Putin Krasikovni qaytarib oldi. Germaniyada umrbodga qamalgan FXX xodimi qanday jinoyat sodir etgandi?

Jahon 12:38 / 02.08.2024 8388

Turkiya Milliy razvedka tashkiloti Rossiya, Belarus va G‘arb davlatlari o‘rtasida mahbuslar almashinuviga vositachilik qildi. Mahbuslar almashinuvida amerikalik Evan Gershkovich va Pol Uilan, Germaniya fuqarosi Riko Kriger, rossiyalik siyosatchi Ilya Yashin va FXX ofitseri Vadim Krasikov ham ishtirok etdi.

Germaniyada qotillik uchun sudlangan Vadim Krasikov Rossiya va G‘arb o‘rtasida mahbuslar almashinuvining asosiy figurasi bo‘ldi. Bu odam kim va nima uchun Kreml uni qaytarib olishga urindi?

G‘arbda jinoyat sodir etgani uchun turli muddatlarga qamalgan Rossiya fuqarolari orasida Vadim Krasikov ham bor. U nemis qamoqxonasida jazo muddatini o‘tab kelayotgandi. Krasikov — mutlaqo alohida holat. Oldinlari G‘arb davlatlari Moskva bilan josuslar, xoinlar, ikki tomonlama agentlar yoki iqtisodiy jinoyatchilarni almashgan bo‘lsa, Krasikov — Germaniyada umrbod ozodlikdan mahrum etilgan qotil.

Kreml aynan shu insonning Rossiyaga qaytarilishiga qiziqish bildirgani haqida mamlakat prezidenti Vladimir Putin ham deyarli ochiq gapirgan. 2023 yil fevralida amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida u «vatanparvarlik qarashlari sabab Yevropa poytaxtlaridan birida banditni yo‘q qilgan» odam haqida gapirib o‘tgan edi.

Bir oydan keyin prezidentlik saylovlari yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Putin qamoqxonada vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniyni «G‘arb davlatlarida ozodlikdan mahrum etilgan ayrim odamlarga» almashishga tayyor bo‘lganini tan olgandi.

Berlin markazida o‘ldirilgan chechen

Qotillik Krasikov tomonidan 2019 yilning 23 avgustida Berlin markazida sodir etilgan. Rossiyalik killerning qurboni sobiq chechen dala komandiri, Gruziya fuqarosi Zelimxon Xangoshvili edi. Rossiya avvalroq uni terrorizmda ayblab, qidiruvga bergandi. Xangoshvili 2015 yilda Gruziyada o‘ziga uyushtirilgan suiqasddan keyin Germaniyaga qochib ketgan.

Berlinda, kuppa-kunduz kuni, ko‘plab insonlar ko‘z o‘ngida velosiped mingan erkak chechenning orqasidan kelib, ovoz so‘ndirgich qotirilgan to‘pponchani oladi va unga uch marotaba o‘q uzadi. Qotilning qochib ketishiga guvohlar xalaqit beradi: ular politsiyachilarga velosipedini suvga otib, parigini yechgan va kiyimlarini almashtirgan shaxsni ko‘rsatadi. Qotilni qo‘lga olish vaqtida uning yonidan Vadim Sokolov nomiga tayyorlangan Rossiya pasporti va to‘pponcha topiladi.

Tergov, sud va hukm

Nemis tergovchilari qotilning shaxsini tasodifan aniqlashga muvaffaq bo‘ladi. Interpol arxivlarida Rossiya hukumati Vadim Krasikovni qidirish uchun xorijlik hamkasblaridan yordam so‘rab, uning yuborgan surati topiladi. O‘shanda Rossiyada u bir biznesmenni o‘ldirganlikda gumonlangan. Ushbu surat butun boshli kalavaning uchi edi.

Jurnalistik surishtiruv davomida aniqlanishicha, Xangoshvili o‘ldirilishidan oldin Berlinda Skolovga tegishli xorijga chiqish pasportidagi ma’lumotlarga ega fuqaro Rossiyaning ichki passport reyestrida ham, Federal soliq xizmati ro‘yxatida ham bo‘lmagan. U har ikkala ma’lumotlar bazasida Berlindagi jinoyatdan bir necha hafta oldin paydo bo‘ladi. Guvohlardan birining fikricha, aslida mavjud bo‘lmagan bunday insonni faqat maxsus xizmatlar «yarata oladi».

Bundan tashqari, jurnalistlar Krasikov Federal xavfsizlik xizmatining «Vimpel» maxsus kuchlari guruhi ofitseri Eduard Benderkiyga bog‘liqlik joyi borligini aniqlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u suddan tashqari qatllar bilan shug‘ullanadi va Aleksey Navalniyning zaharlanishiga aloqador.

Vadim Krasikov ustidan sud 2020 yil 7 oktyabrda boshlanadi va 14 oy davom etadi. 2021 yil 15 dekabrda hukm — umrbod qamoq jazosi e’lon qilinadi. Hukm e’lon qilinganidan keyin Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok «davlat buyurmasi ostidagi qotillik» «Germaniya Federativ Respublikasi suvereniteti va german qonunchilik normalarining qo‘pol buzilishi» ekanini ta’kidlaydi. Shu bois Germaniya hukumati Rossiyaning mamlakatdagi ikki nafar diplomatini persona non grata deya e’lon qiladi.

Oradan yarim yil o‘tgach, 2022 yil iyulda Amerika matbuoti Kreml Rossiyada hibsga olingan AQSh fuqarosini Krasikovga almashishni talab qilayotgani haqida yozdi. Gap amerikalik basketbolchi Brittni Grayner haqida ketmoqda. Keyinroq u qurol savdosi uchun Qo‘shma Shtatlarda jazo o‘tayotgan Rossiya fuqarosi Viktor Butga almashiladi.

Ko‘proq yangiliklar: