrari” deb nom beradi. Jamoa poygalarda Alfa-Romeo avtomobillari bilan qatnashishda davom etadi.

1939 yilda Enso Alfa-Romeo kompaniyasi bilan aloqalarini butunlay uzadi va Auto Avio Costruzioni nomi bilan o‘z kompaniyasini tashkil etadi. U o‘z avtomobillarini ishlab chiqarishni xohlardi. Biroq bu oson emasdi.

Enso o‘z faoliyatini aviatsiya dvigatellarini ishlab chiqarishdan boshlaydi. U paytlarda samolyotlar juda kichik bo‘lib, ularga ixcham dvigatellar o‘rnatilardi.

Enso Ferrari yoshligida
Foto: alamy.com

Ikkinchi jahon urushida Italiya nisbatan tinch edi. Mamlakatga Hitlerning ittifoqdoshi Mussolini rahbarlik qilar, lekin italiyaliklar nemislarga o‘xshab aktiv urush olib bormasdi.

Ana shunday sharoitda Enso urush tugaguncha turli uskunalar tayyorlab turishga majbur bo‘ladi. U o‘zining birinchi avtomobilini urushdan so‘ng 1947 yilda ishlab chiqaradi. Bu 125 S poyga avtomobili edi.

Oradan bir yil o‘tgach, Enso Ferrari 166 Inter avtomobilini tayyorladi. O‘sha yildan boshlab Ferrari avtomobillari poygalarda qatnasha boshlaydi va bir necha marta g‘alaba qozonadi.

1950 yilda America rusumidagi avtomobillar ishlab chiqariladi. O‘sha yili ilk bor Formula-1 poygalari tashkil etiladi va unda Ferrari avtomobillari ham qatnashadi.

1953 yilda kompaniya Ferrari 250 avtomobilini ishlab chiqara boshlaydi. Bu avtomobil o‘z ko‘rinishi va imkoniyatlari bilan boshqa ko‘plab avtomobillardan ustun edi.

1950-yillar boshlarida Ferrari kompaniyasi hali uncha ommalashmagan edi. 1954 yilda Ferrari kompaniyasi 200 ta oddiy va 250 dona poyga avtomobillari ishlab chiqaradi.

1956 yilda Enso Ferrarining o‘g‘li Alfredo “Dino” Ferrari 24 yoshida vafot etadi. U V-6 dvigatellari va Ferrari Dino va Fiat Dino avtomobillari loyihasini yaratgandi.

Enso Ferrari o‘g‘li Alfredo Dino Ferrari bilan
Foto: libero.it

O‘g‘lining erta o‘limi Enso Ferrariga juda qattiq ta’sir qiladi. Biroq ko‘p o‘tmay u o‘zini qo‘lga oladi va kompaniyani rivojlantirishda davom etadi.

1960 yilda Societa Esercizio Fabbriche Automobili e Corse (SEFAC) kompaniyasi tashkil etiladi. Bu paytga kelib Ferrari o‘z mahsulotlarining 40 foizini Amerikaga eksport qilayotgandi.

O‘sha paytlarda kompaniya Ferrari 250 GTE, Ferrari 330 GT, Ferrari Berlinetta Lusso, Ferrari Daytona kabi avtomobillarni ishlab chiqarardi.

Shuningdek, o‘sha paytlarda kompaniyaning eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biri Ferrari 250 GTO avtomobillari ishlab chiqarilgan.

1960-yillarning ikkinchi yarmida savdo hajmi keskin pasayib ketadi. Masalan, 1969 yilda Ferrari bor-yo‘g‘i 619 dona avtomobil sotadi xolos.

1969 yil Enso Ferrari Ferrari kompaniyasiga tegishli aksiyalarning 50 foizini Italiyadagi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Fiat kompaniyasiga sotadi.

1962 yilda ishlab chiqarilgan Ferrari 250 GTO. Bu rusumdagi mashinalar hozir bir necha o‘n mln dollarga baholanadi.
Foto: autoblog.it

Qolgan 50 foiz aksiya va poyga avtomobillari ishlab chiqaruvchi bo‘lim nazorati Ensoning o‘zida saqlanib qoladi.

Shundan so‘ng Fiat kompaniyaga katta miqdorda sarmoya kiritadi va ishlab chiqarishni kengaytiradi. 1970 yilda Ferrari 1000 dona qimmatbaho avtomobil ishlab chiqargan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 1970-yillarning ikkinchi yarmida 2000 donaga yetadi.

1988 yilda Ferrari asoschisi Enso Ferrari 90 yoshida vafot etadi. Shundan so‘ng Fiat kompaniya aksiyalarining yana 40 foizini sotib oladi va o‘z ulushini 90 foizga yetkazadi.

Enso Ferrari o‘limidan avval ishlagan eng oxirgi loyihasi Ferrari F40 avtomobili edi.

Islohotlar

1992 yilda Luka Kordero di Montedzemolo Ferrari kompaniyasi direktori etib tayinlanadi. U bu vazifada 2014 yilgacha ishlaydi. Luka ishni eski rusumdagi avtomobillarni ishlab chiqarishni to‘xtatish va yangi rusumlarni tayyorlashdan boshlaydi.

Jumladan, uning davrida 9 ta yangi rusumdagi aviomobillarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ular orasida nisbatan biroz arzon bo‘lgan va narxi 166 ming dollardan boshlanadigan Ferrari 355 avtomobili ham bor edi.

Ferrari 355  avtomobili
Foto: carsandtuning.org

1997 yilda Fiat Ferrari kompaniyasini yana bir qimmatbaho sport avtomobillari ishlab chiqaruvchi Maserati bilan birlashtiradi. 2005 yilda har ikki kompaniya yana alohida qilinadi.

2014 yilda Fiat Chrysler Automobiles NV (FCA) kompaniyasi Ferrari’ni alohida kompaniyaga aylantirish haqida e’lon qiladi. 2015 yil sentabr oyida Niderlandiyada Ferrari’ning 100 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi Ferrari N.V. holding kompaniyasi ro‘yxatga olinadi.

Shundan so‘ng holding kompaniya aksiyalari avvaliga Nyu-York, keyin Italiya va boshqa fond birjalariga chiqariladi. Bugungi kunda Ferrari N.V. holding kompaniyasining 24 foiz aksiyasi Anellilar oilasiga, 10 foiz aksiyasi Piyero Ferrari va 6 foizi Amerikaning BlackRock investitsiya kompaniyasida. Qolgani boshqalarda.

Hozirda kompaniya direktorlar kengashi rahbari va prezidenti Jonn Elkann. U shuningdek Exor va Stellantis kompaniyalari direktorlar kengashiga ham rahbarlik qiladi. Piyero Ferrari esa kompaniya vitse-prezidenti hisoblanadi. Benedetto Vinya esa kompaniya bosh direktori hisoblanadi.

Foto: onedio.com

Kompaniyaning ko‘rsatkichlari

2008 yilda kompaniya 6 662 dona avtomobil ishlab chiqarib, sotgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 13 663 donani tashkil etgan. Bundan tashqari, kompaniya nafaqat o‘z avtomobillariga, Maserati avtomobillariga ham dvigatellar tayyorlab bergan.

2023 yilda Ferrari kompaniyasining daromadi 5,97 mlrd dollarni tashkil etgan. Uning 40 foizi Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikada, 28 foizi Amerika qit’asi, 11 foizi Xitoy, Tayvan va Hongkong, 17 foizi Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi savdolardan olingan.

Dunyo bo‘ylab sotilayotgan narxi 200 ming dollardan boshlanadigan qimmatbaho avtomobillarning 25 foizini Ferrari tayyorlaydi. Amerikada bu ko‘rsatkich 20 foizni, Xitoyda esa 40 foizni tashkil etadi.

Kompaniya Formula-1 poygalarida qatnashuvchi avtomobillarini Scuderia Ferrari deb nomlangan alohida bo‘limida ishlab chiqaradi. Ferrari avtomobillari Formula-1 musobaqalarida 15 marta chempion bo‘lgan, 16 marta Konstruktorlar kubogida g‘alaba qozongan.

Ferrari Formula-1 musobaqalarida
Foto: alamy.com

Ferrarining eng mashhur rusumlari

Ferrari 125 S, 1947 yil. Ferrari 125 S Enso Ferrarining o‘z brendi ostida ishlab chiqargan birinchi avtomobili hisoblanadi. Bu avtomobilga Ferrari tomonidan ishlab chiqarilgan, 12 silindrli 118 ot kuchiga ega dvigatel o‘rnatilgandi.

Ferrari 250 GTO, 1962 yil. Ferrari 250 GTO avtomobillari 1962-1964 yillarda ishlab chiqarilgan. U Xalqaro avtomobil federatsiyasi chempionatida 1962, 1963, 1964 yillarda hajmi 2 litrli dvigatellar orasida konstruktorlar kubogini qo‘lga kiritadi.

Ushbu avtomobildan kompaniya 36 dona (boshqa manbalarda 39 dona) ishlab chiqarilgan. Bundan bir necha yil avval 1963 yilda ishlab chiqarilgan Ferrari 250 GTO 52 mln dollarga sotildi va dunyodagi eng qimmat avtomobil nomini oldi. Chunki ungacha bironta avtomobil buncha narxga sotilmagan edi.

1968 yilda ishlab chiqarilgan Ferrari 365 GTB/4 Daytona
Foto: carjager.com

Ferrari 365 GTB/4 Daytona, 1968 yil. Ferrari 365 GTB/4 Daytona avtomobili 1968-1973 yillar oralig‘ida ishlab chiqarilgan. Bu avtomobil ikki eshikli va ikki o‘rindiqli bo‘lib, unga 352 ot kuchiga ega bo‘lgan 4,4 litr hajmga ega dvigatel o‘rnatilgan.

Ushbu avtomobildan Amerikada suratga olingan Mayami politsiyasi serialida foydalanishadi. Shundan so‘ng unga amerikaliklardan ko‘plab buyurtmalar tushadi. Shu tariqa, Ferrari 365 GTB/4 Daytona Ferrari avtomobillarining AQShda ommalashishiga sababchi bo‘ladi.

Ferrari Dino 246 GT/Gs, 1969 yil. Ferrari kompaniyasi Ferrari Dino turkumiga kiruvchi avtomobil rusumini ilk bor 1956 yilda ishlab chiqargan. Keyinchalik uning bir nechta rusumlari tayyorlanadi.

Enso Ferrari 1956 yilda 24 yoshida vafot etgan o‘g‘li Alfredo “Dino” Ferrari sharafiga bu turdagi avtomobillarni Ferrari Dino deb nomlagan edi.

Ferrari Dino 246 GT/Gs rusumli avtomobillar 1969-1973 yillar davomida ishlab chiqarilgan. Ushbu avtomobilga 2,4 litr hajmli, 195 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatel o‘rnatilgan.

Ferrari Dino 246 GT/Gs avtomobillaridan jami 3 569 dona tayyorlab sotilgan. Bu avtomobil narxi biroz arzon sotilgani uchun ham unga xaridor ko‘p bo‘lgan.

Ferrari F40
Foto: alamy.com

Ferrari F40, 1987 yil. 1987 yil kompaniya o‘zining 40 yillik yubileyiga sovg‘a sifatida Ferrari F40 rusumini tayyorlaydi. O‘sha paytda bu avtomobil qimmatbaho sport avtomobillari orasida eng yaxshisi bo‘lgan.

Ferrari F40 avtomobillari 1987 yildan 1992 yilgacha ishlab chiqarilgan. Bu rusum Enso Ferrari tomonidan tayyorlangan so‘nggi loyiha edi. Ferrari F40 avtomobili chiqarila boshlangandan bir yil o‘tib u 90 yoshida vafot etadi.

Ikki eshikli va ikki o‘rindiqli bo‘lgan bu avtomobildan avvaliga 400 dona ishlab chiqarish reja qilinadi. Biroq talab oshib ketgani uchun kompaniya undan jami 1 315 dona tayyorlagan. Bugun garchi eski bo‘lsa ham Ferrari F40 avtomobillari o‘rtacha 1 mln dollar narxlanadi.

Ferrari F355, 1994 yil. Ferrari F355 1994-1999 yillar oralig‘ida ishlab chiqarilgan bo‘lib, u kompaniya avtomobillari orasida eng chiroylisi hisoblanadi.

Ikki eshikli va ikki o‘rindiqli mazkur avtomobilga talab juda yuqori bo‘lgan. Ferrari undan jami 11 273 dona tayyorlab sotgan.

Ferrari F399, 1999 yil. Ro‘yxatimizdagi boshqa rusumlardan farqli ravishda Ferrari F399 poyga avtomobili bo‘lgan. 1980-yillardan boshlab Ferrari Formula-1 poygalarida muvaffaqiyatli qatnasha boshlaydi.

Biroq jamoa a’zolari shaxsiy hisobda chempion bo‘la olmayotgandi. 1995 yilda Ferrari jamoasiga germaniyalik Mixael Shumaxer keladi.

1998 yilda Ferrari F300, 1999 yilda Ferrari F399 bolidlari bilan ikkinchi o‘rinni egallagan sportchi nihoyat 2000 yilda chempion bo‘ladi va shundan so‘ng bir necha yil davomida u F399 avtomobili bilan g‘oliblikni hech kimga bermaydi.

Ferrari Enzo
Foto: istockpro.com

Ferrari Enzo, 2002 yil. Ferrari Enzo avtomobili 2002-2004 yillarda ishlab chiqarilgan. Bu rusumning nomi Ferrari asoschisi Enso Ferrari nomiga qo‘yilgan bo‘lib, undan jami 400 dona tayyorlangan.

Mazkur avtomobilga 6 litr hajmga ega 660 ot kuchiga teng dvigatel o‘rnatilgan. Ferrari Enzo ilk ishlab chiqarilgan paytlarida 700 ming dollarga narxlangan. Hozir esa ular 2 mln dollarga qimmatlagan.

Ferrari 458 Speciale, 2013 yil. Ferrari 458 Speciale avtomobili 2013-2015 yillarda ishlab chiqarilgan. Ikki eshikli va ikki o‘rindiqli bu avtomobilga 4,5 litr hajmli, 605 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatel o‘rnatilgan.

Ushbu avtomobil ham kompaniyaning muvaffaqiyatli loyihalaridan biri bo‘lib, undan 1 309 dona tayyorlab, sotilgan. Ferrari 458 Speciale Ferrari tomonidan ishlab chiqarilgan atmosfera dvigateli bilan jihozlangan so‘nggi rusum hisoblanadi.

Ferrari LaFerrari
Foto: alamy.com

Ferrari Laferrari. Ferrari Laferrari avtomobillari 2013-2018 yillar oralig‘ida ishlab chiqarilgan. 2013-2016 yillarda 500 dona kupe, 2016-2018 yillarda 210 dona Aperta ko‘rinishida Ferrari Laferrari tayyorlangan.

Ikki eshikli va ikki o‘rindiqli giperkarga 963 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatel o‘rnatilgan. Ferrari Laferrari ekologik jihatdan juda “toza” avtomobil hisoblanadi.

U 1 km masofaga harakatlanganda atmosferaga bor-yo‘g‘i 545 gramm zaharli chiqindi chiqaradi. Ma’lumot uchun, Ferrari Enzo avtomobili atmosferaga bundan ikki barobar ko‘p zaharli gaz chiqargan.

Bugungi kunda Ferrari Laferrari avtomobillarining eng arzoni 1 mln dollarga baholanadi.

Taniqli mijozlar

Dunyoning boy va taniqli kishilari, mashhur sportchilar Ferrari kompaniyasi mijozi hisoblanadi. Jumladan, futbolchi Zlatan Ibrohimovich, Formula-1 poygachilari Lyuis Hemilton, Felipe Massa, taniqli aktyorlar Kianu Rivz, Robert Dauni kabilar Ferrari’ning turli rusumlariga egalik qilishadi.

Zalatan Ibrohimovich Ferrari avtomobili bilan
Foto: naslovi.net

Bundan tashqari, futbol yulduzlari Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi va boshqalarda ham bir nechtadan Ferrari avtomobillari bor. Lionel Messida Ferrari F430 bor edi. U 36 mln dollar evaziga 1957 yilda ishlab chiqarilgan Ferrari 335 S Spider Scaglietti avtomobilini ham xarid qiladi.

Messi sotib olgan avtomobilda poygachi Stirling Moss 1958 yilda Kubada o‘tkazilgan Formula-1 poygalarida g‘olib chiqqan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda auksionda Messiga Krishtianu Ronaldu raqiblik qilgan.

Ronalduda uchta Ferrari bor. Ulardan eng qimmatini futbolchi 2,35 mln dollarga sotib olgan.

Messi 36 mln dollarga sotib olgan Ferrari 335 Sport Spider Scaglietti
Foto: worldcarfans.com

Qora ro‘yxatdagilar

Ferrari kompaniyasida qora ro‘yxat bor va unga Ferrari avtomobillarini tanqid qilgan shaxslar kiritiladi. Bunday shaxslarga qancha pul taklif qilishidan qat’i nazar kompaniya avtomobillari umuman sotilmaydi.

Ulardan biri mashhur Hollivud aktyori Nikolas Keyj hisoblanadi. U o‘zi egalik qiladigan Ferrari avtomobilini kompaniyadan ruxsat olmasdan reklama roligida ishlatgani uchun qora ro‘yxatga kiritilgan.

Shuningdek, ro‘yxatda bokschi Floyd Meyvezer ham bor. U o‘zidagi Ferrari avtomobilini firibgarlik yo‘li bilan sotishga uringani uchun ro‘yxatga tirkalgan.

Floyd Mayvezer Ferrari va Mersedes avtomobillari bilan
Foto: clicrbs.com.br

Taniqli reper 50 Cent va Jastin Biber Ferrari avtomobillari haqida salbiy gaplar gapirishgani uchun qora ro‘yxatga tushishgan.

Kompaniya bugun

2023 yilda Ferrari kompaniyasi 13 663 dona mashina sotgan va 5,97 mlrd daromad qilgan. Shundan 1,26 mlrd dollar sof foyda bo‘lgan. Shu tariqa kompaniya birinchi marta sof foydasini mlrd dollardan oshira olgan.

2022 yilga qaraganda o‘tgan yil Ferrari daromadi 17 foizga, sof foyda esa 34 foizga oshgan. 2023 yilda sotilgan avtomobillarning yarmi gibrid avtomobillar bo‘lgan.

Joriy yilda kompaniya ilk marta elektromobil ishlab chiqaruvchi bo‘limni ishga tushirishni rejalashtirgan. Shuningdek, 2024 yilda kompaniya daromadi 6,5 mlrd dollardan oshishi prognoz qilingan.

2023 yilda kompaniya kapitalizatsiyasi 74,2 mlrd aktivlari esa 8 mlrd dollarni tashkil etgan. Kompaniya korxonalarida 5 mingdan oshiq odam mehnat qilmoqda.

Ferrari avtomobillari yig‘iladigan zavod
Foto: bhaskar.com

Kompaniyaning asosiy yig‘uv korxonalari Maranelloda joylashgan. Shassilari esa Modenadagi zavodda tayyorlanadi. Ferrari shtab kvartirasi ham Maranelloda. Bu shaharda asosiy ofisdan tashqari, Formula-1 poygalarida qatnashuvchi jamoa ofisi hamda muzey joylashgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: