Ukraina moliya vaziri Sergey Marchenko va Jahon bankining Sharqiy Yevropa (Belarus, Moldova va Ukraina) mintaqaviy direktori Bob Som yaqin kelajakda AQShdan 3,9 milliard dollar miqdorida grant olishni nazarda tutuvchi kelishuvni imzoladilar. Bu haqda Ukraina Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
«Hukumat samarali ishi xalqaro hamkorlar muhim ko‘magi bilan Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli qurolli tajovuzkorligi sharoitida moliyaviy tizim barqarorligini ta’minlash imkonini beradi. Men AQSh va Jahon banki jamoasiga muhim resurslarni safarbar etganlik uchun minnatdorman. Bu davlat budjeti likvidligini saqlab qolish uchun zarur va o‘z vaqtida moliyalashtirishdir», — deya matbuot xizmati uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi.
Idora qayd etishicha, jalb qilingan mablag‘lar o‘qituvchilar, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish xizmatlari, davlat xizmatchilariga ish haqi to‘lash, shuningdek, ustuvor ijtimoiy xarajatlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
«Bu 2024 yilda Qo‘shma Shtatlar tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri budjet yordamining birinchi transhidir. Joriy yilda AQShdan ko‘zda tutilgan moliyaviy yordam hajmi 7,8 milliard dollarni tashkil etadi», — deyiladi Moliya vazirligi xabarida.
Idoraning qo‘shimcha qilishicha, mablag‘lar «Ukrainada barqaror davlat boshqaruvini ta’minlash uchun davlat xarajatlarini qo‘llab-quvvatlash» (in Ukraine) loyihasi orqali keladi.
«PEACE in Ukraine loyihasi orqali 2022 yil iyun oyidan boshlab davlat budjetiga 25 milliard AQSh dollaridan ortiq mablag‘ jalb qilindi. Ushbu kelishuv loyiha doirasidagi budjetni qo‘llab-quvvatlash hajmini qariyb 30 milliard dollargacha oshiradi, shundan 80 foizdan ortig‘i AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi», — deya ta’kidladi Moliya vazirligi.