Rossiyada ikkita nemis va ikkita chex nodavlat tashkiloti nomaqbul deb topildi

Jahon 08:32 / 02.08.2024 1095

Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi 1 avgust, payshanba kuni Rossiyada to‘rtta xorijiy nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) faoliyatini nomaqbul deb tan oldi: Za vaši a naši svobodu, z. s. va Kulturus, z. s. (ikkalasi ham Chexiya Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan), Russland hinter Gittern e.V. («Rus sidyashchaya» fondi yuridik shaxsi) va MRR-Fund (ikkalasi ham Germaniyadan). 

«Ushbu birlashmalar umumiy rahbarlik ostida faoliyat yuritishi aniqlandi. Shunday qilib, Za vaši a naši svobodu, z. s. Ukraina Qurolli kuchlariga avtomobillar, uchuvchisiz uchish apparatlari, kiyim-kechak va boshqa narsalar sotib olishda doimiy tarzda moddiy yordam ko‘rsatadi», deyiladi departament bayonotida. 

«Rus sidyashchaya» inson huquqlari loyihasi asoschisi Olga Romanova Bosh prokuratura qaroriga javob berdi. «Almashinuv fonida sovg‘a. Bu tashkilotlarning barchasi men bilan bevosita bog‘liq. Bundan faxrlanaman!» – deb yozdi u Telegram’da.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Russland hinter Gittern go‘yoki «Rossiya qiyofasini yomonlashtiruvchi yangiliklarni nashr etadi, mualliflar tarixni qayta yozishga harakat qiladilar»; «MRR-Fund gemeinnützige UG (haftungsbeschrankt) davlat organlari va Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari harakatlarini obro‘sizlantiradigan materiallarni tarqatadi»; «Kulturus, z. s. har yili Rossiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazadi, undagi ishtirokchilar faoliyati Rossiya hududida nomaqbul deb tan olingan xorijiy va xalqaro nohukumat tashkilotlari a’zolaridir». 

«Nomaqbul» tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunchilik kuchaytirilishi

23 iyul kuni Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi muassislari yoki ishtirokchilari xorijiy davlat organlari bo‘lgan har qanday tashkilotlarni «nomaqbul» deb tan olishga, shuningdek ularda ishtirok etganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortishga imkon beruvchi qonunlar to‘plamini qabul qildi.

Avvalgi qonunchilik ta’sischilari yoki ishtirokchilari xorijiy davlat organlari bo‘lgan xorijiy va xalqaro tashkilotlar faoliyatini «nomaqbul» deb tan olishga imkon bermas edi. Ushbu norma faqat xorijiy nodavlat tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi.

Spiker Vyacheslav Volodinning so‘zlariga ko‘ra, yangi norma «aksilrus» faoliyat olib boradigan «AQSh, Britaniya va boshqa Yevropa davlatlari idoralari tomonidan tuzilgan tashkilotlarga» qarshi qaratilgan. Har qanday nomaqbul tashkilot faoliyatida ishtirok etganlik uchun rossiyaliklar, masalan, 500 ming rublgacha jarima yoki 4 yilgacha qamoq jazosi, uning faoliyatini tashkil etganlik uchun esa 6 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: