3 kunlik dabdaba va kamsitilgan jurnalistlar. Andijondagi festivalga qancha sarflandi?

O‘zbekiston 19:18 / 03.08.2024 37075

“Dunyo sadolari” an’anaviy festivaliga taklif qilingan dunyoga mashhur Innaga 130 ming dollar to‘langani aytilmoqda. Tadbirni yoritishga chaqirilgan jurnalistlar ichkariga kiritilmagan, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ularni kamsitib, "qo‘llaridan balo ham kelmasligi"ni aytgan.

29-31 iyul kunlari Andijonning Xonobod shahrida an’anaviy II “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivali bo‘lib o‘tdi.

Bu yilgi tadbirda ham O‘zbekiston va dunyo estradasi yulduzlari konsert dasturlari bilan ishtirok etishdi. Xususan, 29 iyul kuni ochilish marosimida Hamdam Sobirov, Yulduz Usmonova, qozog‘istonlik Dianella va Jah Khalib qatnashgan bo‘lsa, 30 iyuldagi gala-konsertda Shohruxxon, xorij san’atkorlari Megan va Jony'lar chiqish qilgan.

Tadbirning so‘nggi kuni, 31 iyulda festivalni yakunlash uchun Rayhon G‘aniyeva, hindistonlik “DJ Sukhbir” va jahon yulduzi Inna ishtirok etgan.

Bundan tashqari, xalqaro festival doirasida Xonobod shahri bo‘ylab ko‘rgazmalar va madaniy dasturlar tashkil etilib, shahar bo‘ylab sayohat qilish istagida bo‘lgan mehmonlar uchun havo shari xizmati tashkil etilgan.

San’at olami vakillarini olib kelish, ko‘rgazma o‘tkazish va albatta, havo shari xizmati hisobga olinsa, festival ancha qimmatga tushganini taxmin qilsa bo‘ladi.

“Dunyo sadolari” festivali qanday o‘tdi?

Andijonda o‘tgan festivalning esda qolarli yana bir qismi jurnalistlar va viloyat hokimi Shuhrat Abduramonov bilan o‘tgan kechki ovqat bilan bog‘liq.

Gap shundaki, festivalni yoritish uchun chaqirilgan bir guruh jurnalistlar ichki ishlar xodimlari tomonidan tadbir o‘tayotgan joyga kiritilmagan. Buni tarmoqlarda tarqalgan bir qancha videolardan ham ko‘rish mumkin.

Shundan keyin o‘sha kuni kechki ovqatda vaziyatni go‘yo “yumshatish”ga urinmoqchi bo‘lgan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ommaviy axborot vositalari vakillariga qo‘pol gaplar ishlatgan va muxbirlardan salbiy ma’nodagi materiallar yozmaslikni so‘ragan.

“Tushungan inson bo‘lsa, o‘zingizga eng yaqin inson deb qabul qilinglar. Mening gaplarimdan kavak qidirmanglar. Ovora bo‘lib yomonlik qidirmalaring. Qo‘llaringdan balo ham kelmaydi baribir... Ming o‘ylaganing bilan soching oqaradi yoki to‘kiladi xolos boshqa narsa bo‘lmaydi”, – degan u.

Hokim bilan bu uchrashuvda bevosita qatnashgan “Mening yurtim” telekanali muxbiri “Markaziy studiya” ko‘rsatuvida bu gap-so‘zlarning hammasi aynan jurnalistlarga qaratilganini qayd etgan. Ammo Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati Daryo.uz'ga bergan izohida buni rad etgan.

10 mlrd so‘mga tushgan dabdaba

“Mening yurtim” telekanali muxbirining ta’kidlashicha, jahon va milliy estrada yulduzlarining konsert berib ketishi uchun yaxshigina gonorar to‘lab berilgan.

Masalan, rumin qo‘shiqchisi Innaga 130 ming, Yulduz Usmonovaga 12 ming, Hamdam Sobirov va Rayhon G‘aniyevaga esa 7 ming AQSh dollari atrofida pul to‘langan.

Andijon – budjet taqchilligi eng katta hudud

Festivalga qancha sarflangani va uni qaysi manba moliyalashtirganiga oid savollar bilan Kun.uz viloyat hokimiyati matbuot xizmati bilan bog‘lanishga urindi. Ammo hokimiyatga aloqaga chiqishning iloji bo‘lmadi.

Eslatib o‘tamiz, Andijon respublikadagi budjet taqchilligi eng yuqori viloyat hisoblanadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tayyorlangan mahalliy budjetlar ijrosi haqidagi hisobotga ko‘ra, 2024 yilning birinchi yarmida Andijon viloyatining daromadlari 1 trln 744,2 mlrd so‘mni, xarajatlari esa 3 trln 114,3 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Sodda qilib aytganda, viloyat budjetida joriy yilning 6 oyida 1 trln 370,1 mlrd so‘mlik taqchillik kuzatilgan. Bu respublikadagi eng yomon ko‘rsatkich.

Ma’lumot uchun, 2024 yilning 7 oyida respublika budjeti daromadlari 137,6 trln so‘m, xarajatlari esa 174,1 trln so‘mni tashkil etib, taqchillik 36,5 trln so‘mga yetdi. Budjet mablag‘larining yuqoridagiga o‘xshash tadbirlar uchun samarasiz ishlatilayotgani taqchillikning kengayishiga va tashqi qarz miqdorining oshib borishiga ta’sir qilyapti.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: